Qiyin g‘alaba O‘zbekistonni nechanchi o‘ringa olib chiqdi?

  • 20 sentabr, 2024, 09:34
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Shaxmat
CHERY AUTO

Vengriyaning Budapesht shahri mezbonlik qilayotgan shaxmat olamining eng nufuzli musobaqasi hisoblangan 45-Butunjahon shaxmat Olimpiadasida O‘zbekiston erkaklar va xotin-qizlar terma jamoalari muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.

Tecno

Butun dunyodan 200 ga yaqin davlat terma jamoalar erkaklar va xotin-qizlar o‘rtasidagi bellashuvlarda g‘oliblik uchun kuch sinashyapti. Olimpiada ishtirokchilarining umumiy soni 630 nafar sportchini tashkil qilmoqda. Ulardan 246 nafar grossmeysterlardir.

Shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi sakkizinchi turda Serbiya vakillari bilan to‘qnash kelib, 2,5:1,5 hisobida juda qiyin g‘alabaga erishdi.

To‘rtta taxtadagi bahslardan uchtasida kuchlar teng keldi. Grossmeysterlarimizdan Nodirbek Yoqubboev, Javohir Sindorov va Shamsiddin Vohidov mos ravishda raqiblari Aleksek Sarana, Aleksandar Indjich, Velimir Ivich bilan ochko bo‘lishdi.

Birinchi taxtada o‘ynagan Nodirbek Abdusattorov Aleksandr Predkeni mot qilib, umumiy hisobdagi g‘alabani O‘zbekiston tomoniga burdi.

Bu g‘alabadan keyin shaxmatchilarimiz umumjamoalar hisobida ikkinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi. Keyingi o‘yin birinchi o‘rinda borayotgan Hindiston terma jamoasiga qarshi o‘tkaziladi.

Xotin-qizlar musobaqasida shaxmatchi qizlarimiz favoritlardan biri – AQSh terma jamoasiga qarshi dona surdi.

E’tiborli jihati, amerikaliklar safida birinchi taxtada o‘ynab kelgan o‘zbek qizi Gulruh Tohirjonova terma jamoamizga qarshi dona surmadi. Uning o‘rnini Karissa Yip egalladi.

Bu bahsda shaxmatimiz malikalari mag‘lubiyatni tan olishiga to‘g‘ri keldi. Afruza Hamdamova Karissa Yipga, Nilufar Yoqubboeva Irina Krushga, Umida Omonova Alise Liga imkoniyatni bor berdi.

Nodira Nodirjonova Anna Zatoniskiy bilan durang o‘ynadi. Umumiy hisob AQSh foydasiga –  0,5-3,5.

Mag‘lubiyatdan keyin terma jamoamiz qizlari musobaqa jadvalida 25-pog‘onaga tushib ketdi. Endi ular navbatdagi turda serbiyalik shaxmatchilarga qarshi dona suradi.

Eslatib o‘tamiz, musobaqa qoidasiga ko‘ra, har bir terma jamoa besh nafar shaxmatchilan tarkib topadi. Har turda ulardan to‘rt nafari dona suradi va bittasi zaxira o‘yinchisi vazifasini bajaradi. Musobaqa shveytsarcha tizimda 11 raunddan iborat bo‘ladi.  

Vaqt nazorati 40 ta yurish uchun 90 daqiqa, o‘yin tugashigacha 30 daqiqa qo‘shiladi, har bir yurish uchun birinchisidan boshlab +30 soniya beriladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!