Qozog‘istondagi legionerimiz: "Katta ehtimol bilan qolaman"

  • 31 dekabr, 2024, 15:47
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

2024 yilni Qozog‘istonning “Qaysar” klubida o‘tkazgan hamyurtimiz Shoxnazar Norbekov u erda o‘zidan yaxshi taassurot qoldirdi.

30 yoshli yarim himoyachi “Qaysar” safida bu yil uchta musobaqada jami 26 ta o‘yinda maydonga tushdi. 1 ta gol urdi va 4 ta golli pasni berdi.

Hozirda qishki ta’tilda bo‘lib turgan futbolchi Sports.uz uchun intervyu berdi.

- Shoxnazar, avvalo yakuniga etgan 2024 yil siz uchun qanday o‘tdiya? Dastlab shu haqida to‘xtalib o‘tsangiz?

- Barchani yangi 2025 yil bilan tabriklayman. Mavsumni yaxshi o‘tkazdik. Yomon bo‘lmadi. Baribir bu yangi chempionat, yangi muhit. Shuning uchun bo‘lsa kerak, boshida biroz qiynaldim. Keyin ancha o‘rganib qoldim. Yaxshi, Qozog‘istonda o‘ynaganimdan ko‘nglim to‘ldi.

- Viktor Kumikov boshchiligida "Qaysar" sharafini himoya qildingiz. Oldin ushbu murabbiy bilan birga ishlagansiz. Balyutovich sizga ko‘proq nimasi bilan yoqadi?

- Oldingi Balyutovich bilan hozirgi Balyutovichni katta farqi bor. Avval biroz “agressiv” edi. Boshqacha yo‘nalish bilan ishlardi. Hozir esa boshqacha inson va boshqacha murabbiyga aylandi. Lekin maydondagi talabi o‘sha-o‘sha. U nimasi bilan yoqadi? Eng asosiysi, Kumikov haqqoniy inson. Nima bo‘lsa ham o‘zi kelib yuzingizga aytadi.  

- "Qaysar" oldiga qo‘yilgan vazifani qanchalik bajardi?

- Yaxshi deyish mumkin. Bundan yaxshirog‘ini ham bajarsak bo‘lardi. “Qaysar” byudjet tomonlama o‘rtamiyona jamoa. Agar byudjeti yanada yaxshiroq bo‘lganida shu tarkib bilan uchtalikka kirsak bo‘lardi. Chunki birinchi davradan keyin imkoniyatimiz ham bor edi va yaxshigina ochko jamg‘arib qo‘ygandik. Ikkinchi davrada yana biroz qo‘llab-quvvatlov bo‘lganida mavsumni kuchli uchtalikda yakunlagan bo‘lardik.  

- Klub bilan tuzgan shartnomangiz yakunlandi. Keyingi rejangiz qanday? "Qaysar"da qolmoqchimisiz yoki...

- Hozircha aniq emas. 7 yanvarda yig‘in boshlanadi va u erga boraman. Bu ish bilan shug‘ullanadigan odamlar bor. Hozircha “Qaysar”daman.

- Qozog‘iston chempionatida sizdan tashqari Yo‘ldoshev, Yaxshiboev, Umarov kabi legionerlarimiz ham to‘p surishdi. Ular bilan gaplashib turdingizmi? Umuman, qozog‘istonlik muxlislarning legionerlarimizga munosabati qanday?

- O‘yinlar paytida ko‘rishib, gaplashib turdik. Umarov bilan anchadan beri qalinmiz. Chimkentda 10 kun yig‘in o‘tkazgandik. O‘sha 10 kun mobaynida Umarov bilan birga bo‘ldik. Jasur bilan salom-aligimiz bor. Ibrohimxalil bilan ham o‘yinlar chog‘ida ko‘rishib turdik. Shahboz Umarovni Olmaliqda o‘zim katta qilganman. Legionerlarga munosabat zo‘r. U erda legionerlar uchun limit yo‘q. Qozog‘iston bilan O‘zbekiston mentaliteti deyarli bir xil. Odamlarini dunyoqarishi ham bir xil. Bu borada muammo bo‘lmaydi. Balki Evropa yoki boshqa joydan legionerlar kelsa qiyinroq bo‘lishi mumkin. Mahalliy yigitlar bilan ham yaxshi kirishib ketdik. Muxlislarni ham munosabati zo‘r.

- Umuman olganda, sizga qanday variantlar tushmoqda?

- Hali hech kim bilan gaplashganim yo‘q. Bir-ikkita do‘stlarim qo‘ng‘iroq qilib nima qilasiz, deb so‘rab turishdi. Ammo klublardan hali rasmiy taklif bo‘lmadi. Katta ehtimol bilan Qozog‘istonda qolaman. Kelishimdan avval Viktor Kumikov qolasanmi deganida, qolaman deb javob bergandim.

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!