
Shomurodov “Inter”ga ziyon keltirgan!
Joriy mavsumda Evropa Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun kurashayotgan “Roma” futbolchilarini A Seriyaning 34-turida jiddiy raqib kutib turibdi.
27 aprel kuni Klaudio Raneri shogirdlari A Seriyada 71 ochko jamg‘argan holda peshqadamlik qilayotgan “Inter” jamoasi mehmoni bo‘ladi.
Italiya matbuoti Klaudio Raneri Paulo Dibalaning jarohatlangani va Artyom Dovbik yuqori sport formasini yo‘qotganidan kelib chiqib, “Roma”da yangi hujum juftligini tashkil qilganiga e’tibor qaratmoqda.
Xususan, chempionatning avvalgi uchrashuvida bu duet “Verona”ni tiz cho‘ktirdi. Matias Sule uzatgan to‘pni Eldor Shomurodov raqib darvozasi to‘riga joyladi va bu yagona gol rimliklar g‘alabasini ta’minladi.
La Gazzetta dello Sport nashri bu ikki futbolchi rimliklarni orzu sari etaklayotganini yozmoqda. Nashr jurnalistlarining ta’kidlashicha, so‘nggi turlarda Shomurodov va Sule jamoaning bir necha muhim gollariga katta hissa qo‘shdi.
Argentinalik o‘yinchi ketma-ket to‘qqizta uchrashuvni ilk daqiqadan boshlab, “Parma”, “Epoli” va “Latsio” darvozasiga muhim uchta golni urdi. Shuningdek, “Montsa” va “Verona”ga qarshi bahslarda Eldor Shomurodovning g‘alaba to‘plariga assistentlik qildi.
O‘zbek hujumchisi mavsum boshidan beri ettita gol va uchta assist qayd etib, 2021 yildan buyon “Roma” safidagi eng zo‘r o‘yinlarini namoyish qilyapti.
Bir necha nufuzli manbalar Klaudio Raneri amaldagi chempion “Inter”ga qarshi bahsda oldingi chiziqda aynan Shomurodov va Sule tandemidan foydalanishini kutyapti.
- O‘zbekistonlik futbolchining o‘tmishiga qarab, u gol urgan jamoalar orasida “Inter”ning nomini ham ko‘rishimiz mumkin. Bundan bir yil muqaddam – 2024 yilning 14 aprel kuni Eldor Shomurodov Klaudio Raneri qo‘l ostida “Kalyari” safida “Juzeppe Meatstsa” arenasida gol urib, “Inter”ga ziyon keltirgan edi.
O‘sha bahsning 64-daqiqasida Shomurodov urgan supergol sardiniyaliklarga bir ochko keltirib, oxir-oqibat “Kalyari”ning yuqori ligada qolishida muhim ahamiyat kasb etgan.
Mana oradan bir yildan sal ko‘proq vaqt o‘tib, Klaudio Raneri va Eldor Shomurodov “Juzeppe Meatstsa” stadionida yana “Inter”ga ro‘baro‘ bo‘lmoqda.
Aksariyat manbalar murabbiylar shtabi chempionlik uchun kurashayotgan jamoaga qarshi bahsda oldingi chiziqda Shomurodov va Sule tandemiga ishonch bildirishini kutyapti. Chunki keyingi paytda o‘ziga ishonchi ortib borayotgan bu futbolchilar “Roma”ning mag‘lubiyatsiz seriyasi va g‘alabalarida asosiy figuraga aylanib bo‘ldi, - deb yozmoqda vocegiallorossa.it portali Marko Kompanella.
A Seriyaning 34-turidan o‘rin olgan “Inter” va “Roma” jamoalari o‘rtasidagi bellashuv 27 aprel kuni Toshkent vaqti bilan soat 18:00 da boshlanadi.
Husanovga qaysi jamoa mos: “Real”, “Atletiko” yoki “Yuve”?
Fayzullaev nega yaxshi o‘ynolmayapti?
TsSKA Fayzullaevga narx belgiladi! Transfer yaqinmi?
Shomurodov Dovbikni “sindirdi”!
Fayzullaev “yo‘qolib” qoldi!
Shomurodov bir gol bilan “Roma”ning mavsum rekordini o‘rnatdi. Navbat tarixiy rekordga!
Fikrlar