
Shomurodov ketyapti: "Jenoa" bilan muzokaralar 90 foizga hal bo‘ldi, xaridorlar orasida "Selta" va "Shtutgart" klublari ham bor edi - Eldorning amakisi vaziyatga oydinlik kiritdi
Hamyurtimiz Eldor Shomurodov haqidagi xabarlar kun tartibida bo‘lib turibdi va hammani jiddiy ravishda qiziqtirib qo‘ydi. Axir Evropaning kuchli beshlik chempionatlaridan biriga ketishi kutilayotgan bo‘lsa, qanday qilib bunga jimgina qarab turish mumkin? Italiya A seriyasi vakili “Jenoa” o‘zbekistonlik futbolchi orqali hujum chizig‘ini kuchaytirishni rejalashtirmoqda. Ayni paytda muzokaralar davom etyapti. Bu boradagi aniqroq ma’lumotlarni bilish maqsadida Eldorning amakisi, sobiq futbolchi Otabek Shomurodov bilan bog‘landik.
- Jiyaningiz Eldor Shomurodovga “Jenoa”dan jiddiy qiziqish bo‘layotgani haqidagi xabarlar bugungi kunda eng dolzarb mavzuga aylandi. Siz u bilan doim gaplashib turasiz va aslida voqealar rivoji qandayligidan xabardorsiz. Shunday ekan, mazkur masala bo‘yicha ayni paytda holat qanday davom etayotgani borasida to‘xtalib o‘tsangiz?
- Eldorni o‘zida ham faoliyatini Italiya A seriyasida davom ettirish niyati bor. Shomurodovning agentlari moskvalik-ku, ular hozir qizg‘in muzokaralarni olib borishyapti. Bugun ham o‘zi bilan gaplashdik. Hali 100 foiz aniq emas-u, ammo hal qilishyapti. Belgilangan mablag‘ni to‘lash borasida gaplashishyapti. Uning “Jenoa”ga ketishi haqidagi ma’lumotni dastlab italiyalik juranlist tarqatdi. So‘ngra Rossiya matbuoti bu xabarni “ilib” oldi. Tan olish kerakki, haqiqatan muzokara jiddiy ravishda olib borilyapti. Menimcha, ko‘p narsani hal qilib bo‘lishdi. Faqat belgilangan summani qay tartibda to‘lash masalasini gaplashishyapti.
- Eldor Shomurodovning transferi aslida qancha summani tashkil qilyapti?
- Hali aniq raqamlar aytilmadi. Buni Eldor ham, men ham bilmaymiz. Ammo matbuotda 8-9 million evro degan raqamlar chiqyapti. Ammo bugun-erta uzil-kesil hammasi hal bo‘ladi.
- Futbolchimizga yana boshqa takliflar ham bo‘layotgandi-a?
- Bilasizmi, unga qiziqishlar juda ko‘p. Ispaniyang “Selta”, Belgiyaning “Gent”, Germaniyaning “Shtutgart” va yana boshqa klublardan takliflar bo‘ldi. Oldin ham sizga aytgandim, qiziqish bildirish boshqa, aniq taklif bilan chiqish boshqa. Rossiyaning o‘zidan ham xaridorlar chiqdi, aytaylik, Moskvaning “Lokomotiv” jamoasi ham Shomurodovni o‘z safida ko‘rishni istagan. “Jenoa”dan taklif bo‘lganidan keyin men ham, Ilhom ham va dadasi ham Eldorga omadingni sinab ko‘r, deb aytdik. Shundan keyin u “Rostov” bosh murabbiyi Valeriy Karpinning oldiga kirib gaplashib chiqdi. Klubi ham Shomurodovning ketishiga ruxsat bergan. Faqat boya aytganimdek, kelishilgan pullarni qay tartibda to‘lab berish shartlarini hal qilib olishlari qoldi xolos.
- Eldor Italiya futboliga qanchalik mos tushadi deb o‘ylaysiz?
- Hammasi bolaning o‘ziga bog‘liq. U erdagi muhitga qanchalik moslashib ketishi ham hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi. Eldor uchun sarflanayotgan mablag‘ mayda pul emas. Shunga yarasha “Jenoa” ham futbolchimizdan nimadir kutadi va bunga yarasha o‘zi ham harakat qiladi. Rosti, hozirga kelib muzokaralar 80-90 foizga hal bo‘ldi. Agar hammasi reja bo‘yicha davom etsa, Eldor ertaga Moskvadan Italiyaga uchishi kerak. Faqat aniq transfer summasi aytilmayapti. 4 oktyabr kuni “Rostov” chempionat doirasida “Sochi” bilan o‘ynaydi. Eldor esa katta ehtimol bilan o‘ynamaydi. Hammasi yaxshi ketsa, Italiyaga borib, shartnoma tuzadi va tibbiy ko‘rikdan o‘tib, terma jamoamizning o‘rtoqlik o‘yinlarida qatnashish uchun Toshkentga kelishi kerak. Unga faqat omad tilaymiz. “Jenoa” taklifi bo‘yicha maslahatlashdik. Unga pulni o‘ylamasligini, faqat o‘ynab o‘zini ko‘rsatish uchun astoydil harakat qilishini aytyapmiz. Buni uning o‘zi ham yaxshi tushunib turibdi. Xudo xohlasa, “Jenoa”ga o‘tadigan bo‘lsa, ushbu klubning muxlislari yana 30 millionga ko‘payadi. Negaki, o‘zbekistonliklar Eldor Shomurodov orqali “Jenoa”ga muxlislik qilishni boshlaydilar. “Yuventus” va Ronalduga qarshi o‘ynasa, “Inter”, “Roma” kabi klublarga gol ursa, o‘zbek futbolchilarining boshqalardan kam joyi yo‘qligini butun jahon biladi. Natijada ertaga o‘zbekistonlik boshqa o‘yinchilarga ham xaridorlar ko‘payadi. Bokschilarimiz kuchli ekanligini jahonda isbotlab qo‘yishdi. Futbolchilarimiz ham jahonda o‘z mavqeiga ega bo‘lishsa bu faqat O‘zbekiston uchun katta foyda bo‘ladi. Eldorga omad tilab, duo qilib turamiz.
Fikrlar