"Real"ning soyadagi qahramoni! Barcha omadli transferlar asoschisi sanalgan Yuni Kalafat haqida eshitganmisiz?

  • 28 oktabr, 2023, 10:02
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Uni bugungi "Real"ning bosh arxitektori, ko‘rinmas odam va muzokaralar dahosi deb atashadi. Aynan Yuni Kalafat "Real"ning boshqa klublar bilan solishtirgandagi asosiy kozer qartasi sanaladi. Moliyaviy tomondan juda baquvvat bo‘lgan boshqa jamoalar uddalay olmagan ishlarni aynan bugungi maqolaning bosh qahramoni Madrid klubiga osonlik bilan taqdim etib kelmoqda.

Bugungi yangi "Real"ning asosini tashkil qilgan futbolchilarning barchasini jamoaga o‘tishga aynan Kalafat ko‘ndirgan, desak ishonasizmi? Vinisius, Valverde, Bellingem, Arda Guler, Rodrigo, Tchuameni, Ryudiger, Kazemiro...

Deyarli intervyu bermasligi, OAV nazarida bo‘lmaslikka intilgani uchun u haqida eshitmagan bo‘lishingiz mumkin. Bu maqola aynan "Real"ning boshqa grandlardan ajralib turishini bir necha yillardan beri ta’minlab kelayotgan o‘z ishining ustasi haqida so‘z boradi.

12_3

Yuni Kalafat  bugungi "qaymoqranglilar" boshqaruvidagi eng katta uch shaxsdan biri. Jamoa rahbari - Florentino Peres, Xose Anxel Sanches bilan bir maqomda tilga olinadigan qahramonimiz klubning xalqaro bo‘lim rahbari sanaladi. Shuningdek, jamoaning bosh skauti hamdir.

Ispaniyada tug‘ildi, Braziliyada yashadi, jurnalist bo‘lib ishladi...

Kalafat Madrid shahrida dunyoga kelgan bo‘lsada, bolaligi Braziliyada o‘tgan. Aynan shu faktor evaziga uning e’tiborini ko‘proq janubiy-amerikalik futbolchilar tortar?! Aynan shu sababli u portugal tilida juda yaxshi so‘zlasha oladi. Qahramonimiz oliygohni tugatgach, braziliyalik sportchilar bilan aloqalar o‘rnatishga e’tibor qaratishni boshladi. Qahramonimiz jurnalistika sohasidagi ishlarini ham munosib davom ettirdi. Ayniqsa, "Fibre Maldini" ko‘rsatuvidagi analitik chiqishlari yordamida Braziliyadagi eng mashhur futbol jurnalistiga aylandi.
Uning "Real" bilan yo‘llari kesishishiga asosiy sababchi Neymar desam hayron bo‘lmang. Ney "Santos"da "yondirishni" boshlagan paytlariyoq "Barselona" singari "Real Madrid" ham iqtidorni qo‘lga kiritish ilinjida edi. Florentino Peres vaziyat keskinlashayotganini ko‘rgach, Braziliyadagi futbolchilarga ta’sir ko‘rsata oladigan shaxs sifatida nom qozongan Yuni Kalafatni yo‘llaydi. 2012 yilda Yuni Neymar bilan uchrashganida, allaqachon hujumchi Kataloniya klubi bilan kelishuv imzolab bo‘lgan edi.

Aynan o‘sha voqeadan so‘ng Florentino Peres iqtidorli skautga shart qo‘ydi: "Endi bo‘lajak yulduzlarni qo‘ldan chiqarishga haqqimiz yo‘q! Bor e’tiborimizni bo‘lajak "Oltin to‘p" egalariga qaratamiz".

Neymar uchun 3 yil davomida ayovsiz kurash olib borsada, yakunda azaliy raqibiga imkoniyatni boy bergan Peres "Yangi Neymarlar" uchun kurashlarda alamli mag‘lubiyatga uchramaslik uchun ham Kalafat bilan hamkorlikni davom ettirishga qaror qiladi. Natijada, Yuni bor e’tiborini Braziliyadagi iqtidorli, ammo hali to‘liq kashf etilmagan futbolchilarga qaratadi. Braziliya bozori futbol uchun eng ko‘p daromad olib keladigan makon hisoblanadi. Yosh iqtidorlarni bepul qo‘yib yuborishdan xavotirga tushgan klublar arzimagan pullarga bo‘lajak yulduzlarni qo‘yib yuborishga tayyor. "Real"ning yangi skauti aynan Janubiy Amerika bozoriga ko‘proq e’tibor qaratishni boshladi.

Kalafat yillab muzokaralar o‘tkazadi. Rodrigo uchun 4 yil sarflagan bo‘lsa, Vinisiusni...

Qahramonimizning birinchi tanlovi Kazemiro bo‘lib, "qaymoqranglilar" yarim himoyachi uchun "San Paulo"ga 6 million evro to‘lagan, xolos. 2022 yilda uni "Manchester Yunayted"ga 70 million evro evaziga qo‘yib yuborishgani ko‘pchilikning yodidan ko‘tarilmagani aniq. 2014 yilda Kalafat 15 yoshli Rodrigoni izlab topadi. Bir necha yil davomida to‘xtovsiz olib borilgan muzokaralar sababli Rodrigo yakunda "qirollik klubi" foydasiga tanlov qiladi. "Real" "Santos"ga hali hech kim tanimaydigan o‘smir bolakay uchun 45 million evro sarflaganida, ko‘plab ispan nashrlari buni aqlsizlik, deb atagan edi. Bugun Rodrigo yangi "Real"ning asosiy figuralaridan biri bo‘libgina qolmay," Transfermarkt" portali tomonidan 100 million evroga baholangan kam sonli futbolchilardan biri sanaladi.

Kalafatning muzokaralardagi asosiy ustunligi futbolchilar bilan birgalikda, uning oila a’zolari va do‘stlari bilan ham yaxshi munosabatda bo‘lishi. Aynan ularning yordamida yosh futbolchilar yangi iqlim, yangi mamlakat va katta bosimga dosh berishi mumkin. 18-19 yoshli yigitlar Evropaga ko‘chib o‘tganida, juda ko‘plab muammolarga duch kelishi tabiiy. Ayniqsa, juda qashshoq oilada katta bo‘lgan yosh futbolchilarni atrofidagi barcha xorijga ketayotgan futbolchining fonida katta summadagi pullarni ko‘radi. Tabiiyki, barchasi bu pullarning bir qismini o‘ziniki qilish uchun ayyorliklarga qo‘l uradi. Kalafat bu boradagi barcha nozik masalalarni yaxshi tushunadi. Braziliyada katta bo‘lgani sababli, doim kerakli so‘zlar bilan futbolchini oilasi bilan birgalikda bir qarorga kelishida yordam beradi.

10_2

E’tiborli tomoni shundaki, so‘nggi yillarda qahramonimiz "Real" safiga olib kelgan 14 futbolchining 10 tasi allaqachon super yulduzga aylanib bo‘ldi. Qahramonimiz asosan Janubiy Amerika bozorini "kontrol qilsada", Arda Guler, Orelen Tchuameni, Jud Bellingem, Takefuso Kubo singari nomlarni ham uchratishingiz mumkin. Peres agar jamoa tarkibida ko‘rishni istagan futbolchi bilan boshqa jamoalar ham qiziqib qolsa, ishga Kalafatni qo‘shadi. U" muzokaralar qiroli" bo‘lgani uchun ham hozirga qadar raqobatlashgan futbolchilarining barchasini "Real"ga o‘tishga ko‘ndirgan. Federiko Valverde Yuni haqida bildirgan fikri, qahramonimizning o‘z ishini qay darajada professional bajarishiga misol bo‘ladi:

"Yuni Kalafat hayotimni o‘zgartirib yubordi. Gap faqat futbolda emas. U menga o‘smirlik chog‘imdan beri g‘amxo‘rlik qilib keladi. Ispaniyaga ko‘chib kelganimdan so‘ng deyarli har kuni qo‘ng‘iroq qilar, ahvolim bilan qiziqar edi. Oila a’zolarim ham ko‘chib kelgach, ularga ham adaptatsiya masalasida juda ko‘p yordam bergan. Men doim undan minnatdorman".

Kalafat amalga oshirgan yana bir katta transfer haqida alohida to‘xtalmaslikning imkoni yo‘q. Vinisius Braziliyada ko‘zga tashlanishni boshlagan paytlari, birinchilardan bo‘lib "Barselona" e’tiboriga tushadi. "Yangi Neymar" bo‘lishi taxmin qilingan yigitni qo‘yib yubormaslik uchun Yuni futbolchi bilan uchrashish uchun Braziliyaga keladi. Qahramonimiz boshqa agentlar singari futbolchi bilan yolg‘iz ko‘rishish o‘rniga, ularni kechki ovqatga oilaviy taklif etadi. Suhbat davomida qahramonimiz "Barselona"dan ko‘ra "Real"ning Vini uchun foydali tanlov bo‘lishini aniq-tiniq tushuntirib beradi. Futbol analitigi bo‘lgani bois hatto bo‘lajak yulduzning o‘yin uslubi va klublarning texnikasi yuqori o‘yinchilarga bo‘lgan ehtiyoji borasida ham tushuntirish ishlarini olib boradi.

13_1

Natijada, Vinisius va uning oila a’zolari "Real" infrastrukturasi bilan tanishish maqsadida Madridga tashrif buyurishga rozi bo‘ladi. Bundan bir necha oy avval xuddi shunday tashrif bilan Kataloniyada bo‘lgan futbolchi va oila a’zolari yana Ispaniyaga uchib keladi.

Ularni aeroportda kutib olgan Yuni Kalafat muammoli vaziyatga duch keladi. Vinisiusning onasini jomadoni samolyot bortiga ortilmagan ekan. Biroz noqulay ahvolda qolgan oilani darrov Yuni Madriddagi eng zo‘r univermagga olib boradi. O‘z hisobidan Vinining onasiga yangi kiyimlar sovg‘a qiladi, Madridni o‘zi aylantiradi. Shu bilan birgalikda, qayta qurilayotgan "Real"da futbolchi uchun katta umid bog‘langanini tushuntirib beradi. Aynan shu safar chog‘idagi ko‘rsatilgan e’tibor sababli yakunda braziliyalik vinger "Barsa" taklifini rad etib, "Real" bilan shartnoma imzolaydi.

"Menda bir nechta variantlar bor edi. Oilam bilan birgalikda ularni ko‘rib chiqishni boshlagan edik. "Real" men uchun ko‘p narsa qildi. Aynan ularning iliq qarshi olishi sababli Madrid klubi bilan yaqinlikni his qildim", - deb o‘z transferi haqida fikr bildiradi Vinisius. Braziliyalik futbolchi Madridga ko‘chib o‘tgach, Kalafat unga hisobchi va yashash uchun joy masalasida ko‘maklashadi. Uning til bilan muammosini hal etish maqsadida xatto ispan tilidan dars o‘tuvchi o‘qituvchilarni ham biriktiradi.

Bundan ikki yil avval Jud Bellingemning transferi biroz cho‘zilayotganini sezgan Peres yana o‘zining asosiy kozer qartasini o‘yinga qo‘shadi. "Manchester Siti", PSJ singari grandlar ulkan maoshlarni va’da qilayotgan bir paytda, Yuni birgina jumla bilan Judni yakuniy qaroriga ta’sir ko‘rsatgan:

"Biz yaxshi futbolchilarni bir joyga jamlamoqchi emasmiz. Shunchaki, chempionlarni etishtiramiz!"

Aynan shu so‘zlardan so‘ng, Jud shartnomaga qo‘l qo‘yadi. O‘zining birinchi press-konferentsiyasida ingliz futbolchisi Yuniga tashakkur bildirib o‘tgani so‘zimizga isbot bo‘ladi.

11_2

So‘nggi 10 yil davomida qahramonimiz futbol grandlari e’tiboriga tushdi. Unda hozirning o‘zidayoq bir nechta TOP klublardan kelgan million-million maosh ko‘rsatilgan takliflar kelib tushmoqda. Kalafakt esa barchasiga rad javobini bergancha, "Real"da baxtli ekanligini ta’kidlamoqda.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!