
Sergey Kucherenko: "Nasaf"dek o‘z tarixi va falsafasiga ega bo‘lgan klubning inqirozi o‘zbek futboli uchun qimmatga tushishi mumkin
Oxirgi paytlarda yana “Nasaf” atrofida yuz berayotgan voqealar ko‘pchilikning e’tiborini tortyapti. Ayniqsa, moliyaviy muammo tufayli klubda jiddiy inqiroz yuzaga kelayotgani xavotirli, albatta.
“Nasaf” bosh direktori Sergey Kucherenko klub matbuot xizmatiga jamoaga oid voqealarga o‘z munosabatini bildirdi.
- Avvalambor, Ro‘ziqul Berdiev boshchiligidagi murabbiylar shtabiga, futbolchilarimizga hozirgi qiyin vaziyatga qaramasdan, o‘z faoliyatlarini olib borayotganlari uchun minnatdorligimni bildiraman va ularning mehnatlarini qadrlayman. Hozirgi kunda pandemiya tufayli nafaqat bizda, balki butun dunyoda ham qiyin vaziyat. Shunday murakkab holatda ham bizga ishongan, qo‘llab-quvvatlab turgan jamoamizning sodiq muxlislariga ham alohida tashakkur, deb qolaman.
Qanchalik qiyin bo‘lmasin, hozirgi kunda ham klubimiz o‘z falsafasi asosida faoliyatini davom ettirmoqda. Shu kecha kunduzda milliy hamda yoshlar terma jamoasiga to‘qqiz nafarga yaqin futbolchilarimiz jalb qilindi. Bundan tashqari, “Nasaf” futbol klubining o‘ttizga yaqin tarbiyalanuvchilari turli yosh toifasidagi terma jamoalarga nomzod hisoblanadi. Bu futbolchilar nafaqat “Nasaf” jamoasini, balki O‘zbekistonning sha’nini xalqaro maydonlarda himoya qilishadi. Agar klubimizga bo‘lgan e’tibor susaymasa jamoamiz terma jamoalarga futbolchilarni etkazib berishni ko‘paytirsa ko‘paytiradiki, aslo to‘xtatmaydi.
Homiylardan, sport, xususan futbolimiz mutasaddilaridan Respublikada har tomonlama o‘z o‘rniga ega bo‘lgan jamoamiz taqdiriga befarq bo‘lmasliklarini so‘rab qolaman. “Nasaf”dek o‘z tarixi va falsafasiga ega bo‘lgan klubning inqirozi o‘zbek futboli uchun juda qimmatga tushishi mumkin, - deydi Sergey Kucherenko.
Fikrlar