
Ro‘ziqul Berdiev: "Hozircha unda dadasi darajasida nimadir borligini ko‘rmayapman"
O‘zbekiston Kubogi guruh bosqichining so‘nggi turida “Nasaf” voha derbisida “Mash’al” maydonida yagona gol evaziga g‘alaba qozondi. Natijada qarshiliklar guruhda 100 foizli natija bilan keyingi bosqich masalasini hal qildilar. Voha derbisidan keyin “Nasaf” ustozi Ro‘ziqul Berdiev bir qator savollarga javob berdi.
- O‘yinni tezligi va tempi u qadar yuqori bo‘lmadiyu, lekin ikkala jamoaning asosiy vazifasi natija edi. Biz bunga erishdik. O‘zlaring ko‘rdinglar, ko‘p vaziyatlar bo‘lgani yo‘q. “Mash’al”da penalti bo‘lgan holat, bizda esa golga aylantirgan vaziyatimiz bo‘ldi. Asosiysi, hisobni ham, o‘yinni ham nazorat qilib turgandik. Agar zarurat bo‘lganida biz yanada qo‘shishimiz mumkin edi. Yigitlarga ko‘rsatmalarimiz shunday ediki, natija uchun o‘ynash va guruhdan 1-o‘rinni olib keyingi bosqichga chiqish ekanligini aytgandik va buni uddaladik.
- Xusniddin Aliqulov zaxirada ham yo‘q edi. Nima uchun?
- Xusniddin Aliqulovni kichik jarohati bezovta qilayotgandi. Ko‘rdinglar, terma jamoa yig‘iniga ham chaqirilmadi. Bir hafta jarohatini tiklash uchun kerak bo‘ladi. Shu bois “Mash’al” bilan uchrashuv qaydnomasiga ham uni kiritmadik. Terma jamoadan ham unga davolanishi uchun ruxsat berishgan. Yana ba’zi-bir o‘yinchilarimizga dam berishga harakat qildik. Masalan, Abduvohid Ne’matov, Javohir Sidiqov, keyin Mannonovda ozgina jarohat bor. Shuning uchun tarkibda ayrim rotatsiyaga qo‘l urdik.
- Nihoyat, Doniyor Narzullaev jamoada ko‘rinish berdi. Marko Stanoevich ham klubga qaytdi. Bu ikki futbolchining qo‘shlishi jamoaga nima beradi va Stanoevich qachon maydonga tushishi mumkin?
- Bilasizlar, ikkala futbolchini ham tajribasi bor. Talabimizni va ko‘rsatmalarimizni yaxshi biladigan o‘yinchilardir. Jarohatlaridan tezroq forig‘ bo‘lib, mashg‘ulotlarni to‘liq o‘tkazishsa o‘yinlarga jalb qilamiz. Marko yaqinda kelib qo‘shildi. Bizni quvontirgani jarohatidan qo‘rqmasdan mashg‘ulotlarga kirishib ketyapti. Bu juda yaxshi. Ayniqsa, ruhiy tarafdan tayyorgarligi ajoyib ekanini bildiradi. Olmaliq bilan uchrashuvgacha mashg‘ulotlarda to‘liq qatnashib tursa o‘yinga jalb qilishimiz mumkin. Doniyor Narzullaevda ham shunaqa holat edi, operatsiyasi bo‘ldi. Menimcha, u “Mash’al” bilan uchrashuvga yaxshi kirishib ketdi. 10 daqiqa o‘ynagan bo‘lsa-da, jamoamizning hujumida faol bo‘ldi. Bu futbolchilarimizning tajribasi bor. Qoldirilgan o‘yinlar va Kubok bahslari bilan biz ko‘p uchrashuvlarni o‘tkazamiz. Shu bois ko‘proq o‘yinchilarga ega bo‘lsak, bu biz uchun yaxshi.
- Aziz Xolmurodov Zafar Xolmurodovni farzandi. Unda dadasi kabi golga ishtiyoqi, intilishi qanday?
- Hozircha unda dadasi darajasida nimadir borligini ko‘rmayapman. Ba’zi-bir o‘yinlarga jalb qilamiz. Ammo o‘ziga ishonchsiz harakat qiladi. Uni o‘ziga ham bu haqida aytdim. Ammo futbolchini potentsiali bor. Sizlar ham, men ham bilamizki, bosh bilan o‘ynashda dadasiga yaqin ham kelmaydi.
- “Mash’al” – “Nasaf” uchrashuvidan fayz qochibdi, degan gaplar ham bo‘lyapti. Oldin siz o‘ynagan payt bilan solishtirganda yaxshi va yomon tomonga qanday o‘zgarishlar bo‘lgan?
- Yomon tomoni “Mash’al” jamoasini pro ligada o‘ynayotgani. Biz doim bu raqib bilan oliy ligada uchrashardik. Keskinlik juda yuyuqori darajada bo‘lardi. Haqiqatda uni derbi deb maqtansak bo‘lardi. Hozirgisini ko‘rdinglar, darajasi va tezligi jihatidan derbi maqomida emas. “Mash’al”ga omad tilaymiz. Superligaga chiqib, o‘z maqsadiga erishishini juda xohlardik. Qashqadaryodan uchta jamoa bor. Ikkitasi Superligada bo‘lganida ham muxlislar yanada ko‘proq kelardi va o‘yinlar darajasi ham yuqori kechardi.
- G‘uzordagi o‘yinlarda ko‘proq ko‘rinish beryapsiz. Bu bo‘sh vaqtingiz ko‘pligidanmi yoki “Sho‘rtan”dan kimnidir ko‘z ostingizga olib qo‘ydingizmi?
- U erda ham ba’zi-bir futbolchilarimiz bor. Imkoniyatimiz to‘g‘ri kelib, vaqtimiz bo‘lganida albatta borib ko‘ramiz. Balki e’tibor bermagandirsizlar, “Mash’al”ni ham ayrim o‘yinlariga kelib ko‘rib turamiz. “Sho‘rtan”ning oxirgi ikkita o‘yiniga bordik. Masofamiz yaqin, imkoniyatimiz bo‘lsa albatta boramiz. Iqtidorli yoshlar bor. Ikkala jamoada bizni maktabni bitirgan yigitlar to‘p surishyapti. Faqat bu jamoalarni o‘yinlariga emas, balki akademiyamizni ham kattaroq o‘yinlari bo‘lsa, kuzatib turamiz. Imkon borida bundan foydalanamiz va yigitlarni nazorat qilamiz.
Fikrlar