Ruslan Jiyanov: "Olimpik"da o‘ynaganman va ko‘plab do‘stlarim bor, ammo bo‘lajak bahsda bir-birimizga raqibmiz"

  • 29 may, 2024, 11:22
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston Superligasining 10-turidan o‘rin olgan “Navbahor” – “Olimpik” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv arafasida “lochinlar”ning mahoratli yarim himoyachisi Ruslanbek Jiyanov bo‘lajak o‘yin haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Bo‘lajak raqibimiz “Olimpik” joriy mavsum bahslarini yaxshi o‘tkazmoqda va etakchi jamoalarga munosib qarshilik ko‘rsata oladi. Shu bois, mazkur bellashuvning keskin kurashlar ostida hamda shiddatli tarzda kechishi ehtimoli yuqori.

Xabaringiz bor, bir paytlari “Olimpik”da o‘ynaganman va ushbu jamoa tarkibida ko‘plab do‘stlarim bor. Shuningdek, ularning ko‘pchiligi bilan aprel oyida Qatarda bo‘lib o‘tgan U-23 Osiyo chempionatida birga to‘p tepib, yurtimiz tarixida ilk marta Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritdik.

Ammo bo‘lajak o‘yinda bir-birimizga raqib sifatida maydonga tushamiz.       

O‘tgan tur bahsida “Metallurg” bilan durang o‘ynab, muxlislarni ranjitib qo‘ydik. Shu bois, ushbu o‘yinda maydonga o‘zgacha ishtiyoqda tushib, g‘alaba qozonish hamda muxlislarga quvonch ulashish uchun barcha imkoniyatimizni ishga solamiz. 

Ishqibozlardan esa jamoamizni bevosita stadionda munosib tarzda qo‘llab-quvvatlab, g‘alabamizga madadkor bo‘lishlarini so‘rab qolaman. Biz esa ta’kidlaganimdek, ularning ishonchlarini oqlash, uylariga xursand holda qaytishlari uchun raqibni mag‘lubiyatga uchratishga harakat qilamiz.

Fursatdan foydalanib, bizga barcha sharoitlarni yaratib berayotgan Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Shokirjanovich Abdurazzoqov va “Navbahor” PFK vitse-prezidenti Otabek Arifovich Samatovlarga jamoamiz nomidan o‘z minnatdorchiligimizni bildiraman.

Joriy mavsumda jamoamiz o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga erishadi, degan umiddaman,  - dedi Ruslanbek Jiyanov. 

“Navbahor” PFK matbuot xizmati.  

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!