
"Shomurodov qo‘ng‘iroq qildi, "Jenoa"dan taklif bo‘lishini kutmagandim, "Paxtakor" qarshilik qilmadi" - Italiyaga ketayotgan Ibrohimxalil Yo‘ldoshev bilan suhbat
“Paxtakor” va O‘zbekiston milliy terma jamoasining iqtidorli himoyachisi Ibrohimxalil Yo‘ldoshev tez orada legionerga aylanishi kutilmoqda.
Yodingizda bo‘lsa, ushbu futbolchiga yaqinda Italiyaning “Jenoa” klubi jiddiy qiziqayotgani va Yo‘ldoshevni sotib olish harakatiga tushib qolgani xususida xabar bergandik.
Hozirgi paytga kelib futbolchimizning Evropaga ketish ishlari qanday kechyapti? Mazkur masalaga oydinlik kiritish maqsadida sports.uz muxbiri Ibrohimxalil Yo‘ldoshev bilan suhbatlashdi.
- Sizga Italiyaning “Jenoa” klubidan taklif bo‘lganini va bu borada muzokaralar olib borilayotganini eshitgandik. Ayni paytda voqealar rivoji qanday tus olyapti?
- Transfer haqidami? Terma jamoa bilan Saudiya Arabistoniga borgandik. O‘sha paytda menga Belgiyadan taklif bo‘ldi. Lekin “Jenoa” varianti Belgiya klubining taklifidan oldin mavjud edi. Agentimga vaziyatni tushuntirdim va belgiyaliklardan taklif bo‘layotgani haqida aytdim. U o‘zim gaplashaman dedi. Xullas, keyin Belgiya varianti to‘xtatildi. Chunki mening oldimda “Jenoa” taklifi turgandi. Shu sababdan boshqa qiziqishlarga e’tibor qilmadik. Agentim menga Italiyaga ketadigan bo‘lyapmiz, deb aytdi. “Jenoa” klubi Xudo xohlasa, meni sotib oladi. Ular bilan shartnoma tuzganimdan keyin meni boshqa jamoaga ijaraga beradi.
- Ha, o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish uchunmi?
- To‘g‘ri, xuddi shunday, bir yilga. Hozir “Jenoa”da men o‘ynaydigan pozitsiyada boshqa himoyachi bor. Men qaytgunimgacha uning shartnomasi tugaydi. Balki shundan keyin “Jenoa”da qolarman. Reja bo‘yicha, italiyaliklar meni sotib olib, ijaraga bermoqchi.
- Bundan chiqdi, sizning transferingiz ijobiy hal bo‘ldi, desak bo‘laveradimi?
- Shunaqa. Oz qoldi, Xudo xohlasa.
- Sir bo‘lmasa, Belgiyaning qaysi klubidan taklif tushgandi?
- Eslay olmayapman. Nomi unchalik yodimda qolmagan.
- Eldor Shomurodovdan keyin “Jenoa” klubining o‘zbek futbolchilariga e’tibori ortyapti. Ammo o‘yinchilarimizdan qanot himoyachilarining legioner sifatida chetda, ayniqsa, Evropa chempionatlaridan birida to‘p surish juda qiyin hisoblanadi. O‘zingizni Evropada legioner sifatida to‘p surishga har jihatdan tayyorman deb hisoblayapsizmi?
- To‘g‘ri aytasiz, himoyachi bo‘lsam-da, menga shunday taklif bo‘ldi. O‘ylashimcha, “Zenit”da o‘ynagan himoyachi ham u erga ketgan. Rostini aytaman, “Jenoa”dan taklif bo‘ladi, deb kutmagandim. Xudo xohlasa, menga bildirilayotgan ishonchni oqlashga harakat qilaman. Chetda to‘p surishga tayyorman deb o‘ylayman. Maqtanyapti demangu, ammo yangi klubga o‘tganimda o‘zimni ko‘rsata olaman deb umid qilaman. Har tomonlama ijobiy natija ko‘rsatishga harakat qilaman.
- Qachon ketishni mo‘ljallayapsizlar?
- Uzog‘i bilan bir oyda.
- “Jenoa”ning taklifi haqida Shomurodov bilan gaplashgan bo‘lsangiz kerak-a?
- Eldor aka menga bir oycha oldin telefon qilgandi. Eshitdingmi, senga “Jenoa” qiziqyapti, shuning uchun tayyor tur, ketib qolishing mumkin, deb meni ogohlantirib qo‘ygandi. Men ham o‘shanda Eldor akaga, ha, eshitdim degandim.
- Sizning Italiyaga ketishingizga “Paxtakor” klubi qanday munosabatda bo‘lyapti? Qo‘yib yuborishga qarshilik qilmayaptimi?
- “Paxtakor” bilan shartnomam kelasi yilning oxirigacha mo‘ljallangan. Shartnomamga ketish summasi yozib qo‘yilgan. Menga qanday klubdan taklif bo‘lsa ham shartnomamda aniq summa ko‘rsatib qo‘yilgan. O‘sha mablag‘ni to‘lasa, ketsam bo‘ladi. Lekin “Paxtakor” ketishimga qarshilik ko‘rsatgani yo‘q. Meni qo‘yib yuborishga rozi.
- Lekin “Paxtakor” bosh murabbiyi Piter Xyuistra oxirgi paytlarda sizni negadir zaxirada qoldirdi. U bilan munosabatingiz qanday?
- Xyuistra bilan munosabatim yaxshi. Meni zaxirada qoldirayotganini bilmayman, o‘zim ham hayronman. Tarkib tanlashni murabbiy o‘zi hal qiladi.
- Endi siz kuchli chempionatga ketishga taraddud ko‘ryapsiz. Bunday vaziyatda ilk bor legionerga aylanayotgan o‘yinchida boshqacha hayajon bo‘lishi tabiiy...
- Agentim ham aytdi, borganingdan keyin shok holatiga tushib qolma deyapti. Xyuistra ham bir-ikki kun avval yoniga chaqirdi. Mendan “Jenoa” klubiga ketayotganim aniq bo‘ldimi deb so‘radi. Qaysi klubga qo‘shilsang ham u erdagi sharoitga tez moslashib ketgin, murabbiy nimani xohlayotganini tezroq tushunib ol, deya menga o‘z maslahatlarini berdi. Tayyorgarligim yaxshi, u qadar hayajonlanayotganim yo‘q. Baribir chetga ketayotganda boshqacha bo‘ladi. Moslashishga ozgina vaqt kerak, deb o‘ylayman.
- “Jenoa” klubi sizni qaysi klubga ijaraga berishi aniqmi?
- Yo‘q, hali aniq emas. Yaqin kunlarda hal bo‘lib qolsa kerak. Balki “Jenoa”ga qo‘shilganimdan keyin oydinlashib qolar, men hali bilmayman.
Fikrlar
INSHAOLLOX xammasi yaxshi bo'ladi san faqat mehnat qilib o'z ustinda ishlashdan toxtama biza sanga muxlislik qilishdan to'xtamimiza