
Ramos, Messi, Xoland… 2021 yilda amalga oshishi kutilayotgan “bomba” transferlar
David Alaba «Bavariya» bilan o‘rtadagi shartnomasini uzaytigani yo‘q. Oqibatda, myunxenliklar uning o‘rnini to‘ldirish maqsadida Dayot Upamekanoni tarkibga qo‘shib oldi. Himoyachi tez orada futbol tarixidagi eng qimmat erkin agentga aylanadi. Bundan Evropaning bir nechta grand jamoalari unumli foydalanish niyatida. Xo‘sh, yozda yana qanday katta transferlar amalga oshishi mumkin? Bugun shu haqida atroflicha fikr yuritamiz.
Serxio Ramos – «Real»dan «Manchester Siti» yoki PSJga
Florentino Peres yoshi 30 dan oshgan futbolchilarga ulkan maosh bermasligiga o‘rganib qolganmiz. Klub prezidenti Ramos bilan klub uchun og‘irlik qiladigan shartnoma imzolashdan ko‘ra, David Alabani Madridga olib kelishni afzal ko‘radi. Aslida, Ramos uchun eng qulayi Madridda qolish, ammo qahramonimiz klub talablari asosidagi kontraktga qo‘l qo‘ymoqchi emas. Hozirda, uni qo‘lga kiritishga qodir moliyaviy imkoniyati bor ikki klub bor xolos. Biri Parij jamoasi bo‘lsa, ikkinchisi «Etihad» egallari sanaladi. Pep Gvardiola jamoasida Ramosning paydo bo‘lishi ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otishi aniq. Pochettinoga ham tajribali «jangchi» katta foyda beradi. Shunday ekan, Serxio yozda «Real»ni yangi sarguzashtlar ilinjida tark etishi ham hech gap emas.
Janluiji Donnarumma – «Milan»dan «Yuventus»ga
22 yoshli darvozabon yozda erkin agent maqomini qo‘lga kiritadi. «Rossonerilar» qanchalar istamasin sayyoramizning eng kuchli kipperini tarkibida olib qolishga qodir emas. Gap shundaki, Donnarumma «Milan» bilan yaqin orada hatto mamlakat chempionligini ham qo‘lga kiritmasligini tushunib turibdi. Agar hozir shartnomani uzaytirsa, transfer summasi 100 million evroga teng bo‘lishi aniq. Shu bois, «rossonerilar» bilan yangi kontrakt borasida muzokaralar olib bormayapti. «Yuventus» esa, kamida 10-15 yil davomida ishonchli futbol namoyish etishga qodir yangi darvozabon izlamoqda. Buffonning o‘rnini bosishga hozir «Milan» posbonidan boshqa nomzod yo‘q.
Jeydon Sancho – «Borussiya»dan «Manchester Yunayted»ga
Bu transfer o‘tgan yili amalga oshishi mumkin edi, biroq Dortmund klubi 120 milliondan kamiga o‘z tineyjerini qo‘yib yuborgisi kelmadi. Bu voqea Sanchoning sport formasiga ta’sir ko‘rsatdi, ammo ko‘p o‘tmay, Jeydon yana yuqori tempni ushlab oldi. «Qizil iblislar» ingliz futbolchisini qo‘lga kiritgach, uning do‘sti – Erling Xolandni ham Manchesterga olib kelishni rejalashtirmoqda. Nemis nashrlarining ma’lum qilishicha, Jeydonni qo‘lga kiritish uchun «qizil iblislar» 80-90 million evro atrofida sarflashga qaror qilgan.
Lionel Messi – «Barselona»dan «Manchester Siti» yoki PSJga
Laporta klub prezidenti etib saylangan bo‘lsa-da, Messining klubdan ketishi haqiqatga yaqin. Ayni damda, argentinalikni qo‘lga kiritish faqat arab shayxlarining qo‘lidan keladi. Pep Gvardiola bilan yana birga ishlash yoqimli, biroq Messining oilasi Angliyada istiqomat qilishni istamayapti. Parij barcha uchun ideal variant. PSJ Messi uchun klubda ajoyib atmosfera hosil qilishi mumkin. Di Mariya, Pochettino, Parades va Neymar uni quchoq ochib kutib olishi aniq. Boz ustiga, Parij jamoasi EChLda «Barselona»ga qarshi o‘yinda qudratini ko‘rsatib qo‘ydi. Shunday ekan, Messini Kataloniyada olib qolish oson bo‘lmaydi.
Krishtianu Ronaldu – «Yuventus»dan «Real» yoki «Manchester Yunayted»ga
Yozda nafaqat Leo, balki Krish ham yangi jamoa libosida ko‘rinish berishi mumkin. Portugaliyalik futbolchi «Yuventus» bilan EChL taxtiga chiqa olmadi. Pirlo klub tepasiga kelgach, buning imkoni yo‘qligini anglab etdi. Turin klubi ham omadsiz davom etayotgan mavsumdan so‘ng, o‘z proektini qayta ishga tushirish uchun o‘zgarishlarga qo‘l uradi. Ronalduni hozir «Real» yoki «Manchester Yunayted» qabul qilishga tayyor. Futbolchi o‘zining eng zo‘r yillarini aynan shu klublarda o‘tkazgan desak, adashmagan bo‘lamiz.
Kilian Mbappe – PSJdan «Real» yoki «Liverpul»ga
Amaldagi JCh g‘olibi atayin Parij jamoasi taklif etayotgan super shartnomadan voz kechmoqda. U Madridda o‘z faoliyatining yangi qismiga start berish niyatida. Uni Zidan anchadan beri kutmoqda. Futbolchining o‘zi kuchliroq ligada to‘p surish niyatida ekanligini hisobga olsak, Mbappeni Parijda uzoq ushlab qolish imkonsiz. Yaqinlashib kelayotgan yozda yoki uzog‘i bilan 2022 yilda u jamoani tark etadi. So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, «Liverpul» ham frantsuzga qiziqib qolgan. «Mersisaydliklar» aynan Kilianni Muhammad Salohning o‘rnini egallashidan umidvor.
Erling Xoland – «Borusiya»dan birorta grand jamoaga
Aynan Xoland va Mbappe davri boshlanayotganini darrov anglagan bo‘lsangiz kerak. Mbappe singari Erling ham o‘z kelajagini belgilab beruvchi eng muhim davrni boshidan o‘tkazmoqda. Norvegiyalik hujumchini o‘z safida ko‘rish barcha jamoalarning orzusiga aylanib bo‘ldi. Hozirda, «Manchester Yunayted», «Yuventus», «Barselona», «Real Madrid» va boshqa jamoalar Erling bilan muzokaralar o‘tkazishga tayyor. U qaysi jamoaga o‘tishi hozircha noma’lum, biroq Dortmundda uzoq qolmasligi aniq.
Fikrlar