"Qo‘qon-1912" Davron Fayzievga ehtirom ko‘rsatdi
O‘tgan mavsumni “Qo‘qon-1912” jamoasining murabbiylar shtabida o‘tkazgan tajribali murabbiy Davron Fayziev bu yilgi mavsumda “Buxoro” jamoasini boshqarishi barchangizga ma’lum. “Qo‘qon-1912” jamoasi Davron Oripovichni bandligi munosabati bilan hali xayrlasha olmagan edi. “Buxoro” jamoasining ayni kunlarda Farg‘onada ekanligidan foydalanib, kecha “Qo‘qon-1912” jamoasi Davron Fayziev bilan xayrlashuv marosimini o‘tkazdi.

Qo‘qon shahridagi qarorgohida Davron Fayziev sharafiga ziyofat uyushtirildi. Dasturxonga o‘zbek milliy taomi osh tortildi. “Shunqorlar” bosh murabbiyi Baxtiyor Ashurmatov marosimda so‘z olib, Davron Fayzievga klubda qilgan mehnatlari uchun rahbariyat, murabbiylar, futbolchilar hamda ishqibozlar nomidan minnatdorchilik bildirdilar. Davron Oripovichni “Buxoro” jamoasidagi faoliyatida ulkan zafarlar tilab, u kishiga zarbop to‘n hamda do‘ppi kiydirildi.

O‘z navbatida Davron Fayziev ham “Qo‘qon-1912” jamoasining ahil oilasi bilan birga ishlaganligidan faxrlanishini, bu jamoa uning qalbida doim saqlanishini hamda Superliganing yangi mavsumida “Qo‘qon-1912” jamoasiga muxlislik qilishini izhor qildi.
Barcha futbolchilar ham Davron Fayzievga yangi ish joyida ulkan muvaffaqiyat tilashdi, - deya xabar bermoqda, “Qo‘qon-1912” klubi matbuot xizmati.
Fikrlar