
“Roma”: Shomurodov o‘rnini 38 ta o‘yinda 38 ta gol urgan hujumchi bosadi!
Yozgi transferlar vaqtida “Roma” klubi hujum chizig‘ida jiddiy o‘zgarishlar bo‘ladigan ko‘rinadi. Ayni paytda Joze Mourino oldini chiziqda faqat Temmi Abraxam va Nikolo Dzanologa ko‘p imkoniyat bermoqda. Aslida angliyalik hujumchidan boshqa biror o‘yinchining kelasi mavsum uchun joyi kafolatlanmagan.
Hozir Temmi Abraxamga ham xaridorlar etarli. Biroq, Mourino uni qo‘yib yubormoqchi emas. Futbolchining ham yangi qirralari ochilayotgan Rimdan ketish niyati yo‘q. Nikolo Dzanolo asosiy tarkibda o‘ynayotgan bo‘lsa-da, boshqa jamoaga o‘tib ketishga tayyorgarlik ko‘ryapti.
Italiya futbolining 22 yoshli yulduzi rimliklar bilan bitimni uzaytirgan yo‘q. “Roma” uni 50 million evroga boshqa klubga qo‘yib yuborishga tayyor. Asosiy da’vogar – “Yuventus”. Turinliklar A Seriyada porlagan hujumchilarni boshqa ligalardagi grandlarga berib qo‘ymaydi. Xususan, ular “Fiorentina” to‘purari Dushan Vlaxovichni ham o‘z safiga qo‘shib oldi. Endi uning yoniga Dzanoloni olib kelishni rejalashtirmoqda.
“Yuventus” tomonidan Dzanolo transferi muzokaralarida taniqli mutaxassis Federiko Keribuni ishtirok etadi. Oldindan aytish joizki, “Yuventus”dek klubga ham 50 million evrolik transfer qimmat ko‘rinyapti. Ular bu summani pasaytirish uchun o‘zlari tarbiyalagan Moyze Kinni Rimga jo‘natishga tayyorligini bildirgan. Hozirda transfer huquqi “Everton”ga tegishli bo‘lgan Moyze o‘zi singari baquvvat va tezkor Temmi Abraxam bilan yaxshi duet bo‘lishi aytilmoqda.
Bir vaqtlar katta iqtidor sifatida 40 million evroga baholangan Moyze Kinning hozirgi vaqtdagi transfer summasi ancha pasaygan. Mutaxassislar uni 25-28 million evroga baholamoqda. Har holda turinliklar uni Rim klubiga shu narxga o‘tkazmoqchi.
“Roma” hujumidagi yana bir vaziyat Eldor Shomurodov bilan bog‘liq. Mourino o‘zi olib kelgan forvardga etarli darajada o‘yin amaliyoti bermadi. O‘zbek hujumchisi aynan o‘ynaydigan yoshda. Unga Ispaniya, Germaniya va Italiya chempionatlaridan qiziqish bo‘layotgani haqida xabarlar ko‘paymoqda.
Amalga oshish ehtimoli ko‘p variantlardan biri “Torino”. Bu variant rimliklarga ham to‘g‘ri keladi. Chunki “Roma” ko‘z tikkan hujumchilardan biri “Torino”ning keyingi o‘n yillikdagi eng yorqin yulduzi Andrea Belotti bo‘ladi. Kuchli klubga o‘tishga qaror qilgan hujumchiga rimliklardan tashqari “Inter” va “Yuventus” ham qiziqmoqda. Kuni kecha “Torino” Belottining o‘rniga Eldor Shomurodovni olishni mo‘ljallayotgani haqida xabar tarqatildi. Demak, Rim klubida zaxiradan chiqolmayotgan o‘zbek hujumchisini o‘zi istagan o‘yinchiga almashtirish varianti ham paydo bo‘ldi.
Bu hali hammasi emas. Notiziecalciomercato.eu nashrining yozishicha, Joze Mourinoga Eldor Shomurodov ko‘rsatayotgan o‘yin u qadar ma’qul kelmayotgan ekan. “Roma” sport direktori Tyagu Pinto legionerimiz o‘rniga Mourinoga “Fulxem”dan serbiyalik hujumchi Aleksandar Mitrovichni olib kelib bermoqchi.
Mitrovich ko‘p gol uradigan o‘yinchi. Joriy mavsumda Chempionshipda 38 ta uchrashuvda raqiblar darvozasini 38 marotaba ishg‘ol qilgani Jozening e’tiboridan chetda qolmaydi, albatta. Qolaversa, Mourino Angliya futboli havosidan bahra olgan futbolchilar bilan ishlashni yaxshi ko‘radi.
Serbiyalik hujumchi o‘z yurtidan tashqari, Belgiya chempionatida “Anderlext” sharafini himoya qilgan. Angliya kelganidan keyin “Nyukasl”da ham faoliyat ko‘rsatgan. 27 yoshli futbolchi “Fulxem” bilan 2026 yilning yozigacha davom etadigan shartnomaga ega bo‘lsa-da, jamoasi Chempionshipda o‘ynayotgani uchun uni ancha arzon – 18 million evro atrofidagi mablag‘ evaziga transfer qilish imkoniyati bor.
Mourino yozda hujum chizig‘ini yangilashi aytilmoqda. Chunki, Abraxam, Dzanolo va Shomurodovdan tashqari qolgan hujumkor futbolchilar – “Barselona” tarbiyalanuvchisi Karles Peres, o‘z davrida yulduz darajasiga ko‘tarilgan Stefan El-Shaaravi ham bugungi kunda oddiygina zaxira o‘yinchilariga aylanib qolgan. O‘tgan yili to‘purar Borxa Mayoralga esa Mourino qishdayoq javob berib yubordi.
Demak, yozgi transferlar mavsumini jiddiy kuzatamiz. Zora, Shomurodov ham o‘zini qadriga etadigan klub topsa va muntazam o‘yini bilan muxlislarini xushnud qilsa!
Mourinoni endi tushunib etdim!
Shomurodov gol urolmagan o‘yindan so‘ng Mourino nega uzr so‘radi?
Shomurodovni kutyapmiz!
“Roma”: Bu futbolchi endi o‘ynamaydi! Mourino kim haqida gapirdi?
“Roma” hujumchisi bo‘yicha kutilmagan vaziyat yuzaga keldi!
Mourino o‘ynatmayotgan hujumchiga Ispaniya grandidan taklif bor
Fikrlar