
Rasman! O‘zbek bokschisining WBC kamari uchun qachon va qaerda jang qilishi ma’lum bo‘ldi
Professional boksning birinchi o‘rta vazn toifasida (69, 853 kg) o‘z janglarini o‘tkazib kelayotgan yosh hamyurtimiz Ravshan Maxammatjonov (10-0,7 KO) yoshlar o‘rtasidagi WBC jahon chempionlik kamari uchun jang qilishi mumkin ekanligi, uning raqibi ukrainalik Vladimir Gordienko (8-1,3 KO) bo‘lishi kutilayotganligi haqida xabar bergan edik.
Voqealar rivoji kutilganidek ko‘rinish olib, rasman ushbu jangga buyruq berildi. Hamyurtimiz va ukrain bokschisining qarama-qarshiligi 4 sentyabr kuni Moskva shahrida "Shamo Boxing Promotions" tomonidan tashkil etiladigan, boks kechasida bo‘lib o‘tadi. Bu borada bizga “Oqtepa” boks klubi va yosh bokschimizning murabbiyi Zufar Sulaymonov ma’lum qildi.
“Rasman ushbu jang sanasi va joyi ma’lum bo‘ldi. 4 sentyabr kuni Moskva shahrida bizni juda mas’uliyatli jang kutib turibdi. Albatta, bu jangga imkon qadar tayyorgarlik olib borishga harakat qilamiz. Sparring janglar va shu tarzdagi mashg‘ulotlarga karantin holati biroz yumshaganidan so‘ng kirishamiz. Sparring mashg‘ulotlarda yurtimizdagi ko‘zga ko‘ringan bokschilar bilan ishlaymiz. Bu borada ular bilan gaplashib ulgurganmiz. O‘ylaymanki, muxlislar qo‘llab-quvvatlab, duoda bo‘lib tursalar, mazkur titulni yurtimizga olib kelamiz”,- dedi murabbiy Zufar Sulaymonov.
Fikrlar