
"Qo‘qon-1912" yirik hisobda yutgan bo‘lsa-da, Baxtiyor Ashurmatovda ayrim futbolchilarga nisbatan e’tiroz bor, sababi...
O‘zbekiston Soca-Cola Kubogi 3-turida “Qo‘qon-1912” “Mash’al”ni 4:0 hisobida tor-mor keltirdi. O‘yindan keyin “Qo‘qon-1912” bosh murabbiyi Baxtiyor Ashurmatov matbuot anjumanida qatnashdi.
- Birinchi o‘rin vazifasini aniq qilib ulgurmaganimiz sababli bugun faqat g‘alaba uchun o‘ynashimiz haqida oldin aytgandim. “Mash’al” yaxshi shakllangan jamoa. Pro liga bo‘lishiga qaramasdan u erda yaxshi murabbiylar ishlayapti. O‘yinni qanday tashkil qilishni bilishadi. Tan olish kerak, birinchi bo‘limda jamoamiz ko‘z quvnaydigan darajada hamma ko‘rsatmalarni bajargan holda o‘ynadi. Ikkinchi bo‘lim bo‘yicha ayrim futbolchilarimizga e’tirozimiz bor. Ikkinchi bo‘limda nimaga bunday o‘yin namoyish qilishgani haqida hali gaplashib olamiz. Futbolchi maydonga tushganida bir taym emas, o‘yin oxirigacha hakamning oxirgi xushtagi chalingunicha munosib to‘p surishi kerak. Futbolni, muxlislarni hurmat qilish kerak. Balki natija ularni bo‘shashtirgandir. Chunki birinchi bo‘lim katta ustunligimiz ostida o‘tdi. O‘yinchilarimizni ham o‘zgartirdik. Birinchi bo‘limda yomon o‘ynaganliklari sababli emas, balki bo‘lajak AGMK bilan bahsga aniq tarkibni aniqlashtirib olib, jismoniy holatimizni me’yorda ushlab turishimiz lozim. “Mash’al” jamoasiga keyingi o‘yinlarda omad tilayman.
- “Paxtakor” Osiyo Chempionlar ligasida yaxshi o‘ynay olmayapti. Osiyo futbolida nufuzimizni oshirish uchun o‘zbek futbolida nimalarga e’tiborni oshirishimiz va nimalardan voz kechishimiz kerak?
- Murabbiy sifatida fikr bildirishim mumkin. “Nasaf” yoki “Paxtakor”ni tanqid qilish fikridan yiroqman. Ularda saviyali murabbiylar ishlashyapti. “Nasaf” o‘z o‘yini bilan baribir yaxshi taassurot qoldiryapti. Keyingi uchrashuvlarda ikkala klubimizga omad tilayman. Xalqaro maydonda O‘zbekiston nomidan qatnashishyapti. Gapning ochig‘i, o‘zgarishlar qilish kerak. Yoshlar futboli ko‘p gapirilgan mavzu. Ammo oxirigacha olib borilmaydi. Bu yo‘nalishda ancha o‘zgarishlar bo‘lyapti, O‘FA rahbariyati harakat qilyapti. Bu o‘z mevasini beradi. Oldinlari yarim finalgacha chiqilardi. Yaponiya va Koreya klublariga “Paxtakor” va “Bunyodkor” bemalol raqobat tug‘dira olardi. Afsuski, hozir guruhdan chiqish vazifasi ham muammo bo‘lib qolyapti. O‘ylaymanki, bu vaqtinchalik holat. “Paxtakor” yaxshi shakllangan, balki legioner tanlashda biroz adashishgandir. Larin ham, Xadjiev ham yaxshi saviyada o‘yin ko‘rsatishmayapti. Asosiy muammosi himoyada deb o‘ylayman. Baribir “Nasaf” ham, “Paxtakor” ham o‘z oldiga qo‘yilgan vazifani bajarishi mumkin.
Fikrlar