“Real” va “Siti” nishoniga tushgan yulduz chempion jamoaga shart qo‘ya boshladi

  • 08.02.2026 12:15
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol

Angliyaning amaldagi chempioni “Liverpul” yarim himoyachisi Dominik Soboslay oʻziga ikki grand – “Manchester Siti” va “Real” jiddiy qiziqayotganidan xabar topganidan keyin mersisaydliklarga bosim oʻtkaza boshladi.

Vengriyalik futbolchi bu qiziqishlar fonida “Liverpul”dan maoshini kamida ikki baravar oshirishni talab qilmoqda.

Vengriyaning Blikk nashri yozishicha, hozirda 25 yoshli futbolchi haftasiga taxminan 120-150 ming funt maosh oladi, biroq Dominik bu summani taxminan 300 ming funtgacha oshirishni istayapti.

“Liverpul” jamoa yetakchilaridan biriga aylangan Soboslayni tarkibda ushlab qolmoqchi va oʻyinchining agentlari bilan muzokaralar davom etmoqda.

Soboslay oʻtgan yili jamoaga qoʻshilgan, haftasiga 200 ming va 280 ming funt maosh olayotgan Florian Virts hamda Aleksander Isakdan koʻra yaxshiroq oʻynaganini taʼkidlab, oʻzini maosh oshirilishiga loyiq, deb hisoblaydi.

Shuningdek, vengriyalik futbolchi “Liverpul”da eng koʻp maosh oluvchi oʻyinchilar – Muhammad Saloh va Virjil van Deyk darajasiga yaqinlashishni xohlaydi. Saloh bir haftada taxminan 400 ming funt, van Deyk esa 350 ming funt topadi.

Dominik Soboslayning “Liverpul” bilan shartnomasi 2028 yilnin yozigacha amal qiladi, shu bois hozircha klubda uni zudlik bilan uzaytirish zarurati yoʻq. Shunga qaramay, futbolchiga “Real” va “Manchester Siti” qiziqayotgani muzokaralar jarayonini tezlashtirishga turtki boʻlmoqda.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!