
Braziliyaliklar PSJdan futbolchisini qaytarishni talab qilyapti
PSJ yaqinda Braziliyadan ikki futbolchini olib kelgandi. Parijliklar 20 yoshli Lukas Beraldo bilan shartnoma tuzilganini rasman e’lon qildi.
Biroq ikkinchi futbolchi – 18 yoshli Gabriel Moskardo bilan kelishuv imzolanmadi. Bunga yosh yulduzning tibbiy ko‘rikdan o‘tolmagani sabab bo‘ldi. Aniqlanishicha, Moskvardoning tizzasida jarohat bor, uni operatsiya qilish lozim. Tiklanish kamida uch oy vaqt oladi.
PSJ hali ham bu o‘yinchining transferi bo‘yicha bir qarorga kelmagani Moskardoning Braziliyadagi jamoasi “Korintians” rahbariyatini junbushga keltirmoqda.
Braziliyaliklar parijliklardan Moskardoni qaytarib berishni talab qilyapti. “Korintians” tayanch yarim himoyachisini 20 million evro evaziga PSJga qo‘yib yuborgan edi.
“Korintians”ning yangi prezidenti Augusto Melo PSJning siyosatidan norozi va klub tarbiyalanuvchisining transferi rasmiylashtirilmasa, tezda ortga qaytarishni talab qilyapti.
Fikrlar