
Ro‘ziqul Berdiev: "So‘g‘diyona" qanchalik vaqt cho‘zgani yoki durang uchun harakat qilgani haqida gapirmasa ham bo‘ladi"
Coca-Cola Superliga 25-turidan o‘rin olgan “Nasaf” – “So‘g‘diyona” (0:0) uchrashuvidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiev o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
«Raqib 1 ochko olishni istagan edi. Bizning vazifa esa ularning ushbu rejasini buzishdan iborat edi. Gol kiritganimizda o‘yin biroz engil o‘tardi. Afsuski, bu amalga oshmadi. “So‘g‘diyona” qanchalik vaqt cho‘zgani yoki durang uchun harakat qilgani haqida gapirmasam ham bo‘ladi. Bu hech bir jamoaga yarashmaydi.
Etakchilarning ba’zilari yo‘qligi va Nasrullaevning jarohat olib maydonni tark etishi rejalarimizni o‘zgartirib yubordi. Shunga qaramay, ikkinchi taymda raqib jarima maydoni atrofida bosim uyushtira oldik, ammo qulay vaziyatlardan foydalana olmadik. Shifokorlarning ta’kidlashicha, Sherzodning burni shikastlangan. Umid qilamanki, “Al Faysali”ga qarshi bahsda jamoamizga yordam bera oladi.
Boshkovich meni ustoz deb bilmasa kerak. U “Nasaf”da o‘ynagan vaqtda men yordamchi murabbiy edim. Bosh murabbiy bo‘lganimda esa u jamoani tark etgan edi. “So‘g‘diyona” bizning g‘oyamizni o‘rganib, bizdan ustunlik qildi, deb o‘ylamayman. Bizga qarshi ko‘plab jamoalar aynan shunday harakat qilishadi. Vaziyatlarimizni golga aylantirganimizda, hozir bu haqida gaplashib o‘tirmagan bo‘lar edik.
Superligada bundan ham yaxshiroq qatnashishimiz mumkin edi. Ba’zi bellashuvlarda barqarorlik etishmadi. Medallarga ega chiqishimiz kerak. Faqat chempionatni emas, umumiy mavsum haqida gapirsak, bu mavsum “Nasaf” uchun har yilgidan ham yaxshi o‘tdi», – dedi Berdiev.
O‘zPFL matbuot xizmati.
Fikrlar
Omad