
Qo‘qon nafaqat sport, balki hunarmandchilik markazihamdir
Qadimiy maskanda bugun bayram shukuhi hukmron. Ko‘chalar, xiyobonlar bayramona bezatilgan. Xalqaro miqyosdagi mazkur tadbirning Qo‘qon shahrida o‘tkazilayotgani bejiz emas. Chunki ushbu shahar qadim-qadimdan hunarmandchilik rivojlangan madaniy markazlardan biri bo‘lib kelgan. Bu erda hunarmandchilik va xalq amaliy san’atining turli yo‘nalishlari yuksak darajada taraqqiy etgan. Ustoz-shogird an’analari, hunarmandlarning oilaviy sulolalari uning sir-asrorlarini ajdodlardan avlodlarga etkazib kelmoqda. Bugungi kunda ham Qo‘qon shahrida hunarmandchilik an’analari izchil rivojlanmoqda. Xususan, yog‘och o‘ymakorligi, qog‘ozgarlik, chilangarlik, zargarlik kabi ko‘plab turlari ravnaq topmoqda.
Shu o‘rinda yana bir narsani alohida ta’kidlash lozimki, Qo‘qon o‘zbek futbolining beshagi. Aynan shu shaharda 1912 yil ilk futbol jamoasi tashkil etilgani bunga yaqqol isbot bo‘la oladi. Keyinchalik bu yurtdan ko‘plab mashhur futbolchilar, murabbiylar etishib chiqdi. Baxtiyor Ashurmatov, No‘mon Hasanov, Muhtor Qurbonovlar shular jumlasidandir.
Bundan tashqari Qo‘qonda kuchli boks maktabiga ham asos solingani ahamiyatga moliqdir. Elshod Rasulov, O‘ktam Rahmonov, Bahodir Mamajonov kabi mashhur bokschilar yurtimiz sharafini munosib himoya qilishmoqda va ayrimlari yosh bokschilarga charm qo‘lqop sirlarini o‘rgatishmoqda. Umid qilamizki, kelajakda ham bu zamindan buyuk bokschilar etishib chiqadi.
Sportchilar yurti deya e’tirof etilayotgan Qo‘qonda o‘tkazilayotgan ushbu festivalda respublikamizning 153 tumanidan hunarmandchilikning 34 yo‘nalishi bo‘yicha 1 ming 116 hunarmand va 87 tashkilotchi ishtirok etmoqda. Festivalda 78 davlatdan hunarmandchilikning 29 yo‘nalishi bo‘yicha 191 xorijlik hunarmand qatnashmoqda. Shuningdek, faxriy mehmon sifatida 38 yuqori martabali xorijlik davlat arboblari va olimlar ishtirok etmoqda. Festival doirasida “Hunarmandchilik va xalq amaliy san’atini rivojlantirish istiqbollari“ mavzusida ilmiy-amaliy konferentsiya ham o‘tkazilyapti. Unda 24 davlatdan 28 xorijlik va o‘zbekistonlik 6 olim ishtirok etmoqda.
Festival tadbirlarini mahalliy ommaviy axborot vositalarining 400 dan ortiq vakili va 22 xorijiy jurnalist yoritib boryapti.
Fikrlar