Rustam Saidov: Povetkin bilan jang qilish uslubimiz o‘xshash

  • 4 iyun, 2019, 17:36
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Boks
BEPUL PROPAN

O‘zbek boksining yorqin namoyondalaridan biri, Entoni Joshuaning mag‘lubiyati haqida fikr bildirdi.

Havaskor ringda ikki karra Osiyo chempioni, ikki karra Osiyo o‘yinlari g‘olibi, jahon chempionati bronza medali sohibi, Sidney olimpiadasi bronza medali egasi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi Rustam Saidov bilan suhbatni havola qilamiz.

- Rustam aka, muborak Ramazon oyi yakunlanib bormoqda. Bu oyda odatiy mashg‘ulotlarni o‘tkazish biroz murakkablashgani bois, alohida yondashuv talab etiladi. Bokschilarning mashg‘ulot jarayoniga qanday o‘zgartirish kiritildi?

- Ramazon oyi davomida bokschilarimizning o‘zini yaxshi his qilayotganlarini, belgilangan yuklamalarni qiyinchiliksiz bajarayotganlarini inobatga olgan holda, mashg‘ulotlar jarayoniga o‘zgartirish kiritmaslikka qaror qildik. Uch bosqichdan iborat o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari ko‘ngildagidek davom etmoqda.

- Haliyam shug‘ullanib turasizmi? Sport formangiz hozir qanday?

- O‘zim muntazam sport formamni saqlashga harakat qilaman. Har kuni ertalabki badantarbiyani uchta asosiy mashqlardan boshlayman. Tana mushaklarini bo‘shashtirish, o‘tirib turish va albatta mushtlarni tugib otjimaniyani amalga oshiraman. Ko‘rinishidan oddiy mashqlar bo‘lishiga qaramay, kun davomida tanangizda tetiklikni bir maromda saqlaydi. Vaznimni va sport formamni doim nazorat qilib boraman.

- Boksda super og‘ir vazn eng obro‘lisi hisoblanadi. Profida esa ularga yaxshigani gonorar to‘lashadi. Havaskordagi boy tajribangiz bilan professionallarga o‘tishga nima to‘sqinlik qildi?

- Haqiqatdan ham, o‘ta og‘ir vazn toifasi har jihatdan eng nufuzlisi sanaladi. Karera qilish va biznes nuqtai nazaridan ham mo‘maygina daromad qilish mumkin. To‘g‘ri, men havaskorlarda yaxshi natijalarga erishganman. Biroq, professional va havaskor boks bir-biridan mutlaqo farq qiladi. Bitta sport turi bo‘lishiga qaramay, tayyorgarlik, boks nazariyasi va janglar umuman boshqa formatda. Shuning uchun havaskordagi natijalarim o‘zim uchun etarli deb bildim va ortiqcha tavakkal qilmadim.

- Og‘ir vaznda katta sensatsiya bo‘lganidan xabaringiz bor. Mutloq jahon chempioni, engilmas Entoni Joshua kutilmaganda nokautga uchradi. Raqibning tana tuzilishi, imkoniyatlari esa umuman atletlarga xos emas. Bellashuv haqidagi fikringiz?

- Boks olami uchun kutilmagan natija bo‘ldi. Boksning mohiyati va asl jozibasi ham ana shunda. Endi Ruisning bo‘yi raqibinikidan ancha pastligi, mushaklarining bokschilarga xos rivojlanmaganligi va tayyorgarlik uchun etarli vaqt berilmaganini inobatga olib, barcha boks ekspertlari va bukmekerlar Joshuaning g‘alabasiga shubha qilishmadi. Ruis garchi kuchli zarba o‘tkazib yuborib, nokdanga uchragan bo‘lsa ham, o‘zini tiklab, Entonini 4 marta erga qulatishi ruhan kuchli ekanligini bildiradi. U haqiqiy matonat, sovuqqonlik ko‘rsatib, imkoniyatdan zo‘r foydalana bildi. Bu boks. Unda hamma narsa bo‘lishi mumkin.

- Rossiyalik boks yulduzi Aleksandr Povetkin bilan havaskordagi jahon chempionatida jang qilgansiz. Qaysi jihatlari bilan u sizdan ustun kelgan?

- Men Aleksandr bilan bundan ancha avval Avstraliyaning Brisben shahrida bo‘lgan Yaxshi Niyat O‘yinlarida tanishganman. Povetkin ringdagi sovuqqonligi, mukammal texnikasi, ushlagan joyidan kesishi va kuchli zarbasi bilan ajralib turardi. Shuning uchun ham yuqori natijalarga erishgan. Sasha bilan mening jang olib borish uslubimiz bir-biriga juda o‘xshash.

- Izdoshingiz va shogirdingiz Bahodir Jalolovning zarbasi va profidagi imkoniyatlarini qanday baholaysiz?

- Bahodir ismi jismiga mos mard yigit. Amerikaga ketgach, ham jismonan, ham mahorat jihatidan sezilarli o‘sishga erishdi. Uning kelajagi porloq. Bahodir havaskorlarda ham, profida ham o‘z vazn toifasining eng zo‘r bokschisi bo‘lishi uchun har doim duo qilaman.

- Boks muxlislariga tilaklaringiz?

- E’tiboringiz uchun tashakkur. Doimo boksga oshno bo‘ling va kuzatib borishdan charchamang. Barchangizga mustahkam sog‘lik, a’lo kayfiyat, shijoat va boshlagan ishlaringizga muvaffaqiyat tilayman!

Fazliddin Husniddinov suhbatlashdi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!