
Ro‘ziqul Berdiev: "Oson raqib emasdi, yigitlarga rahmat, ammo asosiy maqsadimiz hali oldinda"
“Nasaf” klubi O‘zbekiston Kubogi finalida “Navbahor”ni mag‘lubiyatga uchratib bosh sovrinni qo‘lga kiritdi. Uchrashuvdan keyinoq “Sport TV” muxbiri Berdievdan dastlabki taassurotlarini so‘radi.
- Bugungi g‘alabadan juda xursandmiz. Tarixiy g‘alaba bo‘ldi. Fursatdan foydalanib, “Nasaf” klubini, muxlislarni, jamoamiz uchun qayg‘urgan barcha insonlarni tabriklayman. Albatta, o‘yin og‘ir bo‘ldi. Raqibimiz oson raqib emasdi. Shuning uchun oxirigacha keskin kurash bo‘ldi. Yigitlarimga rahmat aytmoqchiman, ular oxirigacha kurashishdi. Lekin asosiy maqsadimiz hali oldinda, shuni ham davom ettirmoqchimiz.
- Oybek Bozorov bilan Sharof Muhitdinov nazarimda, biroz ertaroq almashtirildi. Ammo Bozorov to‘g‘ri jamoadoshlari yoniga ketdi, Muhitdinov esa ichkariga kirib ketdi.
- Oybekni jarohati borligi uchun ancha o‘yinlarni o‘tkazib yuborgandi. Shu sababli uni jismoniy tayyorgarligi joyida emasdi, ko‘proq xato qildi. Sharofni Sherzod Nasrullaev bilan almashtirish rejamizda bor edi. Narsullaev maydonga tushib, o‘yinga tezkorlik qo‘shishi kerak edi. Sharofni bugungi harakati noto‘g‘ri, ammo bu xissiyot. Lekin uchrashuvdan keyin kelib tabrikladi, meni balandga otishdi (kuladi).
- Zaxiradan maydonga tushirilganlar ishonchingizni oqlashdimi?
- Albatta, 27-raqamdagi Zafarmurodning maydonga tushishi va ikkinchi golni aynan u yaratib berdi. Ikkita o‘yinchidan qochib Limaga to‘pni uzatib berishi katta futbolchilarga xos ish. Unga imkoniyat beryapmiz, yaxshi harakatlari bor, bugun ham yordam berdi.
- Lima mavsum oxirida birdaniga ochilib qoldi...
- Lima kelganida jismoniy holati yomon edi. Uni jismoniy holatini to‘g‘rilashimizga to‘g‘ri keldi. Oxirgi o‘yinlarda yordam beryapti.
- Uchrashuvning qaysi pallasi siz uchun og‘irroq kechdi?
- Qo‘shimcha vaqtlar. Chunki bunga o‘rganmaganmiz. Shu sababli qo‘shimcha vaqtlarda ko‘proq himoyalandik. Birinchi bo‘limda raqibga nisbatan ancha sifatli, mazmunli o‘ynadik. Ammo ikkinchi bo‘limda gol o‘tkazilgan vaziyatda e’tiborni yo‘qotdik.
Fikrlar