
"Real" rahbariyati Eriksenni, Zidan esa Pogbani xohlamoqda
“Real” klubi rahbariyati va bosh murabbiy Zinedin Zidan yozgi transferlar davrida jamoaning markaziy chizig‘ini kuchaytirish masalasida bir to‘xtamga kela olishmayapti.
AS nashrining xabar berishicha frantsiyalik mutaxassis ushbu joyga «Manchester Yunayted»dagi hamyurti Pol Pogbani olib kelmoqchi. Biroq, rahbariyat bu masalada «Tottenxem» xavbeki Kristian Eriksen nomzodini ilgari surmoqda.
Klub prezidenti Florentino Peres nega aynan daniyalik futbolchini tanlayotganiga etarlicha sabablar bor. Masalan, Eriksenning “shporlar” bilan amaldagi shartnomasi yana bir yildan so‘ng nihoyasiga etadi va shu sababli ham uni nisbatan arzonroqqa sotib olish mumkin. Bundan tashqari ular futbolchining o‘z ishiga professional yondashuvini ham inobatga olishmoqda.
Pogba esa ham qimmat, ham mojarolar keltirib chiqaradigan futbolchi hisoblanadi. “Manchester Yunayted” uni 150 mln evroga baholamoqda.
O‘z navbatida “Tottenxem” esa Eriksenni 70 mln evro evaziga qo‘yib yuborishga tayyor.
Fikrlar