
Samvel Babayan: “O‘tirib oling, aks xolda yiqilib tushasiz deyishdi” (Intervyu)
Namanganning “Navbahor” jamoasi bosh murabbiyi – Samvel Babayan “Dangal” loyhasi mehmoni bo‘lganidan xabaringiz bor. Ushbu suhbatni tomosha qilmagan ishqibozlar uchun uning matn ko‘rinishidagi versiyasini taqdim etamiz. Bu ikkinchi qism. Avvalgi qismda terma jamoadagi davri borasida so‘z ketgan bo‘lsa, bu safar “Paxtakor” va “Navbahor” asosiy mavzuga aylangan qismini e’tiboringizga havola etamiz.
“Paxtakor”ga mehr bergani, og‘ir davrlar haqida
Birinchidan, men qanchalik chuqur kirishishim haqida.
Aslida, men unga chuqur sho‘ng‘ib, haftasiga 24 soatdan 7 kun ishlashim va akademiyani ko‘tarishim kerak edi.
"Paxtakor" rahbari bo‘lishimdan avval so‘rashgani yodimda: Tik turibsizmi yoki o‘tiribsizmi?
Men: Tik turibman, dedim.
- O‘tiring, aks holda yiqilib tushasiz, - deyishdi.
Men: - Nima bo‘ldi, tinchlikmi? deb so‘radim.
“Paxtakor” aktsiyadori menga qo‘ng‘iroq qilib: bugundan boshlab siz “Paxtakor” rahbarisiz, desa bo‘ladimi.
Aslida, biz “Olimpiya” jamoasi sifatida shakllantirilib, o‘quv-mashg‘ulot yig‘iniga borib ulgurgandik, “Shaxtyor” bilan o‘yin haqida kelishib olgandik. Shu paytda qo‘ng‘iroq qilishdi. “Olimpiya” – bu Oliy ligada ma’lum imtiyozlar berilgan maxsus jamoa bo‘lib, u erda biz yosh yigitlarni Olimpiadaga tayyorgarlikni hisobga olgan holda yig‘gandik.
Lekin telefonda kutilmagan xabarni eshitdim:
- Endi jamoangiz "Paxtakor" deb nomlanadi. Kim kerak bo‘lsa, “Paxtakor”dan olib, yosh yigitlar bilan birga jamoa tuzing: biz o‘ynaymiz.
- O‘Key!
Biz avvalgi “Paxtakor”dan to‘rt-beshta futbolchini oldik.
“Paxtakor”ga kelganimda menga muhr va yozuv mashinkasini topshirishdi. Asosiy vositalar yo‘q edi, hech narsa yo‘q edi. Stadion ijaraga olingan, baza ijaraga olingan, akademiya yo‘q, hech narsa yo‘q. Faqat muhr va yozuv mashinkasi bor.
“Paxtakor”ni tark etayotganimizda stadion, baza, Chilonzordagi baza, ulkan tizim, akademiya va mamlakatning eng iqtidorli yigitlarini qoldirdik.
Endi – Nima uchun? degan savolga javob beray.
Tabiiyki, bizda pulni shunchaki behuda sarflash imkoniyati yo‘q edi, bizda oddiy byudjet, asosiy xarajatlarga etadigan byudjet bor edi. Tabiiyki, men ishni shunga mos ravishda tashkil qilishim talab qilinardi.
Akademiya yo‘q edi. Ma’lum bo‘lishicha, ular akademiya nomidan o‘ynash uchun kasaba uyushmalari maktabidan jamoalar olishgan. Tasavvur qiling-a, bu qanday sharmandalik: “Paxtakor”ning na o‘z maktabi, na bolalar murabbiylari shtat birliklari bor edi.
O‘shanda men akademiya yaratishni boshladim, u erda kunim katta hajmdagi selektsiya ishlarini bajarishga ulgurish uchun ertalab soat 8:00 dan boshlanardi. Albatta, dastlab qiyinchiliklarni engib o‘tishga to‘g‘ri keldi, jamoalarimiz bolalar maktablari o‘rtasidagi eng kuchli futbol turnirlaridan bo‘lgan shahar chempionatida sovrinli o‘rinlarni egallashdi, keyin esa shahar va respublikada etakchilik qila boshlashdi. Vaqti etib bosh jamoaning o‘yinchilariga aylangan yigitlar ana shu maktabda toblanishdi. Shunday qilib, iqtisodiy nuqtai nazardan, chinakam professional klub uchun bu eng maqbul yo‘l, ya’ni tizimning vertikali qurilgan, siz ko‘p pul sarflab futbolchi sotib olmaysiz, kelgan futbolchilarning shartnomalariga katta miqdorda mablag‘ ishlatmaysiz, lekin asta-sekin rag‘batlantirish va o‘sishga undash orqali o‘z yigitlaringizni rivojlantirasiz.
Endi siz: Masharipovlar qaerda, Shomurodovlar qaerda? deb so‘rayapsiz.
Bugungi kunda har qanday bolalar murabbiyi avtomatik ravishda agentga aylanishi urf bo‘ldi. Bu – futbolimizning katta muammosi. Futbolchi karerasini kim boshqaradi? Bugungi kunda iqtidorli yigitlar ko‘p, ammo, afsuski, masalaning mohiyatini, qanday qilib to‘g‘ri rivojlantirishni ob’ektiv ravishda tushunmaydigan noprofessionallar aralashib salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Natijada, bunday qarasangiz, iste’dodli futbolchilar chindan ham ko‘p, lekin keyin negadir ular yuksak saviyada o‘ynamaydi. Chunki bugun ota-onalar, bolalar murabbiylari hamda yuksak maqsadlar va imkoniyatlar haqida gapiradigan, lekin o‘zi amalda hech narsa qilmaydigan ayrim firibgarlar agentga aylanishmoqda. Bu bugungi futbolimizning balosi, futbolchini boshqaradigan odamlar, afsuski, talablarga javob bermaydi. Bu ish bilan uni qanday bajarishni biladigan mutaxassislar shug‘ullanishi kerak.
O‘spirinlar jamoasidan yuksak cho‘qqiga chiqqanlar haqida ko‘plab misollar mavjud. Shartli ravishda Axmedov yoki Shomurodovning faoliyatini olaylik. Chunki ushbu bolalar rivojlanishining barcha bosqichlarida ular bilan professionallar ish olib borishdi. Shuning uchun ularning martabalari o‘sdi.
Bugungi kunda esa erikmagan har kimsa yosh futbolchilarning boshini cho‘pchaklari bilan qotirib tashlamoqda va men bunga qanday qarshi turishni bilmayman. Masalan, ular bizning yigitlarimizni ham olib ketishga harakat qilmoqdalar. Bu erda Namanganda katta ish qildik. Bolalar va o‘smirlar futboli jonlandi, terma jamoalar instituti joriy etildi. Bunday tizim yo‘q edi. Bugungi kunda har bir yosh toifasida 10 yoshdan boshlab Namangan viloyati terma jamoasi mavjud. Bu mening tashabbusim, uni viloyat hokimi qo‘llab-quvvatladi. Va shunga o‘xshash vaziyatda ham kimdir bizning shogirdlarimizni olib ketishga urinmoqda.
Asosiy vazifa nima?
Tayanch yarim himoya zonasidagi eng iqtidorli ikki futbolchiga qarang: Axmedov va Hamrobekov. Futbol sir-asrorlarini biri Toshkentda, ikkinchisi Qarshi shahrida o‘rgandi. Ammo bugun Namanganda barcha sharoitlar yaratilgan. Shunday ekan, yigitlar nima uchun ketishlari kerak?
Afsuski, o‘zi hayotda hech narsaga erishmagan noshudlar yigitlarimizni o‘ziga og‘dirib olishga harakat qilmoqda. Biroq, endi bizda bunga imkoniyat yo‘q, men nazoratni o‘z zimmamga oldim. Masalan, men o‘zim kuzataman, yosh yigitlarga mashg‘ulotlar jarayonini to‘g‘ri tashkil qilishda yordam beraman, tajribamdan kelib chiqib yigitlarni qanday qilib to‘g‘ri boshqarish, ularni psixologik nuqtai nazardan rag‘batlantirishga yordam beraman.
Natijalar uzoq kuttirmaydi: U17 terma jamoasida “Navbahor”dan 6 futbolchi bor. Biz bu yigitlarning rivojlanishiga alohida e’tibor qaratamiz. Bugun 16 va 17 yoshli bolalar bosh jamoa bilan mashq qilishadi, o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlariga borishadi. Kelajak ularniki ekaniga ishonchim komil.
Biroq futbolimizning asosiy muammolaridan birini hal qilishimiz shart.
Klubdagi moliyaviy ahvolni yaxshilash uchun shaxsiy narsalarini sotgani rostmi?
Aslida, bugun men nima bo‘layotganini ko‘rib turibman: maoshning bir oylik kechikishi yoki har qanday boshqa muammo butun mamlakatga yoyilmoqda, futbolchilar yozishni boshlamoqda. Lekin bu noto‘g‘ri. Noto‘g‘ri!
Nima uchun deysizmi?
Agar siz jamoaga kelgan bo‘lsangiz, qaror qabul qilgan bo‘lsangiz, demak sizda boshqa variant yo‘q. Siz ushbu jamoada mavjud imkoniyatlarni hisobga olishingiz, uni hurmat qilishingiz darkor. Ammo agar boshboshdoqlik va qonunsizlik chinakamiga avj olsa, unda tegishli idoraga murojaat qilish kerak.
Biz ba’zan moliyalashtirish bilan bog‘liq muammolarga duch keldik. Lekin har doim o‘z so‘zimizni bajarganmiz. Biz hech qachon san-manga bormadik. Buni hamma biladi. Bu oiladagi muhitdan dalolat beradi. Hammaga ma’lum, har bir oilaning o‘z sirlari bo‘ladi. Biz oilaviy muhit yaratishga urindik. Shuning uchun ham natija, ham munosabatlar insoniylik tamoyillar asosida to‘g‘ri qurilgan. Shunday qilib, kimdir muammoga duch kelganida, so‘zlarimiz uchun, va’dalarimiz uchun javob berishga to‘g‘ri kelgan.
Ehtimol, hozir bu biroz g‘ayritabiiy tuyular, lekin menimcha, bu qahramonlik emas. Bu bor-yo‘g‘i siz shunday yo‘l tutishingiz zarur bo‘lgan vaziyat. Shunchaki, aktsiyadorlar ham, rahbariyat ham – biz birgalikda so‘zlarimiz uchun javobgar edik, majburiyatlarimizni bajardik.
Turli xil vaziyatlar ro‘y bergan, lekin kvartira haqida sal oshirib yuborishibdi. Nima uchun deysizmi? Men oilamni ko‘chada qoldirolmasdim-ku. Ammo o‘z majburiyatlarimni bajarish uchun ba’zi qimmatbaho buyumlarni sotishga to‘g‘ri kelgani bor gap.
“Paxtakor”dan ketgani haqida
Birinchidan, “Paxtakor”ni milliy terma jamoa murabbiyi bo‘lganim uchun tark etdim. Aktsiyadorlar bilan birga ketishimizni vaziyat taqozo qildi, o‘shanda moliyalashtirishni davom ettirish mushkul edi. “Paxtakor”ni moliyalashtirishni davom ettirishni o‘z zimmasiga oladigan odamlar topilgandi.
Aslida, men endi qonunga binoan ishlay olmasdim. “Paxtakor” va terma jamoa o‘rtasida uzviy bog‘liqlik borligi, o‘shanda bu o‘ziga xos mashg‘ulot maydonchasi, tayanch klub bo‘lib va bu erda ishni davom ettirish muhim ekani bois Mirabror Zufarovich dastlabki bosqichda menga klubdayam ishlashga ruxsat berdi. Keyin yana tanqid, matbuot bosimi bo‘lganida, u: Samvel, endi tugatish kerak, dedi. Qonuniy ravishda men futbol federatsiyasining xodimi edim, milliy terma jamoa bilan shartnomam bor edi.
Biz munosib ketdik, qo‘limizdan kelgan barcha ishni qildik: bu 15 yillik tarix, menimcha, bu shonli tarix: “Paxtakor” jonlandi, biz klubning o‘tmishdagi shonli an’analarini tikladik, Chempionlar Ligasida ikki bor yarim finalga chiqish, 9ta chempionlik, 8 ta kubok, Hamdo‘stlik chempionlari Kubogi, Osiyoda eng yaxshi klub sifatida tan olinishi! Shubhasiz, kimdir qanchalik xohlamasin, hech kim buni o‘chirib tashlay olmaydi, bu katta yutuqlar. O‘ylaymanki, kelajakda hech kim bunday muvaffaqiyatga erisha olmaydi. Bu jiddiy natija, biz aktsiyadorlar – aka-uka Raximovlar bilan bilan birgalikda eng shimarib ishlab, buni uddaladik. Bu ulkan ish edi, bu jarayonga tamomila o‘zimizni bag‘ishlagan edik. Biz klub hayoti bilan bog‘liq barcha masalalarni birgalikda ertalabdan kechgacha tinimsiz muhokama qilib, echim topdik. Yigitlar biznes bilan shug‘ullanib, asosan “Paxtakor” uchun ishladilar. Bu ajoyib tarix.
Biroq afsuski, qurilgan vertikal hozir yo‘q, bugungi kunda jamoani shakllantirishning boshqa tamoyillari amalda. Ammo bu hozirgi aktsiyadorlarning ishi, bizniki emas. Men buni muhokama qila olmayman. Biz tizimni biroz boshqacha quramiz.
“Navbahor”da ishonch kreditlari ko‘pmi?
Biroz kamroq, albatta. Chunki akademiya talabalari o‘zlarini bundan ham oldinroq ko‘rsata boshlagandilar. Albatta, 10 yil juda ko‘p, hech kim sizga 10 yil bermaydi. Klub xususiy bo‘lganligi sababli, biz xavfsiz rivojlanishimiz va rejalashtirishimiz mumkin bo‘lgandi. Endi hech kim oyoqqa turib olishingizni 10 yil kutmaydi.
Falsafani to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish uchun, aytaylik, menga Namanganda bir yil kerak bo‘ldi. Natijalar ko‘zga tashlanib turibdi, asosiy jamoaning natijalari va akademiya ishi natijalari. Eng muhimi shundaki, uni muntazam ravishda, har kuni qo‘llab-quvvatlab borish kerak. Agar biz buni bir yil ichida qilgan bo‘lsak va keyin hamma narsa yana nolga tushib qolsa, bu yaxshi emas, albatta.
Men o‘rinbosarlar tarkibi va akademiya murabbiylari bilan uchrashdim.
So‘radim: Hamkasblar, ish davom etyaptimi? - Ha, biz davom ettiryapmiz.
Tanlov olib borilyaptimi? – Olib borilyapti.
Terma jamoalar tarkibi takomillashtirilyaptimi? - Ha, tarkibda o‘zgarishlar amalga oshirilyapti.
Ya’ni, ish olib borilmoqda va u har kuni davom etishi darkor. U to‘xtamasligi uchun kimdir mas’ul, boshqalarni o‘z ortidan ergashtiruvchi bo‘lishi kerak. Shunda natijaga erishiladi. Bir yildan keyin (shunchaki, hozir yuksak vazifalar va katta mas’uliyat bor) Namanganda akademiyamiz tarbiyalanuvchilari, mahalliy 19-20 yoshli yigitlar asosiy tarkibda paydo bo‘lishi mumkin. Ular bor, ular biz bilan ishlamoqda.
“Paxtakor”ga kelsak, biz u erda hamma narsani noldan boshlagandik. Axir hech narsa yo‘q edi. Bu erga, Namanganga kelganimda, hamma narsa ishlayotgan, sharoitlar mukammal edi. Yo‘nalish berish hamda futbolchilarning saviyasini sinovdan o‘tkazish va eng yaxshilarini aniqlash talab qilinardi. Birinchi jamoa uchun alohida sharoitlar yaratishimiz kerak bo‘lgani bois viloyat terma jamoalarini tuzdik. “Paxtakor”da esa o‘shanda hech narsa yo‘q edi.
“Harakatda baraka” deb bejiz aytilmagan. Har kuni harakat qilish kerak, shunda natija bo‘ladi.
Nega birdaniga bosh murabbiy etib tayinlanmadi?
Birinchidan, men maslahatchi edim, lekin amalda bosh murabbiyning barcha vakolatlariga ega edim, barcha mas’uliyatni zimmamga oldim.
Nima uchun? - Chunki jamoa juda og‘ir ahvolda edi, 10-o‘rinda borayotgan va ikkinchi davrada omon qolish uchun kurashishga to‘g‘ri keladigandek edi. Shuning uchun men barcha yukni, barcha mas’uliyatni o‘z zimmamga oldim.
Nega darhol bosh murabbiy bo‘lmadingiz? - Viloyat hokimi bilan kelishuv shunday edi. Men muzokaralarda har doim halol bo‘lganman, yanvar oyida birga ishlashni boshlashimiz kerak edi. Ammo menda chet elga borish imkoniyati bo‘lib, agar pandemiya pasaysa va chegaralar ochilsa, ketishim mumkinligini ro‘yi-rost aytdim. Bu ularga unchalik mos kelmadi, shuning uchun biz yanvar oyidan ish boshlamadik. Biroq jamoa mushkul ahvolda qolganida, men bilan yana bog‘lanishdi va biz yil oxirigacha hamkorlik qilishga kelishib oldik. Men ishlashim hamda jamoaning oldinga sifatli qadam tashlashi uchun sharoit yaratilayotganini ko‘rsam, shartnoma uzaytirilishi ko‘zda tutilgan edi. Amalda shunday ham bo‘ldi. Ammo menda avvaldan bosh murabbiy vazkolatlari bor edi.
Birinchi muammo – bu kadrlar. Legionerlarning saviyasi talabga umuman mos emasdi. Chetdan kelganlar biznikilardan ancha zaif edi. Biz yaxshi selektsiya o‘tkazdik va keyin kelganlar yangi yanada yuqori darajaga ko‘tarilishimizga yordam berishdi. Tsiger biz bilan qolib, o‘zini ishonchli himoyachi sifatida ko‘rsatdi.
Yana qanday muammo? – Infratuzilma. Ko‘p narsa o‘zgardi va bugun siz bizning bazamizdasiz. Bu Shavkat Shokirjonovich sharoit yaratgani natijasidir. Agar sharoit bo‘lmasa, yigitlarni taklif qilishning iloji yo‘qligini aytdim.
Uchinchisi – bu erda o‘zgarishi kerak bo‘lgan mentalitet. Rahbariyat va muxlislar jamoaga nisbatan o‘ziga xos qarashga ega. Men yigitlarni shunchaki hurmat qilish va sevish kerakligiga ishontira oldim. Ularga nafaqat iste’molchi nuqtai nazaridan qarash, balki ularga insoniy munosabatda bo‘lishimiz zarur. Jamoa munosib o‘ynamaganida nizolar, turli voqealar ro‘y bergan. Klub rahbari jamoaga, har bir insonning barcha muammolari ichiga kirishi kerak, shunda munosib javob qaytariladi. Agar siz unga shartnoma tuzgan odamga kabi munosabatda bo‘lsangiz, faqat iste’molchidek muomala qilsangiz, u hech qachon jamoani chin qalbdan yaxshi ko‘rmaydi. Biz oilaviy muammolar, insoniy muammolarni sinchkovlik bilan o‘rganib hal qilishga kirishsakgina munosib aks-sado olishimizga klubdagilarni, shu jumladan boshqaruv tizimidagilarni ham ishontira oldim.
Avval buni tajribamda ko‘rganman. Mening o‘ziga xos oilam bor edi. Bilasizmi, men ularni uylantirdim, qiyin paytlardayam, quvonchli daqiqalardayam yonida edim ...
Aynan mana shu muhit odamlar ishga qalbi bilan kirishishi, ko‘ksidagi klub ramziga befarq bo‘lmasligi, ular tom ma’noda g‘oyani anglab etishi, vazifasini to‘la-to‘kis ado etishi uchun zamin hozirlaydi. Chunki inson omili mavjud. Bu men bu erda menejmentda o‘zgartirishga muvaffaq bo‘lgan uchinchi jihat.
O‘tgan mavsumdagi ikkita kumushni bitta oltinga almashtirgan bo‘larmidi?
Kubokda ham, chempionatda hammi?
Ha.
Aslida, tom ma’noda kirib boruvchi va barcha harakatlarimizni birlashtiruvchi juda qiziq savol.
Birinchidan, biz “Navbahor” brendini jonlantirishga muvaffaq bo‘ldik. Rostini aytsam, “Navbahor” avji kuchaygan paytda men bu erda ishlagan edim. Men buni yaxshi bilaman. Men o‘sha muhitda bo‘lganman, 1995, 1996, 1997 yillar bu erda ajoyib bir davrda o‘zim ham tarbiyalandim va kamol topdim. Bu erda ko‘plar havas qilgan yigitlar o‘ynashdi, yuksak imkoniyatlar yaratilgan va natijalar ularga mos edi. Biz brendni qaytardik.
Bugun, to‘g‘ri aytganingizdek, “Navbahor” bizning futbolimizda eng ko‘p tilga olinadigan jamoa.
Endi natija haqida…
Albatta, ishimizning natijasi Kubok yoki chempionat bo‘lishi kerak edi, yoki ikkalasi ham. Biz bunga loyiq edik. Nega bu o‘xshamadi? - Ehtimol, futbol xudosi, u adolatli: yigitlar, qilgan ishingiz uchun rahmat, lekin hali erta shekilli, deb qaror qilgandir.
Xolisona e’tirof etilsa, biz juda ko‘p ishlarni amalga oshirdik. Bu ishlar professionallarcha bajarilgani, yurakdan qilinganligini hech kim inkor eta olmaydi. Barchamiz: ma’murdan, oshpazdan boshlab to mamlakatimizning eng yaxshi futbolchisigacha fidoyilarcha ishladik. Ehtimol, bir yil ichida hamma narsani qilib ulgurish juda sodda echim bo‘larmidi.
Biz ba’zi salaflar yurgan yo‘ldan bormadik. “Bunyodkor” bilan vaziyatni yaxshi eslaysiz. Sal kamroq darajada “Do‘stlik”, kamroq darajada MHSK va bizdan keyin “Paxtakor” qaysi yo‘ldan yurdi? Ular barcha yaxshilarni olishdi, shunchaki hammasini bir vaqtning o‘zida sotib olishdi. Vaholanki, buning uchun ko‘p aql kerak emas. Shuningdek, biz sarflaganimizdan farqli o‘laroq, olti baravar ko‘p byudjet. Agar aktsiyador bir lahzalik natijani istasa, buning uchun biz butun O‘zbekiston terma jamoasini o‘zimizga og‘dirib olib, natijaga erishishimiz mumkin edi. Lekin biz bu yo‘ldan bormadik.
Bizga boshqa klublarga kerak bo‘lmagan yaxshi futbolchilar kelishdi. Masalan, Sobirjonov. U bugun jamoamizning etakchilaridan biriga aylandi.
Biz o‘z yo‘limizdan bordik. Byudjetimiz cheklangan. Kim nima deyishidan qat’i nazar, Superliga jamoalari orasida beshinchi byudjetga egamiz. Biz to‘g‘ri falsafani qurish yo‘lidan bordik, bizda nafaqat pul uchun, balki g‘oya uchun o‘ynaydilar. Menimcha, ishga to‘g‘ri yondashish muhim, pul orqali natija berish esa... Shuning uchun bunday natija tezda unutiladi.
Bugun “Paxtakor”ning qaysi muvaffaqiyatlari alohida ehtirom bilan bilan eslanmoqda? 2014-15 yillarda ba’zi uchrashuvlarda maydonda jamoaning faqat o‘z tarbiyalanuvchilari bo‘lganida qoyil qolib tasanno aytishgan! Bunga vertikal ishlaganda, falsafa ishlaganda, tizim ishlaganda erishish mumkin. Ko‘ryapsizmi, xuddi shu narsa shu erda, biz natijaga erishmoqchi va erisha oladigan jangovar tayyor jamoani yaratmoqdamiz, biz bu vertikalni ham meva berishi uchun qurmoqdamiz.
Ha, albatta, biz yaqin keldik, kubok va chempionlikni olishimiz mumkin edi. Biroq, futbol xudosining hukmi adolatli.
Menimcha, agar biz bitta sovrinni qo‘lga kiritganimizda, bu ishimizning munosib natijasi bo‘lardi.
1 qism Samvel Babayan: "Menga Eldor Shomurodov etishmadi"
To‘liq intervyu
Fikrlar