O'zbekiston futbolchisi mundialdagi omadsizlikdan keyin terma jamoadan ketdi
O‘zbekiston milliy jamoasi tarkibida to‘p surib kelgan himoyachi Umar Eshmurodov terma jamoadagi faoliyatini yakunlaganini ma’lum qildi.
33 yoshli futbolchi bu haqida jahon chempionati saralash bosqichidan so‘ng o‘zining Instagram sahifasida e’lon qildi. Eshmurodov o‘z murojaatida quyidagi so‘zlarni yozdi: "Milliy jamoa — orzu, sharaf, iftixor va qadr-qimmat… Endi men yo‘limni muxlis sifatida davom ettiraman. Olg‘a, O‘zbekiston!".
Umar Eshmurodov O‘zbekiston terma jamoasida debutini 2020 yilda o‘tkazgan. Shu vaqt mobaynida u milliy jamoa safida 39 ta o‘yinda maydonga tushishga muvaffaq bo‘ldi. Jahon chempionati guruh bosqichida esa tajribali himoyachi uch uchrashuvda ham zahirada qoldirildi.
Umuman olganda, bosh murabbiy Fabio Kannavaro jahon chempionati qaydnomasiga 26 nafar futbolchini kiritgan edi. "K" guruhida Kolumbiya, Portugaliya va Kongo Demokratik Respublikasi milliy terma jamoalariga qarshi o‘tkazilgan bahslarda jami 23 nafar futbolchi maydonga tushdi. Terma jamoaning faqat uch nafar a’zosi - darvozabon Botirali Ergashev, himoyachi Umar Eshmurodov, shuningdek yarim himoyachi Avazbek O‘lmasalievga bir daqiqa ham o‘yin amaliyoti berilmadi.
Umar Eshmurodov G‘uzorning "Sho‘rtan" klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Tajribali himoyachi klublar miqyosida O‘zbekistonda "Nasaf" va "Paxtakor" jamoalari sharafini himoya qilgan. Shuningdek, legioner sifatida Malayziyaning "Selangor" klubida ham faoliyat yuritgan.
Eshmurodov 2025 yilning yanvaridan beri "Gasaf"da o‘ynayapti va bundan buyon bor e’tiborini klubdagi o‘yinlariga qaratadi.

Fikrlar