Shavkat Saidov: "Metallurg" bilan yangi cho‘qqilarni zabt eta olamiz"

  • 31 dekabr, 2023, 16:43
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Ortda qolayotgan “Metallurg” futbol klubi uchun ham o‘ziga yarasha esda qolarli voqealarga boy bo‘ldi. Jamoa har tomonlama rivojlanish uchun oldinga yaxshigina qadam tashladi. Klubning asosiy tarkibidan to barcha yosh toifalaridagi jamoalarigacha mavqeini mustahkamlash va rivojlanish kuzatilganini aytish darkor.

“Metallurg” PFK bosh direktori Shavkat Ne’matjonovich Saidov esa kirib kelayotgan Yangi – 2024 yil arafasida o‘zlarining dil so‘zlari bilan o‘rtoqlashdi.

-  Yana sanoqli soatlardan so‘ng 2023 yilni kuzatamiz. O‘tayotgan yilimiz futbol klubimiz uchun ancha omadli bo‘ldi, deyishimiz mumkin. Tashkil etilganiga endi ikki yil bo‘lgan “Metallurg” futbol akademiyamiz o‘z mahsulini bera boshlaganligi rahbariyatimiz qatorida futbol ishqibozlarimizni ham xursand etdi. Birinchi qaldirg‘ochlarimiz – 2004 yilda tug‘ilgan yigitlar, akademiyamizning birinchi bitiruvchilari bu mavsum O‘zbekiston U19 chempionatida shohsupaning yuqori pog‘onasiga ko‘tarilib, qalblarimizni quvonch, faxr va iftixor tuyg‘ulariga burkadi. Bekobod shahrimizga chempionlik shukuhini qaytardi.

U13 va U16 jamoalarimizning O‘FA Kubogi musobaqasidagi qatnashuvi ham klubimiz rivojlanishning to‘g‘ri yo‘lidan borayotganligini ko‘rsatdi. Akmal Xolmatov shogirdlari - U13 jamoamiz chempionlik yo‘lida faqatgina penaltilar seriyasida “Paxtakor” akademiyasiga imkoniyatni boy berib qo‘ygan bo‘lsa, Murod To‘ychiev boshchiligidagi 2007 yilda tug‘ilgan o‘smirlarimizga yarim finalda omad kulib boqmadi. Qolgan yosh toifamizdagi jamoalarimizning ham Toshkent shahar ochiq birinchiligi – Premer ligadiga qatnashuvidan ko‘nglimiz to‘ldi.

saidov_14

Eng kichik va eng yoshi katta guruhlarimizni odatdagidek bu yil ham Ispaniya safariga olib borib keldik. “Real” (Madrid) futbol akademiyasi bilan tanishuv, tajriba almashishdan tashqari San Sebastyan shahrida tashkillashtirilgan yirik xalqaro turnirda ishtirok etdik. Har ikkala yosh toifamiz besh qit’a futbol akademiyalari jamoalarini birlashtirgan festivalda guruh bahslaridan muvaffaqiyatli o‘tishdi va pley-offga chiqishdi. U17 jamoamiz chorak finalgacha etib borib, kuchli sakkizlikka kirishdi.

Avvalo, klub akademiyasi tarbiyalanuvchilarining shunday yutuqlarga erishishi ta’sischilarimiz – O‘zbekiston metallurgiya kombinati rahbariyatining bizga ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rligi va e’tibori natijasi deb bilaman. Qolaversa, ispaniyalik mutaxassislarimizdan tortib barcha murabbiylar shtabimiz, mutaxassislarimizning bir yoqadan bosh chiqarib, bitta maqsad yo‘lida jips harakatlarining samarasidir.

saidov3_3

Umid qilamanki, kelayotgan yilda ham “Metallurg” futbol klubimiz bilan biz yangi yangi cho‘qqilarni zabt eta olamiz. Asosiy tarkib – bosh jamoamiz, ularning eng yaqin o‘rinbosarlari oldiga jiddiy vazifalarni qo‘yganmiz. Qolaversa, “El Golaso” futbol akademiyamiz tarbiyalanuvchilari yangi mavsumda ham yangi muvaffaqiyatlari bilan bizni xursand etishiga ishonaman. Kirib kelayotgan yil “Metallurg” futbol klubi uchun muvaffaqiyatlar yili bo‘lishini istab qolaman.

2024 yil O‘zbek futboli uchun mas’uliyatli yil sanaladi. Yana bir necha kunlardan so‘ng Srechko Katanets boshchiligidagi Milliy terma jamoamiz Osiyo kubogidagi ishtirokini boshlaydi. Timur Kapadze etakchiligidagi O‘zbekiston olimpiya terma jamoamizni Osiyo chempionati orqali Parij Olimpiadasi saralash bahslari kutib turibdi. Shu va boshqa terma jamoalarimiz 2024 yilda xalqaro maydonlarda chiroyli, hujumkor futbol namoyish qilib, oldilariga qo‘yilgan maqsadlarga erishib, futbolsevar vatandoshlarimizni – barchamizni xursand etsin!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!