
Ravshanbek Umurzaqov mag‘lubiyatni qanday izohladi?
Xabaringiz bor, kecha Rossiyaning Ekaterinburg shahrida RCC promouterlik kompaniyasi tomonidan professional boks oqshomi o‘tkazildi. Ushbu kechada engil vazn (61,2 kg) toifasida faoliyat yuritadigan Ravshanbek Umurzaqov (12-2, 7 KO) ham ringga ko‘tarildi.
U mag‘lubiyat bilmay kelayotgan ukrainalik Zoravor Petrosyanga(10-0,4 KO) qarshi jang olib bordi. 8 raund qilib belgilangan ushbu jang to‘liq davom etdi va hakamlarning qaroriga ko‘ra, g‘alaba ukrainalik charmqo‘lqop ustasiga taqdim etildi. Shunday qilib, Ravshanbek ikkinchi mag‘lubiyatini qabul qilib oldi.
Biz ushbu jang borasida Ravshanbekning fikrlariga quloq tutdik.
- Mag‘lubiyat bilan o‘zimni oqlash niyatida emasman. Barcha e’tiborim, bir zarba bilan jangni yakunlashga qaratilib qoldi. Maqsadim avvalgi mag‘lubiyatdan keyin chiroyli tarzda g‘alaba qozonish edi. Bitta kuchli zarbani yo‘llashni va o‘sha imkoniyatni kutishim yakunda, xato bo‘lib chiqdi. Buning uchun meni qo‘llab-quvvatlagan barcha muxlislardan uzr so‘rayman. Barchasi Yaratgandan va o‘zimning harakatimga bog‘liq. Ketma-ket mag‘lubiyatlar meni sindira olmaydi. Chunki, aytib o‘tganim kabi g‘alaba ham mag‘lubiyat ham Allohdan. Bu mag‘lubiyatlardan kerakli xulosani chiqara olaman va kuchli bo‘lib qaytaman!
Fikrlar