
"Sharmandalik..." yoxud Baxtiyor Ashurmatov qachon iste’foga chiqishi mumkinligini aytdi
“Qo‘qon-1912” jamoasi negadir o‘ziga kela olmayapti. Mag‘lubiyatlar davom etyapti. Bu safar “Qizilqum”ni qabul qildi va 1:3 hisobida engildi. O‘yindan keyin qo‘qonliklar ustozi Baxtiyor Ashurmatov mag‘lubiyatni quyidagicha izohladi:
- Bugungi o‘yinga tanlagan taktika va tarkibimiz o‘zini oqlamadi. Bu holatda to‘liq ayb murabbiylar shtabi va menda. Uyda o‘ynab turganimizni inobatga olib, ikkita hujumchi bilan maydonga chiqdik. Lekin bu o‘zini oqlamadi. “Qizilqum” kuchliroq ko‘rindi. To‘pni nazorat qilishda ham, vaziyatlarni yaratishda ham. Shu sababli ular haqqoniy g‘alabaga erishdi. Biz 0:2 hisobidan keyingina tezroq harakatlanishni boshladik. Jamoamizni har qanday holatda ham qo‘llab-quvvatlab turgan muxlislarimizni to‘g‘ri tushunib turibman. Ularning ishonchni oqlamayapmiz. Ushbu uchrashuv murabbiylik ishini shunchalik murakkabligini ko‘rsatib berdiki, yaqinda olqishlab turgan muxlislar endi norozi bo‘lishyapti. Bunga o‘zimiz aybdormiz. Agar meni ketishim Qo‘qon futboliga foyda bo‘lganida shunday qarorga kelardim. Qiziqqonlik bilan qaror qabul qilib bo‘lmaydi. Biz hozirgi vaziyatni to‘g‘rilashimiz kerak. Ayrim chiziqlarda bizda raqobat yo‘q hisobi. Ayrim sabablarga ko‘ra mavsumga shunday tarkib bilan kirib keldik. To‘g‘ri, tarkibimizda yaxshi saviyadagi futbolchilar bor. Murod Xolmuhammedov, Quvondiq Ro‘ziev, Javohir Sidiqov kabi. Ivan Yosovich har qanday holatda ham oxirigacha kurashyapti. Lekin biz ko‘plab ochkolarni yo‘qotdik. Shu bois jamoamizga hozirgi tanaffus juda muhim edi. Birinchi davradan keyin albatta o‘zgarish bo‘lishi kerak. Agar o‘zgarish bo‘lmasa yozgi tanaffusda jamoa rahbariyati bilan qanday qilsak jamoa uchun yaxshi bo‘lishi haqida gaplashib olamiz. Hozir muxlislarimizni har qanday holatda ham bizdan jaxllari chiqqani bor gap. O‘tgan turdagi va bu safargi uyatli o‘yinimiz uchun uzr so‘rayman. O‘ylaymanki, qo‘llab-quvvatlab turishsa bu vaziyatdan chiqa olamiz.
- Goldan keyin jamoa harakatni oshirdi. Agar boshidan shunday o‘ynaganida yirik hisobda yutqazmasdi. Hakamlar haqida nima deysiz?
- Mag‘lubiyatga uchragandan keyin hakamni ayblash noto‘g‘ri bo‘ladi. Tanlagan taktikamiz, o‘ynagan o‘yinimiz, bugungi o‘yinga olib borgan ishimiz sharmandalik. Lekin oxirgi paytlarda hakamlik rivojlanyapti deb o‘zimizni-o‘zimiz aldab yuribmiz. Qaysidir mutaxassis hakamlar haqida gapirsa bahonalar qilyapti yoki jarimalar qo‘llanilyapti. Bunga xorijlik mutaxassislar ham e’tiroz bildirishyapti. Biz esa gapirmaylik, tinchgina yuraveraylik deb qo‘ya qolamiz. Bu esa o‘zbek futbolining muammosini ko‘paytiryapti. Hozir hakam desam bu men uchun uyat. Sharmandachilik desam ham bo‘ladi. Yigitlarni ayblamoqchi emasman. Futbolchilarni biz tayyorladik, demak men aybdorman. Ammo hakamlik rivojlanyapti deb o‘zimizni-o‘zimiz aldashni yig‘ishtirishimiz kerak. “Surxon” bilan uchrashuvda hakam 70 metr uzoqlikdan turib penaltini yo‘q qilyapti. Hozir esa jarima maydoni ichida yaqin bo‘lgan vaziyatda...Hakamlar to‘g‘risida qizishib gapirib yuborgan bo‘lishim mumkin. Hakamlardan ham ko‘ra baribir o‘zimiz aybdormiz. Shu sababli aybni o‘zimizdan qidirishimiz kerak. Bugungi o‘yin uchun muxlislarimiz oldida juda hijolatdaman. Birinchi marta ayrim ishqibozlarimiz iste’foni talab qilib baqirishdi. Ulardan xafa emasman. Tushunib turibman, chiroyli futbol va g‘alaba kerak. Hech qaysi muxlisimizni selektsiya qanday bo‘lgan, jamoani holati qanday, nechta futbolchi tark etdi, tayyorgarlik ko‘rish uchun klub qanaqa vaziyatda edi, bu kabi holatlarga hech kim e’tibor qilmaydi. Bu kasbni tanladingmi, natija ko‘rsatish va muxlislar ishonchini qozonish kerak. Futbol muxlislar uchun. Ular o‘z oilalarining rizqini kesib chipta olib o‘yinga kelishadi. Yo‘l-kira qilib yo‘l bosishadi.
O‘tkazib yuborgan gollardan keyin harakat qildik. Shunda ham muxlislarimiz jonlanib bizni qo‘llashdi. Jangovar o‘yinni boshidan ko‘rsatganimizda ular bizdan xafa bo‘lishmasdi. Menga alam qilib turgani bu jamoamizda jangovarlikning yo‘qolganidir. Har doim mehnat qilish kerak va oxirigacha kurashish lozim. Biz esa faqat 0:3 hisobidan keyin ozgina jonlandik. Har qanday holatda ham ishqibozlarimizga rahmat. Tanqidlarini to‘g‘ri qabul qilamiz. Oldin ishlagan klublarimda mendan norozi bo‘lishsa, joyimga yopishib olib qolgan emasman, ko‘pincha ketganman. Ammo men qo‘qonlikman. Bu vaziyatda tashlab ketmasdan aybni o‘zimizdan izlab, vaziyatni to‘g‘rilashimiz kerak. Ketish haqida keyin o‘ylash mumkin bo‘ladi. Garchi ishqibozlar iste’foni xohlashgan bo‘lsa-da, hozir ketib qolsam noto‘g‘ri bo‘ladi. Nima bo‘lganda ham vaziyatni to‘g‘rilashimiz kerak.
Fikrlar