
Ro‘ziqul Berdievning klub bilan shartnomasi tugayotgani, Bobir Abdixoliqov nega jamoani tabriklamagani va boshqalar haqida qarshiliklar ustozining fikrlari
O‘zbekiston kubogi finalidan so‘ng ikki jamoa bosh murabbiylari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda qarshiliklar ustozi Ro‘ziqul Berdiev o‘yin borasida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
- Gapirishga ham kuch qolmadi-ku (kuladi). Yil davomida katta mehnat qildik. Ko‘plab uchrashuvlarda maydonga tushdik. Muxlislarimiz uchun qaysidir sovrinni yutishimiz kerak edi. Bunga erishdik, juda ham xursandman. “Nasaf” muxlislari O‘zbekistonda juda ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Ushbu g‘alabani ularga bag‘ishlaymiz.
Maydonda 10 kishi qolgan bo‘lsak-da, tartibli harakat qildik. Futbolchilarimda bir kishi kam bo‘lib qolganimizda ham o‘zlariga bo‘lgan ishonch yuqori bo‘ldi. Bu ularning yil davomida qilgan mehnatlari samarasidir. “Paxtakor” nisbatan mazmunli o‘ynagandir. Kamchilik bo‘lib qolganimizdan so‘ng qarshi hujum yoki standart vaziyatlardan gol kiritishimiz lozim edi. Buni amalga oshira oldik.
Ba’zan maydonda son jihatdan ustun bo‘lgan jamoa bo‘sh harakat qilishi mumkin. Buni biz yaxshi bilardik. Qolaversa, yarim finalda ham 10 kishi bo‘lib g‘alabaga erishdik. Qaysidir ma’noda, bu borada o‘ziga xos tajribamiz bor.
Tanaffusda shogirdlarimga aynan Olmaliqdagi o‘yinni eslatdim. “Paxtakor” ham ikkinchi bo‘limda hujumga berilishi natijasida charchashini ta’kidladim. Shuning uchun, bir qator tezkor futbolchilarni zaxiradan maydonga tushirdik va bu o‘z samarasini berdi, deb o‘ylayman. Asosiysi, yigitlar diqqatni yo‘qotishmadi va oxirigacha harakat qilishdi. Aynan shuning evaziga g‘alaba qozondik.
“Nasaf” joriy mavsum o‘zbek klublari ichida rasmiy o‘yinlarda eng ko‘p maydonga tushgan jamoa. Superliga, kubok va OFK kubogida ko‘plab uchrashuvlar o‘tkazdik. Tarkibimiz u qadar chuqur zaxiraga ega emas. Shu bois mavsum davomidagi bellashuvlarda tarkibda rotatsiya amalga oshirgan holda futbolchilarga dam olish imkonini berib bordik. Bu juda ham og‘ir kechdi. Chempionat o‘yinlarida zaxira o‘rindig‘i “tor ekanligi” natijasida mavsumni 4-o‘rinda yakunladik. Yil avvalida 4 nafar etakchi futbolchimiz jamoani tark etgandi. Biz bir yil ichida yangi jamoani tashkil qilib, bir maqsad sari birlashtira oldik.
Ko‘plab futbolchilarimiz bilan 3-4 yillik shartnomalarimiz bor. Faqatgina yoshi biroz katta futbolchilar va murabbiylar bilan 1 yillik shartnoma imzolangandi. Menimcha, murabbiylar bilan muammo bo‘lmaydi va kerakli futbolchilarni tarkibda saqlab qolishga harakat qilamiz. Albatta, “Nasaf” uchun foydali bo‘lgan yaxshi takilflar bo‘lsa, ko‘rib chiqishimiz mumkin. Rahbariyat tomonidan kelgusi mavsum uchun katta maqsadlar qo‘yilgan.
Bozorov qo‘pol futbolchilar sirasiga kirmaydi. Men qizil kartochka berilgan vaziyatni ko‘rmaganligim uchun yordamchilarimdan so‘radim. Asosiysi, hozir bu narsalarni eslashga hojat yo‘q.
Finalni Bobir Abdixoliqov stadiondan kuzatdi va uni keyingi mavsum jamoada ko‘rishimiz mumkinmi?Agar u finalni stadiondan kuzatgan bo‘lsa, nima uchun bizni g‘alaba bilan tabriklamadi, shunisi qiziq. Albatta, uning klub bilan kelajagi borasida esa balki keyinroq gaplasharmiz, - dedi Ro‘ziqul Berdiev.
Fikrlar