Quvondiq Ro‘ziev nima uchun "Neftchi"ni tanlagani, Malayziyadan ketib qolishi va yangi rejalari haqida

  • 18 iyul, 2024, 16:23
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Xabaringiz bo‘lsa kerak, kecha Quvondiq Ro‘ziev rasman “Neftchi” a’zosiga aylandi. Malayziya chempionatidan qaytib kelgan legionerimiz yana Superligada o‘ynaydi va endi bor e’tiborini yangi klubiga qaratadi. Sports.uz jurnalisti Quvondiq bilan suhbatlashdi.

- Quvondiq, takliflar orasidan "Neftchi"ni tanlashingiz nima bilan bog‘liq edi?

- O‘tgan yili Malayziyaga ketishimdan oldin ham “Neftchi” menga taklif bilan chiqqandi. Afsuski, o‘shanda o‘xshamagandi, Malayziya klubini tanlagandim. Bu yil ikkinchi davra boshida yana taklif bilan chiqishdi. Bunda asosiy rolni Nosir aka Otaqo‘ziev bajardi. U inson bilan juda yaxshi aloqadaman. Chunki oldin Nosir aka bilan Qo‘qonda birga o‘ynagandik. Imkoniyatlarimni yaxshi bilishini va jamoaga yordam bera olishim mumkinligini aytdi. Shu sababli “Neftchi”ga o‘tishga qaror qildim.

- Ro‘ziev Malayziyaga borib kelganidan so‘ng qanchalik o‘zgardi?

- Futbolchi sifatida bilmadim, ammo inson sifatida o‘sdim, deb o‘ylayman. Baribir musofir yurt, begona shahar, odamlari ham boshqacha mentalitetda. Baribir hech narsa o‘z yurtingizga etmaydi. Ota-onangiz, oila-a’zolaringiz, farzandlaringizni qadriga ko‘proq etasiz.

- Sizda Malayziyada qolish uchun hech qanday imkoniyat qolmaganmidi?

- Xudoga shukr, Malayziya chempionatidagi faoliyatim qoniqarli darajada bo‘ldi. “Shri Paxang” bilan shartnomamni bekor qilganimdan so‘ng Malayziya Superligasini boshqa klubidan aniq taklif kelib tushdi. Lekin “Neftchi”ni tanladim.

- Eshitishimcha, “Shri Paxang”ni sizdan qarzi bor. Bu masala hal bo‘ldimi?

- Bu masalani jamoa bilan kelishib do‘stona hal qildik. Hozirda hech qanaqa muammo yo‘q.

- “Neftchi”da 30-raqamni oldingiz. Bu sizga nimanidir bildiradimi?

- Yo‘q, bu raqam hech narsani bildirmaydi. Shunchaki, ikkinchi davrada bo‘sh raqamlar juda kam bo‘ladi. Shunchaki, 30-raqam bo‘shligi uchun shuni tanladim.

- Shartnoma muddati qachongacha?

- Bir yarim yilga mo‘ljallangan.

- Bu klub bilan bu mavsumda nimaga erishmoqchisiz?

- Jamoada mahoratli futbolchilar yig‘ilgan. Juda yuqori salohiyatga ega o‘yinchilar jamlanishgan. Har bir futbolchining orzusi muxlislari oldida yuzi yorug‘ bo‘lishini istaydi va har bir uchrashuvda g‘alaba qozonish istagida bo‘ladi. Maqsadim yuqori o‘rinlarga harakat qilish.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!