“Real” Anchelotti kafil bo‘lgan futbolchidan baribir voz kechadi
“Real” rahbariyati anchadan beri Ferlan Mendini sotib yuborishni mo‘ljallab keladi. Lekin bosh murabbiy Karlo Anchelotti 29 yoshli himoyachini bir necha marta jamoada olib qoldi. Hatto klubni frantsiyalik o‘yinchi bilan shartnomani 2027 yilning yozigacha uzaytirishga ko‘ndirdi.
Biroq, italiyalik mutaxassisning kafil bo‘lgani vaziyatni o‘zgartirgani yo‘q. Mendi o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlay olmayapti.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, keyingi paytda Mandining himoyaviy o‘yin uslubida pasayish davom etmoqda. Ayniqsa, joriy mavsumda “Liverpul”, “Lill” va “Barselona”ga qarshi o‘tkazilgan muhim uchrashuvlarda raqiblar Ferlan Mendilan osonlikcha o‘tib ketdi, uning xatolari natijaga ta’sir qildi. Qolaversa, Ferlan Mendi ichki raqobatda Fran Garsiyaga bas kelolmayapti va tarkibdagi o‘rnini sekin-asta yo‘qotmoqda.
“Real” rahbariyati agar Mendi mavsum oxiriga qadar o‘z o‘yinida ijobiy tomonga jiddiy o‘zgarishlar qilmasa, yozda uni transferga qo‘yish masalasini ko‘taradi.



Fikrlar