
Seni Mourino kutyapti, tezroq ketgin!
“Tottenxem” rahbariyati klub tarixidagi eng qimmat transfer egasi Tangi Ndombeledan tezroq qutilishga harakat qilyapti.
Frantsiyalik yarim himoyachi uchun “Tottenxem” 2019 yilda 63 million funt miqdorida mablag‘ sarflagan edi. Hozirgi paytda bu o‘yinchi murabbiylar va muxlislar ishonchini oqlay olmadi. “Tottenxem”ning Angliya kubogi doirasida “Morkama” jamoasiga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvida ishqibozlar Ndombelege hushtakvozlik qilib, undan noroziligini bildirdi.
25 yoshli futbolchi imkon borida klubdagi o‘rnini saqlab qolmoqchi. Biroq mutasaddilari uni tezroq boshqa jamoaga o‘tkazib yuborish maqsadida Ispaniya va Italiya klublari bilan muzokara boshlagan.
Ndombelega Joze Mourino ham qiziqmoqda. U avvallari o‘zi chiqisha olmagan sobiq shogirdini “Roma”ga olib kelmoqchi.
Tangining londonliklar bilan shartnomasi yakunlanishiga yana uch yarim yil vaqt bor.
Fikrlar