
"Real"ning samolyotida nosozlik kuzatildi. Jamoa Qatarga etib bora oladimi?
"Real Madrid" samolyotning nosozligi sababli Qit’alararo kubok finaliga uchishni kechiktirdi. Bu haqda "AS" nashri xabar berdi.
Jamoaning Dohaga uchishi kerak bo‘lgan samolyoti yukxonadagi nosozlik tufayli uch soatga qoldirildi. Uchishni kechiktirish va samolyotni almashtirish haqida qaror qabul qilindi. Yangi rejaga ko‘ra, jamoa bugun kechqurun Qatarga qo‘nadi. Madridliklar final o‘tkaziladigan "Lusail" stadionidan 18 kilometr masofa uzoqlikda joylashadi.
2022 yilgi Jahon chempionati finaliga mezbonlik qilgan stadionda ikkala jamoaning mashg‘ulotlari, shuningdek, Karlo Anchelotti va o‘yinchilardan birining matbuot anjumani o‘tkaziladi. Hozirda jamoa finaldan so‘ng darhol Madridga uchib ketishni rejalashtirilmoqda. Sababi, yakshanba kuni "Real" o‘z maydonida La Liga doirasida "Sevilya" bilan bahs olib boradi.
Ma’lumot uchun, "Los-Blankos" chorshanba kuni bo‘lib o‘tadigan kubok finalida Meksikaning "Pachuka" jamoasiga qarshi o‘ynaydi.
Fikrlar