
Shahram G‘iyosov ijtimoiy tarmoq mashg‘ulotlarga qanchalik halaqit qilishi va til muammosi haqida gapirdi
Professional boksda mag‘lubiyatsiz seriyani namoyish etayotgan Shahram G‘iyosov ijtimoiy tarmoqlarda qanchalik faolligi va chet elga chiqib, til muammosiga uchragani haqida gapirib berdi.
"Ochig‘ini aytaman, ijtimoiy tarmoqlarga ko‘p ham kirmayman. "Instagram"dagi shaxsiy sahifamni bir o‘zim yurg‘izmayman. O‘z menejerlarim bor va aynan ular materiallarni joylashtirib turadi. Ha, to‘g‘ri o‘zim ham foydalanaman, ammo doim ham emas.
Amerikaga borganimda til borasida qiynaldim. U erda meni kutib olgan inson AQShda yashardi-yu, o‘zi rus millatiga mansub edi. Men ruschani ham unchalik tushunmasdim. Birinchi Las-Vegasga borganimda juda qiynaldim, kuniga bir mahal ovqatlangan kunlarim ham bo‘lgan, bir o‘zim borganim uchun yolg‘iz qolib ketardim, mashg‘ulotlar jarayonida murabbiylarning ko‘rsatmalarini umuman tushunmasdim. Nima qilishimni bilmay qolardim, xato qilishdan qo‘rqardim. Pul tugab qolgan kunlari bo‘lardi... Ammo barcha qiyinchiliklardan o‘tib oldim. Ruschani yaxshiroq o‘rganib, kerakli odamlarni, menejerlarni topa oldim," - dedi G‘iyosov.
Fikrlar