Ro‘ziqul Berdiev: "Tarkibimiz keng emas, yo‘qotishlar bo‘lsa, yigitlarning maydondagi joylashuvini o‘zgartirishimizga to‘g‘ri keladi"

  • 15 aprel, 2021, 21:18
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

“Nasaf” klubi bu turda o‘z maydonida “Surxon”ni qabul qilib 6:0 hisobidagi ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi. Bellashuv yakuniga etganidan keyin mezbonlar ustozi Ro‘ziqul Berdiev o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Tecno

- G‘alaba bilan muxlislarimizni tabriklayman. Bugun ishonchli o‘yin bo‘ldi. Yirik hisobdagi g‘alabadan xursandmiz. Mavsum boshida ko‘p ochkolar yo‘qotgandik, ularni qaytarishimiz kerak edi. O‘yinimizni yaxshi tomonga o‘zgartirgan holda ochko yig‘ishni uddasidan chiqyapmiz. Yuqori maqsadlarga intilmoqchi bo‘lsak, mana shu kayfiyat va tempda davom etishimiz kerak. Jamoamizning o‘yinini shakllantirish va sifatiga ko‘p e’tibor beryapmiz. Yigitlar buni o‘zlashtirishayotganidan mamnunmiz. “Surxon” jamoasi bizga himoyaviy qarshilik ko‘rsatishini bilardik. Shu bois shoshilmasdan, sabrlik bilan vaziyatlarni kutishimiz kerak edi. Ular birinchi golgacha yaxshi qarshilik ko‘rsatishdi. Asosan ikkinchi bo‘limda o‘yin tubdan o‘zgarib ketdi.

- Tanaffus paytida bergan ko‘rsatmalaringizni yigitlar to‘liq bajarishdimi?

- Birinchi bo‘limda gol urganimiz bizga qo‘l keldi. Chunki raqib ham oldinga o‘tishga intilardi. Bo‘sh hududlardan va qarshi hujumlardan unumli foydalanishimizni uqtirgandik. Buni amalda uddalashdi.

- Oybek Bozorov jarohat tufayli o‘yinni o‘tkazib yubordi. Uning ahvoli qanday?

- Menimcha, bir haftadan keyin mashg‘ulotlarga qaytadi. Bugun jarohatlangan Oybek Bozorov va Suhrob Nurulloev yo‘qligi bois sxemamizni o‘zgartirdik. Yigitlarga har qanday sxemada ham o‘ynay olishimiz kerakligini uqtiryapmiz. Tarkibimiz keng emas. Ba’zida yo‘qotishlar bo‘lsa, maydondagi joylashuvimizni o‘zgartirishimizga to‘g‘ri keladi.

- Oldinda O‘zbekiston Kubogi o‘yinlari turibdi. Guruhda asosiy favorit kim?

- Superliganing uchta jamoasida imkoniyat balandroq. Har bir qatnashadigan musobaqada maksimal harakat qilamiz. Tarkibimiz yosh bo‘lsa ham uchta frontda jang qilishimizga to‘g‘ri keladi. Yoshlarni tezroq tajribasini oshirib, o‘ziga bo‘lgan ishonchini ko‘paytirishimiz lozim.

- OFK Kubogiga tayyorgarlik qanday bo‘lyapti?

- Chempionat o‘yinlari orqali tayyorgarlik olib boramiz. O‘ylaymanki, OFK Kubogi o‘yinlari o‘tkaziladigan paytda yaxshi holatda bo‘lamiz. Lekin bizni o‘ylantiradigani Tojikistondagi maydonlar sun’iy ekan. Bu bizga biroz qiyinchilik tug‘dirishi mumkin. Ammo bu sabab bo‘lmaydi, biz guruhdan chiqishimiz kerak.

- Raqiblarni qay darajada o‘rganyapsizlar?

- Turkmanistonda chempionat davom etmayapti. Tojikistonda ikkita tur bo‘ldi. Qirg‘izistonda katta ma’lumot yo‘q. O‘yinlar boshlanayotgan mahalda albatta ularni yana o‘rganib chiqamiz.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Shaymardonov Nurbek Nasimovich
15/04/2021 21:58
Nimaga shunoqa katta musobaqa. Suniy maydonga bulsa. uzi bizagami desam. OFK ham bor ekanki bunoqa. qiliqla. Shu gurih uyinlarini. Qarshiga utkazsa ham bulardi. qushnilarimiz. hech qanaqa samaliyot bilan kelishi ham shart emasdi. uzini Avtobusi bilan kelib. bitta Gastinsaga joylashib. Guruh uyinlari utkazib ketsa ham bulardiki. har qalay Osiyo tan beradigan. Stadiyon bor Nasafka. klubla shugullanadigan. poliyala bor.