Rasman! "Dinamo" o‘zining eng yaxshi futbolchisini ortga qaytardi
«Dinamo» rahbariyati Belarus chempionati etakchilaridan biri hisoblangan «Energetik-BGU» bilan o‘zbekistonlik yarim himoyachi Shohrux Abdurahmonovni yarim yillik ijaraga olish borasida kelishuvga erishdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar tarqatmoqda.
O‘z navbatida 23 yoshli futbolchi ham Samarqandga qaytib, "Dinamo"ga mavsumning ikkinchi qismida yordam berishga qaror qilgan. Klub va Shohrux Abdurahmonov o‘rtasida mavsum yakuniga qadar shartnoma imzolandi va u bugun, 29 iyul kunidan «Dinamo»ning Toshkentdagi yig‘iniga qo‘shildi.
2019 yil «Dinamo» safida 19 yoshida Superligada debyut qilgan Shohrux Abdurahmonov uch yil davomida samarqandliklar sharafini munosib himoya qilib, 2021 yil klubning Pro ligadan elitaga qaytishiga katta hissa qo‘shib, mavsum yakunida muxlislar tomonidan «Dinamo»ning 2021 yilgi eng yaxshi o‘yinchisi» deb topilgandi. Shundan so‘ng u legioner bo‘lishga qaror qilib, «Energetik-BGU» safiga o‘tgandi.
Ma’lumot uchun, Abdurahmonov joriy mavsum «Energetik-BGU» safida Belarus chempionatida barcha 13 o‘yinda maydonga tushib, 1 ta gol va 4ta assistga mualliflik qilgan.



Fikrlar