
Ro‘ziqul Berdiev final yo‘llanmasi qo‘lga kiritilgan o‘yindan keyin nimalarni aytdi?
O‘zbekiston Kubogi yarim finalida “Nasaf” o‘z uyida “Dinamo”ni 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratganidan keyin mezbonlar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiev matbuot anjumanida jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.
- Tabrik uchun rahmat. Kelinglar, sizlar orqali “Dinamo” jamoasini Superligaga qaytgani bilan tabriklaymiz. Bu biz uchun ham quvonarli. Jamoani va muxlislarini tabriklaymiz. Bundan xursandmiz. Bugungi uchrashuv ularni chindan Superligaga munosib jamoa ekanini ko‘rsatdi. Kubok bitta o‘yindan iborat bo‘lganida har bir jamoa faqat g‘alaba uchun harakat qiladi. Bugungi uchrashuvda g‘alabamizga asosiy omil bo‘lgan narsalar – birinchi golni urganimiz va 1:1 bo‘lib turgan paytda ikkinchi golni ura olganimiz. Agar hisobda ortda qolayotgan bo‘lganimizda bu juda qiyin bo‘lardi. Biz kerakli paytda gol urdik. Bu g‘alabaga asosiy omil bo‘ldi.
- Alibek Davronovni provakatsiyaga uchishi, uni qizil kartochka olishi bilan bog‘liq vaziyat...U jamoani noqulay holatda qoldirdi. Bunga fikringiz qanday?
- O‘yinga juda keskin kirdi. “Yonib” jamoaga yordam berishni xohladi. O‘sha holatda e’tiborsizlik qildi. Ikkinchi vaziyatda to‘g‘risi, men unchalik e’tibor bera olmadim. Ikkala futbolchi tortishib qolgani uchun ikkalasiga sariq kartochka ko‘rsatilganini aytishdi. Albatta, bu jamoamiz uchun yo‘qotish, keyingi uchrashuvni o‘tkazib yuboradi. O‘ylaymanki, Alibek jamoa va uning g‘alabasi uchun harakat qildi. Futbolchi xissiyotlarga beriladi, kurashlarga kirishgan paytlarda bunaqa holatlar bo‘lib turadi. Shu bois keyingi turni usiz o‘tkazishga majburmiz.
- Umid Ergashevni jarohati unchalik xavfli emasmi?
- Hozir men bu haqida jiddiy so‘ramadim. O‘ylaymanki, jiddiy bo‘lmaydi. Chunki u erda to‘qnashuv yo‘q edi. Balki mushaklarini cho‘zib olgandir.
- Pro liga vakili “Nasaf”ga etarlicha bosh og‘rig‘i bo‘ldi. Bu bilan pro ligani saviyasi Superliganikiga yaqinlashib qolgan, deb aytish mumkinmi?
- Yo‘q, “Dinamo”ni saviyasi yaqin desam bo‘ladi. “Dinamo”, “Lokomotiv”, balki “Qo‘qon-1912” jamoasining saviyasi yaqin. Chunki uchta jamoa tarkibida Superligada o‘ynagan o‘yinchilar ko‘p. Shuning uchun bu jamoalar boshqalardan ajralib turdi. “Dinamo” bekorga Superliganing uchta jamoasini Kubok o‘yinlaridan chiqarib yubormadi. Bu bejizga emasligini ular yana bir bor ko‘rsatishdi. Bizga jiddiy qarshilik qildilar. Shu bois yigitlarga bu uchrashuvga jiddiy yondashishlarini aytgandik. Chunki hammasi bir o‘yinda hal bo‘lardi, bundan tashqari, jamoa yaxshi himoyalanadi. Legionerlari qarshi hujumlarda juda yaxshi harakat qiladi. Yigitlar jiddiy yondashishdiyu, ammo raqib ham munosibligini ko‘rsatdi.
- “Sharja” bilan o‘yin ham juda mas’uliyatli. Raqibni qay darajada o‘rganyapsiz?
- Ikkita o‘yinini ko‘rdik. “Al Faysali” (1:0) va “Al Sadd” (0:0) bilan uchrashuvlarini kuzatdik. Jamoa yaxshi himoyalanishi natijadan ko‘rinib turibdi. Yaxshi legionerlari bor. Sifatli o‘yin ko‘rsatadi. Biz bekorga bormaymiz. U yoqda ham ijobiy natijaga harakat qilamiz. Chunki biz uchun yaxshi tugasa, deyarli ko‘p narsaga aniqlik kiritilishi mumkin.
- Boshida Aziz Amonov “Nasaf” o‘yiniga mos tushmadi, unga javob berib yuborilsa ham bo‘laveradi, degan gaplar bo‘lgandi. Baribir tanlovingiz oxirida to‘g‘ri chiqyapti...
- Tan olish kerak, balki birinchi kelgan paytda kirishib ketishi qiyin bo‘lgandir. Muxlislar va o‘zimiz ham uning o‘yinidan qoniqmayotgandik. Lekin hozirgi o‘yinlarini ko‘rib, qilayotgan mehnatini va qora ishni ham bajarayotganini ko‘rib aytishim mumkinki, jamoaga katta foyda keltiryapti. Shuning uchun har doim har bir futbolchiga moslashishi uchun vaqt kerak bo‘ladi. 4-5 oy ichida talabimizga o‘rganib qoldi va o‘zini yaxshi his qilyapti.
Fikrlar