
Shomurodov sobiq jamoasiga “tish qayradi”!
Italiya futbolini yoritib kelayotgan manbalar A Seriyaning 34-turidagi o‘yinlar oldidan jamoalar haqida qiziqarli ma’lumotlarni taqdim qilishda davom etmoqda.
O‘zbekistonlik futbol ishqibozlarining aksariyati muxlislik qilayotgan “Kalyari” bu gal Genuya shahridagi “Luiji Ferraris” stadionida “Jenoa” jamoasi mehmoni bo‘ladi.
Italiyaning La Nuova Sardegna nashri faoliyati davomida “Luiji Ferraris” arenasida mezbon sifatida o‘ynab ketgan “Kalyari” futbolchilari haqida ma’lumot tarqatdi.
Eldor Shomurodov
Bo‘lajak o‘yinda genuyaliklar uchun kutilgan mehmon Eldor Shomurodov bo‘ladi. Legionerimiz Italiyadagi debyut mavsumini aynan “Jenoa” tarkibida o‘tkazib, jamoa muxlislari mehrini qozongan.
“Jenoa” 2020 yilning oktyabrida Shomurodovni “Rostov”dan transfer qilgandi. Bu transfer qo‘shimcha bonuslar bilan birga genuyaliklarga 9 million evroga tushgan. Bir mavsum davomida A Seriyada 32 ta uchrashuvda 8 ta gol va ikkita assist bilan jamoaning yuqori diviziondagi joyini saqlab qolishga xizmat qilgan Eldor “Roma”ga ko‘chib o‘tib, genuyaliklarga iqtisodiy foyda ham keltirgan.
Rimliklar o‘zbek hujumchisi uchun “Jenoa”ga umumiy sarflangan xarajat – 9 million evroni ikki baravar – 18 million evro qilib qoplagan.
Bo‘lajak uchrashuvda Eldor Shomurodov boshlang‘ich tarkibda maydonga tushishi kutilmoqda. Chunki 38 yoshli forvard ayni paytda jamoaning asosiy hujumchisiga aylangan va “Kalyari”ning musobaqa jadvalida xavfli hududdan uzoqlashishida uning hissasi katta bo‘lmoqda.
Eldor Shomurodov markaziy hujumchi sifatida sobiq jamoasiga qarshi bo‘lajak bahsda ham gol urib, “Kalyari”ning yuqori diviziondagi pozitsiyasini mustahkamlashga harakat qiladi.
Leonardo Pavoletti
“Jenoa” ishqibozlari Leonardo Pavolettini ham quchoq ochib kutib olishga tayyor. Italiyalik forvard 2015-2017 yillar davomida avval ijara asosida, keyin klubning to‘laqonli hujumchisi sifatida “Jenoa” sharafini himoya qilgan.
Pavoletti umumiy hisobda Genuya klubi uchun jami 47 ta o‘yinda maydonga tushib, raqiblar darvozasini 25 marotaba ishg‘ol qilgan va jamoadoshlariga 5 ta assist uzatgan.
Bo‘lajak bahsda Klaudio Raneri tajribali hujumchi xizmatidan foydalana olmaydi. 35 yoshli futbolchi jarohati bois umumiy guruh mashg‘ulotlarida ham qatnashayotgani yo‘q.
Janluka Lapadula
Har ikki jamoa tarixidan o‘rin olgan yana bir futbolchi Peru terma jamoasi a’zosi Janluka Lapadula hisoblanadi.
Bu forvard 2017 yili “Milan”dan “Jenoa”ga ijaraga berilgan va keyinchalik 2020 yilning kuzigacha genuyaliklar futbolchisi sifatida faoliyat yuritgan.
34 yoshli Lapadulaning Genuyadagi faoliyatini yorqin chiqqan, deb bo‘lmaydi. U jami 38 ta bellashuvda ishtirok etib, o‘z hisobiga sakkizta gol yozdirib qo‘ygan.
Kevin Strotman
“Jenoa” safida ham “Kalyari”da o‘ynab ketgan futbolchi bor. Niderlandiyalik yarim himoyachi Kevin Stortman aslida “Marsel”ga tegishli.
Frantsiyaliklar tajribali o‘yinchini 2021 yilning yozida Sardiniyaga bir mavsumga ijaraga jo‘natgan edi. Bu jamoada Kevin 11 marotaba maydonga tushdi, biroq o‘zini ko‘rsata olgani yo‘q.
E’tiborga molik tomoni shundaki, Strotman “Jenoa”ga ilk bor 2021 yilning boshida kelgan va yarim mavsum davomida Eldor Shomurodov bilan birga o‘ynashga ham ulgurgan.
“Samdoriyachilar”
Ma’lumki, “Jenoa” raqiblarini qabul qiladigan “Luiji Ferraris” stadioni Genuya shahrining yana bir jamoasi – “Sampdoriya” uchun ham uy arenasi vazifasini o‘taydi.
Hozir “Sampdoriya” V Seriyada ishtirok etmoqda.
“Kalyari” futbolchilari orasida “Luiji Ferraris” arenasida mezbon sifatida to‘p tepganlar bor. Klaudio Raneri shogirdlaridan chexiyalik Yakub Yankto va italiyalik Tommazo Aujello “Sampdoriya”ning asosiy tarkib o‘yinchilari bo‘lgan. 21 yoshli slovakiyalik himoyachi Adam Obert esa, “Sampdoriya” klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi.
Italiya A Seriyasining 34-turidan o‘rin olgan “Jenoa” va “Kalyari” o‘rtasida bahs 29 aprel kuni Toshkent vaqti bilan 23:45 da boshlanadi.
Fikrlar
10йил Она корни, Ота белими