
Rossiyaning eng muhim derbisida O‘runov “yashirin qurol”mi?
Bugun Rossiya premer ligasining 7-turida poytaxt derbisi – TsSKA va “Spartak” uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.
Har ikki jamoa ham joriy mavsumda o‘z oldiga yuksak maqsadlarni qo‘ygani hech kimga sir emas. “Armiyachilar” yana peshqadamlar safiga qo‘shilish uchun ushbu bahsda o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida “spartakchilar”ni tiz cho‘ktirishi lozim. Shunda ham, TsSKA musobaqa jadvalida bugungi raqibdan bir ochko ortda qolgan bo‘ladi.
Ko‘plab muxlis mutaxassislar TsSKAning mavsumlar oralig‘idagi transfer siyosati muvaffaqiyatli bo‘lganiga e’tibor qaratyapti. Bu klub to‘rt nafar legioner – Argentinaning “San-Lorenso” klubidan hujumchi Adolfo Gaych, Niderlandiya chempionatida “Xerenven” sharafini himoya qilgan nigeriyalik forvard Chidera Edjuke, Braziliyaning “Internasonal” jamoasi himoyachisi Bruno Fuks va “Rostov”da o‘zini ko‘rsatgan qozog‘istonlik yarim himoyachi Baxtiyor Zaynutdinovni oldi.
Bulardan tashqari ham, mezbonlar tarkibida Igor Akinfeev, Mario Fernandes, Georgiy Shennikov, Nikola Vlashich, Alan Dzagoev, Arnor Sigurdson, Fyodor Chalov kabi nomdor o‘yinchilar ko‘p.
Rossiya chempionati tahlilchilari “Spartak” yangi mavsumda o‘tgan yili ettinchi o‘rinni egallab, Evrokuboklardan quruq qolgan tarkibni o‘zgartirmay o‘ynatayotganini tanqid qilayotgan edi. Hatto, kutilgan natijaga erisha olmagan yosh murabbiy Domeniko Tedeskoning kelajagi so‘roq ostida qolgan vaziyatlar ham bo‘ldi.
Mavsumlar oralig‘ida “Spartak” qamalib chiqqan Aleksandr Kokorinni va koronavirusga chalingan Oston O‘runovni transfer qildi. Kokorin ilk mashg‘ulotlarda jarohat olib safdan chiqdi. O‘runov oltinchi turga kelib, 20-25 daqiqa o‘ynadi. Lekin debyutdayoq ishonchni oqladi.
Shunga qaramay, Tedesko o‘tgan yilgi tarkib bilan musobaqa jadvalida birinchi o‘ringa ko‘tarildi. “Spartak” mutasaddilari va muxlislari bu kunni uch yildan ko‘proq kutgandi. “Spartak”ning transfer siyosati ham boshqalarnikidan keskin farq qiladi. Hamma tarkibni kuchaytirishga e’tibor qaratayotgan bir paytda bosh direktor Shamil Gazizov futbolchilarni boshqa jamoalarga pullash ustida ish olib bormoqda. Xususan, jamoada etakchilik qilish uchun olib kelingan Gus Til “Frayburg”ga ijaraga berildi. Pedro Rosha (“Flamengo”), Georgiy Melkadze (“Axmat”), Aleksandr Lomovitskiy (“Ximki”), Artem Timofeev (“Axmat”) mavsumni boshqa jamoada o‘tkazadi.
Ayni paytda “Spartak”ning ishongan o‘yinchilaridan - Samyuel Jigoga "Lion", Esekiel Ponsega "Bolonya", Aleksandr Kokoringa "Roma"dan jiddiy takliflar bo‘lmoqda. Shuningdek, Rossiyaning qator klublari ham ayrim futbolchilar ijarasi bo‘yicha klubga murojaat qilgan.
Shunday bo‘lsa-da, “Spartak” rahbariyati bu mavsum chempionlik va Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun kurashish asosiy maqsad ekanini bir necha marotaba ta’kidladi.
Bugun TsSKA bilan bo‘ladigan uchrashuv oldidan tahlil va taxminlarni ilgari surayotgan mutaxassislar “Spartak”ning asosiy tarkibi ketma-ket ikki mavsum davomida deyarli o‘zgarmaganini va ularning o‘yin uslubi raqiblarga yaxshi tanish ekaniga urg‘u qaratmoqda. Bu vaziyatda jarohatidan qutilgan Aleksandr Kokorin va debyut o‘yinida murabbiylar ishonchini oqlagan Oston O‘runov “spartakchilar” uchun haqiqiy “yashirin qurol” bo‘lishi kutilmoqda.
Darhaqiqat, TsSKA jamoasi ham yangi mavsum oldidan Oston O‘runovga xaridor bo‘lgan edi. Bu klub o‘zbekistonlik legioner uchun “Ufa”ga ikki million evro taklif qilgan. Biroq, Ostonning “Spartak” jamoasiga qo‘shilishida uni Rossiyaga taklif etgan Shamil Gazizovning xizmati katta bo‘ldi.
TsSKA – “Spartak” uchrashuvi Toshkent vaqti bilan 21:00 da boshlanadi.
Fikrlar