
Shavkat Saidov nima uchun Xomyakovga qo‘l ko‘tardi? U barchasini ro‘y-rost aytdi! Buning sababi...
“Metallurg” klubi o‘z maydonida “Mash’al”ga yutqazdi. Bekobodliklar hamon mag‘lubiyatlar seriyasini tugata olmayapti. O‘z maydonida navbatdagi mag‘lubiyat mezbonlarga og‘ir botgan ko‘rinadi.
Uchrashuv tugashi bilan “Metallurg” klubi boshlig‘i Shavkat Saidovning “Mash’al” ustozi Aleksandr Xomyakovga qo‘l ko‘targani aks etgan video bir zumda ijtimoiy tarmoqlarni egalladi.
Sports.uz muxbiri o‘sha voqea “qahramoni” – Shavkat Saidov bilan bog‘landi.
- Siz ham meni necha yillardan beri bilasiz, ochig‘ini aytaman, hech qachon futbol jamoatchiligi vakillari bilan bunday holatga tushmaganman, - deya gap boshladi, Saidov. - Barcha mutaxassislar bilan munosabatim o‘ziga yarasha yaxshi. Bir-birimizni hurmat qilamiz. “Mash’al”dagi murabbiylar bilan ham birga o‘qiganmiz. O‘yindan yarim soat oldin ular bilan gaplashib o‘tirganmiz. Ish yuzasidan o‘zaro maslahatlashganmiz. Holat shunday bo‘lib qoldiki, yaxshi ham Xomyakov o‘sha erda edi, balki vaziyat yana boshqacha bo‘lib ketishi ham mumkin edi. O‘yindan so‘ng, ehtiroslar bo‘ldi. Yutgan jamoada xursandchilik bo‘ladi. Shunchaki, unga futbolchilaringga ayt, u qadar baqir-chaqir qilib yuborishmasin, degan ma’noda gapirgandim. Masalan, o‘yindan keyin ham ancha gaplashdim, o‘zim ularni kuzatib qo‘ydim. Bir-birimizga xusumatimiz yo‘q. Bu jiddiy narsa emas. Ko‘pchincha u bilan xazillashib turamiz. Faqat o‘sha vaziyatdagi holat kameraga tushib qolgan. Agar jiddiy holat bo‘lganida men ham, u ham aytardik.
- Videoni ko‘rgan odam borki, sizning Xomyakovga jaxl ustida e’tiroz bildirib, qo‘l ko‘targaningiz ko‘rinib turibdi. O‘sha paytda unga musht otishingiz shartmidi?
- Doim bir-birimizga hurmat bilan qaraymiz. Mehmondorchilik qilamiz. “Mash’al” bilan “Metallurg” o‘rtasida doim yaxshi aloqalar bo‘lgan. Xomyakov bilan yuz bergan vaziyat bu oddiy holat. Odamlar buni noto‘g‘ri tushunishmasin. U ham men bilan shunga o‘xshash xazil qilishi mumkin.
- PFL bu vaziyatni o‘rganib chiqib, sizga intizomiy chora ko‘rishi mumkin. Uning har qanday qaroriga rozimisiz?
- Birinchi marta bunday holat bo‘lishi. PFLning har qanday qarorini hurmat qilamiz. PFL vaziyatni o‘rganish jarayonida kerak bo‘lsa, Xomyakovdan va “Mash’al” rahbariyatidan ham nima bo‘lgani haqida so‘rashi mumkin. Mendan so‘rashsa ham o‘z fikrimni va ularga bo‘lgan hurmatimni aytishim tabiiy. Lekin o‘sha vaziyat o‘ta jiddiy ravishdagi holat emas. Masalan, hakamlarga yoki boshqalarga biror nima deganim yo‘q. Misol uchun, uchrashuvdan oldin ular bilan kulishib gaplashdik. Ikkala jamoada ham vaziyat qiyin edi. Ba’zi klublarda sharoit bor-u, ammo ochkosi yo‘q deb, bir-birimizni aytdik. Yana ba’zi klublarda qarzdorlik bor, biroq ochkosi etarli deya, xazil-xuzul qilib gaplashib turdik. O‘yindan keyin o‘sha holat yuz bergach, ichkarida yana Xomyakov bilan yaxshi munosabatda gaplashdik va sen ham meni turtib qo‘y, sen bilan hazillashganim kameraga tushibdi, deya hazillashdik.
- “Metallurg”ning mag‘lubiyatlari turnir jadvalidagi mavqeiga ham putur etkazyapti. Yutqazaversa, bu jamoaga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Rostini aytganda, klubdagi muhit qanaqa?
- Jamoamizda katta ishlar ketyapti. Rejalarimiz bisyor. “Real” akademiyasi bilan hamkorlikda uni filialini ochish bo‘yicha harakatlar davom etyapti. “Metallurg” klubidagi sharoitlar O‘zbekistondagi eng yaxshilaridan biri bo‘lsa kerak. Futbolda bo‘ladigan holat. Murabbiy va futbolchilarni ham to‘g‘ri tushunish kerak. Kimnidir ishdan bo‘shatish, kimnidir aybdor qilish hozirgi holatda mantiqqa ham to‘g‘ri kelmaydi. Shu holatga birgalikda tushdikmi, endi birgalashib bundan chiqib ketishga harakat qilamiz. Oldinda yana o‘yinlar bor. Mag‘lubiyatlar tufayli bir-birimizni aybdor qilib ko‘rsatish bizga begona.
- Birinchi turdayoq “Metallurg” yutqazganidan keyin Andrey Shipilov iste’foga chiqqandi. Jasur Abduraimov boshchiligida ketma-ket mag‘lubiyatlar seriyasi kuzatilyapti. Shu bois ko‘pchilik bu holatni o‘zaro taqqoslashyapti. Yoki Abduraimovni kimdir qo‘llab-quvvatlayaptimi?
- Otni kechuvda almashtirilmaydi, degan gap bor. Kimnidir olib kelsak, uni o‘yin falsafasini amalga tatbiq etish uchun yana vaqt ketadi. Jasur Abduraimov birinchi marta bunday holatga tushishi. Menimcha, uning o‘zi rahbariyatga agar jamoani bu vaziyatdan olib chiqib ketadigan murabbiy bo‘lsa, bemalol deb aytgan. Ammo rahbarlar Abduraimovga ishonch bildirishda davom etyaptilar. Vaziyatni o‘zgartirishga harakat qilamiz.
Fikrlar
и буладими