
Ro‘ziqul Berdiev: "Abduholiqov chetdan takliflar bor degandi, lekin "Neftchi"ga qo‘shilibdi"
O‘zbekistooning amaldagi chempioni – “Nasaf” kecha Antaliyada Rossiya premer-ligasi vakili “Fakel”ga qarshi nazorat uchrashuvida maydonga tushdi. Keskin tarzda o‘tgan o‘yin 0:0 hisobida yakun topgani borasida saytimiz orqali ma’lumot berib o‘tdik.
Uchrashuv yakunlanganidan so‘ng “Nasaf” bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiev Sports.uz uchun vaqt ajratdi.
- “Fakel”ga qarshi o‘yin orqali o‘zingiz ko‘zlagan narsani oldingizmi yoki nimadandir ko‘nglingiz to‘lmadimi?
- Hozircha to‘liq qoniqish hosil qilmaysiz. Chunki o‘yinni sifati biz kutgan darajada bo‘lmaydi. Boisi, hali yig‘inlar davom etyapti. Kuchli yuklamalar berilyapti. Shu bois og‘irroq harakat qilishyapti. Shunga qaramasdan, o‘yinni tashkiliy jihatlariga e’tibor qaratib, o‘z uchrashuvlarimizni o‘tkazib boryapmiz. O‘ylaymanki, o‘yinlar orqali yigitlar kerakli sport formasiga tushib oladilar.
- Jamoaga sobiq futbolchilarni qaytardingiz va yangi o‘yinchilar ham paydo bo‘ldi. Yangi yigitlarni moslashuvi qanday bo‘lmoqda? Masalan, Rubin Xebay fonida nima degan bo‘lardingiz?
- Albatta, Xebay haqida aytmoqchiman, u bir yil davomida barqaror o‘ynamadi. Saudiya Arabistoniga borganda ham, Tunisda ham shunday bo‘ldi. Shu sababli holati biz kutgan darajada emas. Lekin mashg‘ulotlarda yaxshi ishlayapti. O‘ylaymanki, Rubin yaxshi holatga tushib oladi. Xusayn Norchaev haqida ham shuni aytishim mumkin, jarohatlardan keyin va kam mashg‘ulotlarga qatnashgani bois hozircha optimal formasida emas. Umid qilamanki, chempionatimizgacha hammasi o‘z holatiga keladi.
- Dragan Cheran qanday holatda?
- Dragan biz uchun begona emas. “Nasaf” ham uning uchun begona emas. Uni yigitlar qabul qilishdi, desak ham noto‘g‘ri bo‘ladi. Cheran “nasaf”chi. Biz albatta Draganning ham tajribasiga suyanamiz. Maydonda salohiyati va qaerdadir murabbiylarga yordami kerak bo‘ladi.
- Bobir Abduholiqovni “Nasaf”da qoladi, deb o‘ylagandik. Ketishiga reaktsiyangiz qanday bo‘ldi? Aslida nima bo‘ldi?
- Bobirni o‘tgan yilgi natijasi klub rahbariyatini unchalik qoniqtirmadi. Uni talablari yuqori bo‘lgani uchun biz imkoniyat qilib bera olmadik. Abduholiqovni olib qolish uchun biz o‘tgan yilgidan kamroq taklif bergandik. Biroq bizga aytishi bo‘yicha chetdan takliflar bor degandi. Lekin eshitishimcha, “Neftchi” mashg‘ulotlariga qo‘shilibdi. Sizlar orqali Bobirga ham va yana boshqa bizni tark etgan futbolchilarga ham minnatdorchiligimizni bildiramiz. Yigitlar o‘tgan yili o‘z maqsadimizga erishishimizda yordamlarini ko‘rsatdilar.
- Yangi mavsum boshlanish arafasida. “Nasaf”ni yana jiddiy maqsadlar kutmoqda. Qolaversa, ligada endi 16 ta klub ishtirok etadi. Yangi rejalar qanday?
- Rejamiz ulkan. Oldimizga albatta maqsad qo‘yamiz. Tarkibimizni deyarli saqlab qoldik va kerakli futbolchilarni olishimiz uchun rahbariyat imkoniyat qilib berdi. Maqsadimiz jiddiy bo‘ladi. Chempionatimizdagi barqarorlikni tezroq qaytarib olishimiz kerak. Har bir o‘yinda maksimal harakat qilishimiz lozim. Oldimizdagi vazifalar yuqori va buning uchun albatta kurashamiz.
Fikrlar