"Rad eta olmaydigan taklif berishdi". Legionerimiz endi o‘z chempionatining eng zo‘r jamoasida yoxud barchasi qanday yuz berdi?

  • 9 oktabr, 2022, 09:30
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘tgan yildan beri Bangladesh chempionatida faoliyat olib borayotgan hamyurtimiz Asror G‘ofurov klubini o‘zgartirishga qaror qildi. Bunga qadar u mahalliy “Saif Sporting” klubida to‘p surdi.

O‘z o‘yinlari bilan mahalliy muxlis va mutaxassislarning e’tiborini qozondi. Natijada unga mamlakatning eng kuchli klubi – “Bashundxara Kings” klubidan jiddiy taklif bo‘ldi.

G‘ofurov esa ushbu chorlovni qabul qildi. Barcha rasmiyatchiliklar hal bo‘lgach, futbolchi Sports.uz sayti uchun barchasi qanday ro‘y bergani haqida gapirdi.

Klubini o‘zgartirgani haqida

- Jamoamni o‘zgartirishimga sabab, “Saif Sporting” bilan shartnomam tugadi. Ushbu bitim tugashidan oldinroq menga taklif bo‘ldi. “Bashundxara Kings” Bangladeshning eng zo‘r klubi. Chempion jamoa safiga o‘tdim. Yaxshi taklif bo‘ldi. Rad eta olmaydigan taklif berishdi. Shuning uchun ham klubni o‘zgartirdim.

Superligamizdan taklif bo‘ldimi?

- O‘zimizdan hech qanaqa taklif bo‘lgani yo‘q. Hozir chempionat davom etyapti. To‘g‘risini aytsam, Superligamizga qaytish ayni paytda rejamda yo‘q edi. Chunki Bangladeshdan aniq va jiddiy taklif turgandi. Ha, menga yana boshqa mamlakatlardan chaqiruvlar bo‘ldi. Ammo men bu paytga kelib Bangladesh klubi bilan shartnoma tuzib bo‘lgandim.

asror1_1

Bizdagi jamoalar bilan taqqoslaganda

- To‘g‘ri, “Bashundxara Kings” Bangladeshning eng yaxshi jamoasi. Oxirgi uch yildan beri chempion bo‘lib kelyapti. O‘zimizdagi klublar bilan solishtirsam, futbol muhiti va o‘yinchilar sifati bo‘yicha taqqoslamoqchi emasman. Buni o‘zingiz ham yaxshi bilasiz. Biroq moliyaviy jihatdan, professionalizm va tashkilotchilik tarafidan ancha-muncha jamoalarimizdan yaxshiroq. Oylik maoshlar vaqtida, legionerlarga juda yaxshi sharoitlar yaratiladi. Stadion, baza kabi masalalarda ham Superligamizdagi ancha-muncha klublardan ustun deb o‘ylayman. Albatta, “Paxtakor”, “Nasaf” singari o‘ziga to‘q klublar bilan solishtirmoqchi emasman. Ammo pastki o‘rindagi jamoalarning bir nechtasidan yaxshiroq.

Oylik maosh qancha?

- O‘zimning ish haqim to‘g‘risida hech nima deya olmayman. Bu narsa bizda sir tutiladi. Albatta, O‘zbekiston bilan solishtirganda farqi bor. Bilasiz, o‘zimizni chempionatda men “Paxtakor”, “Nasaf” yoki boshqa kuchli klubda o‘ynamadim. Bangladeshda legioner sifatida o‘ynayapman. Baribir legionerlarga ko‘proq haq to‘lanadi. Bizdagi muammolardan biri kelishilgan shartnoma bo‘yicha maoshlar vaqtida berilmaydi. Mana shu kamchilikni hisobga olmaganda, men ko‘rgan ligalar orasida baribir o‘zbek chempionatini eng yaxshisi deb hisoblayman.

asror2_2

Bangladeshda futbolchi sifatida qanday o‘smoqchi?

- To‘g‘ri aytasiz, Bangladeshda o‘ynab tajriba oshirishingiz qiyinroq. Lekin o‘zingizdagi bor tajriba va mahoratni ishga solib, o‘sha tempni pasaytirmaslik uchun harakat qilinadi. O‘yiningiz pasayadimi yoki kuchayadimi, O‘zbekistonda o‘ynaysizmi yo Bangladeshdami, qaerda bo‘lsangiz ham baribir birinchi navbatda moliyaviy holatga e’tibor qaratiladi. Biz futbolchimiz. Futbolni 20-30 yil emas, balki 10-15 yil o‘ynaymiz. O‘sha muddat ichida o‘zimizni moliyaviy tarafdan barqarorlashtirib olishga harakat qilamiz. Albatta, o‘yinimiz pasayishi havotirga solmasligi uchun ko‘proq kurashamiz.

Futbolchimizga o‘zi kutmagan qanday sharoitlar yaratilgan?

- Yangi klubim bilan bir yillik shartnoma tuzdim. O‘zim kutmagan qanday sharoitlar yaratib bergan? “Saif Sporting” ajratgan uydan ko‘ra, bu erda kattaroq uy berishgan. Menga alohida haydovchi ajratilgan. Qaerga xohlasam o‘sha erga olib borib keladi. Uyimga alohida xizmatchi ham berilgan. Xullas, oldingi klubimdan yaxshiroq.

asror3

Yangi reja va maqsadlar

- Yangi mavsum 10 noyabrdan keyin boshlanadi. Mashg‘ulotlarga kirishganmiz. Bangladeshda uchta Kubok va bitta chempionat o‘tkaziladi. Biz barcha turnirlarda muvaffaqiyatli qatnashib, g‘olib chiqmoqchimiz. Shuningdek, jamoamiz Osiyo Chempionlar ligasi pley-offida o‘ynaydi. Agar yutsak, guruh bosqichiga chiqamiz. Osiyo Chempionlar ligasi yoki OFK Kubogida ishtirok etadigan bo‘lsak, iloji boricha uzoqroqqa borishga harakat qilamiz.

Nega yana 77-raqam?

- Ha, men yangi klubimda ham 77-raqamni oldim. Anchadan beri shu raqam ostida o‘ynab kelyapman. O‘zbekistonda ham shunda to‘p surganman. To‘g‘risini aytsam. bu o‘zimga yoqadigan raqam. Boshqa sababi yo‘q, faqat menga yoqqani uchun doim shu raqamni tanlab kelaman.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!