Sanjar Shoahmedov: "Bu biz kutgan o‘yinimiz bo‘ldi"

  • 2 aprel, 2024, 10:40
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Mavsumni uchta mag‘lubiyat bilan boshlagan Samarqandning “Dinamo” jamoasi 4-turda nihoyat o‘z maqsadiga erishdi.

Jizzaxda “Dinamo” “Metallurg”ni qabul qildi va qiyin kechgan bahsda samarqandliklar 2:1 hisobida g‘alabani qo‘lga kiritdi. Buning uchun mardonavor kurashgan va faol o‘ynagan “Dinamo” yarim himoyachisi Sanjar Shoahmedov Sports.uz uchun o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

- "Dinamo" ilk g‘alabasini qo‘lga kiritdi. Ammo qiyin kechgani rost. Bahs siz kutgandek kechdimi?

- Bu o‘yinga jiddiy tayyorlangandik. Nimaga desangiz “Metallurg”ga ham, bizga ham g‘alaba nihoyatda zarur edi. Raqib jamoa ham faqat durang o‘ynayotgandi. Tabiiyki, bizga ham g‘alaba juda zarur edi. Birinchi g‘alabani tezroq boshlash va futbolchilar bir-biriga ishonchi ortishi uchun ham uch ochko muhim edi. Aytishim lozimki, bu biz kutgan o‘yinimiz bo‘ldi. Shiddatli, hujumkor kechdi.

- "Metallurg" maydonda bir futbolchi kam bo‘lib o‘ynadi va bu holat "Dinamo"ga qanchalik qo‘l keldi? Agar qizil bo‘lmaganida o‘yin stsenariysi qanday kechardi, deb o‘ylaysiz?

- To‘g‘ri, maydonda 10 kishi bo‘lib to‘p surish baribir jamoaga qiyinchilik tug‘diradi. Bir o‘yinchining yo‘qligi har qanday klubga bilintiradi. “Metallurg” futbolchisi maydondan chetlatilgunga qadar ham 11 ga 11 o‘ynayotgan chog‘imizda asta-sekin tashabbusni o‘z qo‘limizga olayotgandik. To‘g‘ri, ular 10 kishi bo‘lib qolishgach, penaltidan gol urdik. Keyin yanada hujumni oshirdik va yakunda g‘alabaga erishdik.

- Vadim Abramovning ko‘rsatmalarini qanchalik bajardik, deb ayta olasiz?

- Vadim Abramovning ko‘rsatmasini barcha o‘yinchilar qo‘lidan kelganicha bor kuchini berib bajarishga harakat qilyapti. Menimcha, “Metallurg”ga qarshi bahsda ham aytgan ko‘rsatmalari ancha-muncha o‘xshadi.

- "Dinamo" dastlabki uchta o‘yinda mag‘lubiyatga uchradi. Bu jamoaga qo‘shimcha bosim o‘tkazayotgani rostmidi va "Metallurg" bilan bahsda shu holat xalaqit qilmadimi?

- Ha, uchta uchrashuvdan beri g‘alaba qozona olmayotgandik. Hamma yigitlar mas’uliyatni sezib turishgandi. Qiyin uchrashuv bo‘lishini ham bilardik. Hamma yigitlarda bosim bor edi. Muxlislar ham, rahbariyat ham natija so‘rayotgandilar. Shuning uchun ham jamoada o‘ziga yarasha bosim bor edi. Xudoga shukr, g‘alaba qozonib ularni xursand qildik. Albatta, bunday bosimda to‘p surish qiyin bo‘ladi. “Metallurg”ga qarshi o‘yinda yigitlar o‘z so‘zini aytishdi va uch ochkoga ega chiqdik.

- O‘yinni Samarqandda emas, Jizzaxda o‘tkazyapsizlar. Bu jamoaga qaysidir tomonlama ta’sir qilyaptimi?

- Hamma o‘z shaharida, muxlislari qarshisida o‘ynasa albatta yaxshi. Vaziyatdan kelib chiqib hozir boshqa joyda o‘ynab turibmiz. Maydonimiz yangilanyapti. Qachonki, hammasi tugasa Samarqandga qaytamiz. Ungacha boshqa maydonda o‘ynashga majburmiz.

- Hozircha chempionatimizda sizga qaysi jamoa ko‘rsatayotgan o‘yin yoqyapti?

- Qaysidir jamoani o‘yini yoqyapti yoki yoqmayapti deya olmayman. Nega deganda, to‘g‘risi, men boshqa klublarni tahlil qilmayman. Xayolim faqat o‘zimni jamoam bilan bog‘liq. Shu bois boshqalarni jiddiy kuzatmayman.

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Mahmud Ttww
02/04/2024 15:18
Ўзи ўтган йили шу ерда сан билан халилов ўйнаганди Сўғдиёна таркибида, яна нозланасан, шукур қил Жиззах майдонини берганига.