"Real"dagi real muammolar: Peres Ramosga qarshi

  • 8 mart, 2019, 00:12
  • 0
  • Futbol
TIGGO 2 PRO

Ispaniyaning As nashri EChL 1/8 final bosqichi doirasida "Ayaks"ga qarshi kechgan javob uchrashuvi (1:4)dan so‘ng "Real" echinish xonasida kelishmovchiliklar kelib chiqqanini ma’lum qildi.

O‘yin yakunlangach diskvalifikatsiya bois ushbu bellashuvni o‘tkazib yuborib, uni muxlislar qatorida ko‘rgan Serxio Ramos jamoa echinish xonasiga boradi. Bu orada klub prezidenti Florentino Peres allaqachon mazkur xonaga etib kelgan bo‘lgan.

Prezident futbolchilar juda ham ko‘p dam olib, o‘z ustida ishlamay qo‘yganini aytib, buni sharmandalik deb ataydi. Unga esa jamoa sardori Serxio Ramos javob qaytarib, bunday yomon  natijada u va butun boshli rahbariyat aybdor ekanligini aytadi.

So‘ng Peres Ramosga qarata: "Sen bo‘shsan", -  deb aytadi. Futbolchi "Menga pulni ber, ketaman", -  deydi va quyidagilarni qo‘shimcha qiladi: "Men bu jamoa uchun borimni berdim, bu rang uchun va hattoki sen uchun jang qildim".

Ispaniyaning boshqa bir nashri Marca esa mazkur kelishmovchilik tafsilotlarini batafsil keltirib o‘tdi. Ramos yozda  Peresga hujumchi olish kerakligi borasida maslahat berganini eslatib o‘tgan. Ushbu janjalga klub shifokorlari ham guvoh bo‘lishgan.

Shundan so‘ng Peres zudlik bilan direktorlar kengashi chaqirgan. Mazkur uchrashuvning asosiy mavzusi Santyago Solarining iste’fosi va uning o‘rniga Joze Mourinoning olib kelinishi bo‘lgan. Ilgariroq, Mourinoning Madridga qaytishidagi asosiy to‘siq aynan Ramos ekanligi aytilgan edi. Portugaliyalik mutaxassis himoyachi bilan yaxshi munosabatlarga ega emas.

Tunggi soat ikkiga qadar davom etgan majlisda tomonlar bir qarorga kela olmaydi va Solarining iste’fosi rad etiladi. Bugun kunduzi esa madridliklar Mourinoning agenti Jorje Mendesh bilan muzokaralarni boshlaganligi borasida xabarlar  tarqaldi. "Qirollik klubi" ushbu kelishuvni "Valyadolid"ga qarshi o‘yinga qadar amalga oshirish niyatida, ammo Joze bunga hozircha rozi bo‘lgani yo‘q.

Klub esa yuzaga kelgan holat yuzasidan birorta rasmiy xabar bergani yo‘q.

Agarda vaziyat yumshamasa, Peres Ramosni sardorlik bog‘ichidan mahrum etishi va yakunda Serxio jamoani tark etishi ham mumkin. 

Yodingizda  bo‘lsa 2003 yil "Real" Fernando Yerro bilan yangi shartnoma borasida kelishib olgan edi, ammo Peresga qariya futbolchining reklama tadbirlaridan birida o‘zini tutishi yoqmaydi va shartnoma tuzish rejasi barbod bo‘ladi. Raul va Iker Kasilyaslarning ham ketar chog‘ida Peres bilan munosabatlari yomonlashgan edi.

Don Balon nashri esa prezident va sardor o‘rtasidagi kelishmovchilik "Barselona"dan uchralgan mag‘lubiyatdan so‘ng boshlangani haqida yozmoqda. O‘shanda "Real"ning yoshlar jamoasi ustozi Alvaro Benito mahalliy radiostantsiyalarning biriga bergan intervyusida Kazemiro va Krooslarni keskin tanqid qilgan edi. Natijada mutaxassis ishdan olingan. Bu esa bir qator ispaniyalik futbolchilarning noroziligiga sabab bo‘lgan, jumladan Ramosning ham.

Umuman olganda "blankoslar" ayni vaqtda juda  og‘ir vaziyatga tushib qolishgan. Klub bir hafta ichida yutish uchun potentsial imkoniyati bo‘lgan uchta musobaqani tark etdi. Kelishmovchiliklar esa rahbariyatga xam ko‘chgan. Qolaversa, jamoada yuzaga kelgan vaziyat darhol OAVga chiqib ketishi, aniqrog‘i "uydagi gapning ko‘chaga chiqib ketishi" esa vaziyatning yanada chigallashishiga olib kelmoqda.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!