"Real" Vinisiusning aytganini qilmasa pulsiz qoladi
Diario AS nashrining yozishicha, Vinisius Junior kelayotgan mavsumda ham "Real" sharafini himoya qilishda davom etadi.
Manba ma'lumotiga ko‘ra, braziliyalik hujumchi kelasi mavsumni qanday sharoitda bo‘lmasin Madrid klubida o‘tkazishga qaror qilgan. U shartnoma uzaytiriladimi-yo‘qmi, baribir "Real"da qolish niyatida. Agar yangi kelishuv borasidagi muzokaralar samara bermasa, Vinisius klubni erkin agent sifatida tark etishga ham tayyor.
Xabarda ta'kidlanishicha, futbolchi muzokaralarda o‘zini ishonchli his qilmoqda va mavqeidan mamnun. Gap shundaki, tomonlar ancha vaqtdan beri bir to‘xtamga kela olmayapti. Vinisius jamoada eng katta maosh olmoqchi. "Real" esa, uning shartlariga ko‘nmayapti.
Eslatib o‘tamiz, Vinisius Junior 2018 yildan beri "Real" safida to‘p surib kelmoqda. Uning amaldagi shartnomasi 2027 yilning yozigacha mo‘ljallangan.

Fikrlar