"Sekeyraning barcha fikrlariga qo‘shilmasam-da, lekin..." yoxud "Lokomotiv" futbolchisi klubdan ketadimi?

  • 3 noyabr, 2021, 05:43
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘z oldiga jiddiy vazifalarni qo‘ygan “Lokomotiv” klubi joriy mavsumni sovrinlarsiz yakunlaydigan bo‘ldi. Boisi, jamoa 33 ochko bilan musobaqa jadvalida 6-o‘rinda boryapti.

Tecno

Lekin tarkibida yaxshi saviyadagi o‘yinchilar talaygina. Ayniqsa, ushbu mavsumda iqtidorli hujumchi Aziz Amonov ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. U o‘z o‘yini va gollari bilan muxlislarning ham ishonchini qozonyapti. Ushbu mavsumda yaxshigina o‘sishga erishgan futbolchini hatto “Loko”ning joriy mavsumdagi eng yaxshi o‘yinchisi deb ham hisoblamoqdalar. Amonovning bu masaladagi fikri qanday?

- “Lokomotiv” jamoasida o‘zimni eng yaxshi o‘yinchi, deb aytmagan bo‘lardim. Chunki jamoadoshlarim tomonidan menga uzatib bergan to‘plarni va yaratilgan imkoniyatlarni golga aylantirganim uchun chetdan shunday ko‘rinayotgandir. Muxlislarning men haqimda iliq fikrda bo‘lishlariga katta sabab jamoadoshlarim bo‘ladi. To‘g‘risini aytsam, o‘yinimdan qoniqmayapman. Chunki o‘yinlar davomida ko‘plab xatolarga yo‘l qo‘yyapman, - deya bu mavzuda fikrini bildirdi, futbolchi.

Yaqinda “Lokomotiv” bosh murabbiyi Mikael Sekeyraning Qo‘qondagi o‘yindan keyin matbuot anjumanida aytgan gaplari shov-shuv ko‘tarib yubordi. Uning fikrlariga qo‘shilayotganlar ham, qo‘shilmayotganlar ham bor. Mazkur masala yuzasidan Amonovning munosabatini bilishga qiziqdik.

- Sekeyraning aytgan barcha fikrlariga qo‘shilmasam-da, lekin 80 foiz gaplariga qo‘shilgan bo‘lardim. Yana bilmadim, mendan ko‘ra, aqlli mutaxassislar va professionallar shu sohada ishlaydi, hammasi ularga ko‘proq ayon, - dedi futbolchi.

amonov1

Yuqorida aytganimizdek, bu yil “Lokomotiv”ning oldiga qo‘ygan maqsadi jiddiy edi. Biroq jamoaning o‘yinida barqarorlik etishmayotgani haqiqat. Shuning evaziga bir qancha ochkolarni ham yo‘qotdi. O‘z o‘rnida Azizbek Amonov buning sababini shunday izohladi:

- Barqaror o‘yin ko‘rsatishimiz uchun vaqt kerak. Bilasiz-ku, futbolda mag‘lubiyat bilan g‘alaba doim yonma-yon yuradi. Gohida omadimiz kelmay qolyapti. Chunki biz 90 daqiqa davomida yutib tursak ham hujumkor o‘yin taklif qilishga urinaveramiz. “Lokomotiv” jamoasini barqarorlikka erishishi uchun bor kuchimiz bilan harakat qilyapmiz. Nasib qilsa, bunga ham erisharmiz.

O‘yinida o‘sish kuzatilayotganini hamma e’tirof etyapti. Milliy terma jamoa bosh murabbiyining ham nazariga tushib qoldi. Futbolchi yangi qirralarini kashf qilyapti, desak ham mubolag‘a bo‘lmaydi. Bizningcha, bunday o‘yinchini o‘z safida ko‘rishni xohlovchilar ham bisyor. Yoki chetga ketish haqida o‘ylayaptimi?

- Xorijdan hali takliflar bo‘lmadi. To‘g‘risi, meni bundan xabarim ham yo‘q. Ammo o‘zimizni mahalliy jamoalardan qo‘ng‘iroqlar qilishganida shartnomam borligini aytganman. Chunki hali “Lokomotiv” klubiga tegishliman, yana bir yillik kelishuvimiz bor. U yog‘iga Xudo nimani nasib qilgan bo‘lsa, o‘shani ko‘raveramiz, - deya javob berdi.

amonov2

Darvoqe, “Paxtakor”ning birvaqt chempionlikni rasmiylashtirgani chempionat saviyasiga putur etkazdimi? Bu yil saviya pasaydimi? Har holda bu borada xilma-xil fikrlarni eshitishimizga to‘g‘ri kelyapti. “Loko” hujumchisi esa o‘z munosabitini bildirdi.

- Bu yilgi Superligani o‘tgan mavsumdagiga qaraganda juda qizg‘in va shiddatli o‘tyapti, deb o‘ylayman. “Paxtakor” muddatidan oldin chempion bo‘lgani bilan bu chempionatimizdagi intrigani tushirgani yo‘q. Bu yil hamma jamoa bir-biriga munosib qarshilik ko‘rsatmoqda.

Shu bilan birga Amonovdan “Lokomotiv”ning ushbu mavsumdagi eng yaxshi futbolchisi deya kimni hisoblashini ham bilmoqchi bo‘ldik va bu xususida shunday dedi:

- Men uchun joriy mavsumda Temurxo‘ja Abduxoliqov ajoyib o‘yinlar ko‘rsatmoqda. U jamoani har tomonlama va har qanday og‘ir holatdan olib chiqib keta oladi. Shuningdek, jamoadoshlariga kayfiyat ham ulashadi. Temurxo‘ja Abduxoliqov ham insoniy jihatdan, ham futbolchi sifatida haqiqiy etakchi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!