
Shovqinlari tinmayotgan "Jirona"ning shovqinlari siri nimada? (Tahliliy maqola)
Kecha La Liga 19-turi doirasida "Jirona" - "Atletiko" bahsi bo‘lib o‘tdi. Hisobning o‘zi bellashuv qanchalki intrigali o‘tganini anglatib turibdi - 4:3. Hozir uchrashuv intrigasi haqida gapirmoqchi emasman. Men sizga bundan ham qiziqroq mavzu topib qo‘yganman. Bu - kechagi uchrashuv g‘oliblari. La Liga birinchi davrasini "Real" bilan birga qo‘shhokim sifatida yakunlagan Kataloniya klubi. "Barselona" emas, "Jirona".
Michel qo‘l ostidagi jamoa kombinatsion futbol, tiki-taka kabi elementlarni bu uslubning asl egalari bo‘lmish "Barselona"dan ham yaxshiroq uddalayapti. Tarkib e’tibori bilan qaraganda yozda u qadar katta nomlarni o‘z safiga qo‘shib olmay, ko‘proq biror jamoaga kerak bo‘lmay qolgan yaxshi darajadagi ijrochilarni olib kelgan Kataloniya klubini ijrochilar sifati emas, balki o‘yin sifati bilan hamda to‘g‘ri tanlangan taktika evaziga shunday natijalar qayd etyapti, desam adashmagan bo‘laman. Shunchaki klubning bu mavsum La Ligada qayd etayotgan statistikasiga bir qarab qo‘ying:
Umumiy gollar soni: 46 ta
O‘tkazib yuborilgan gollar soni: 24 ta
Assisti bor gollar: 33 ta
Bir uchrashuvda kiritilgan o‘rtacha gollar: 2.4
Bir uchrashuvda yaratilgan o‘rtacha xavfli vaziyatlar (x.G): 3.5
Bir uchrashuvda darvoza tomon yo‘llanayotgan o‘rtacha zarbalar: 13.4 (aniqlari - 5.2)
Sifatli futbol
Qayd etish lozim, "Jirona" joriy mavsumda o‘zi kiritgan gollarning 41 tasini jarima maydoni ichida yo‘llangan zarbalar orqali kiritgan. Uzoqdan yo‘llangan zarbalar tufayli kiritilgan gollar soni esa - 5 ta. Bundan tashqari, jarima maydoni tashqarisidan Kataloniya klubi jami 82 marta zarba yo‘llagan. Ular "Barsa" (96 ta) va "Real"dan (117) kamroq olisdan zarbalar beryapti. Bu ularning sifatli hujumlar qilishga urinishlari ko‘proq degani, risklar esa kam.
Super realizatsiya
Ularning bir uchrashuvda o‘rtacha berayotgan zarbalari soni "Barsa" (16.9) va "Real" (16.6) kabi grandlarnikidan kamroq. Lekin urilgan gollar bo‘yicha ular ayni dam La Liganing eng zo‘ri bo‘lib turibdi. Demak, hujumlari ko‘p jamoaning realizatsiyasi ham qoyilmaqom.
Himoyada muammolar
Hujumda o‘ta aktiv bo‘lgan "Jirona"ning himoyasidagi muammolar talay ekanligini ham ta’kidlab o‘tish joiz. Ular bir o‘yinda o‘tkazib yuborilgan o‘rtacha gollar bo‘yicha (1.3), "Barselona" (1.2), "Atletiko" (1.2) va "Real"dan (0.6) yomonroq natija qayd etyapti. Biroq klubning ko‘rsatkichlari Gazzaniganing say-harakatlari bo‘lmaganida, bundan ham yomonroq bo‘lishi mumkin edi. Paulo joriy mavsum jami 46 ta seyv amalga oshirib, La Liga darvozabonlari orasida ikkinchi pog‘onani band etgan.
"SofaScore" talqiniga ko‘ra, eng yaxshi reytingga ega futbolchilar:
Alesh Garsiya (Yarim himoyachi)
Statistika: 3 ta gol, 4 ta assist
Jamoaning eng muhim futbolchisi deb biz bemalol Alesh Garsiyani aytsak bo‘ladi. Ispaniyalik yarim himoyachi joriy mavsum "SofaScore" portalidagi reyting ballariga ko‘ra faqatgina Jud Bellingemdan ortda qolmoqda. Shuningdek, paslar aniqligi bo‘yicha ham u yuqori 92 foiz aniqlik namoyish etib, bu borada Frenki de Yongdan keyingi ikkini pog‘onani band etib turibdi. U "Jirona"da hujumlarni tashkil qilish va maydon markazidagi balansni saqlash kabi muhim vazifani o‘z zimmasiga oladi.
Artyom Dovbik (Hujumchi)
Statistika: 11 ta gol, 5 ta assist
Dovbik joriy mavsumda 10.13 x.G'dan 11 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi va u jamoaning eng yaxshi to‘purari hisoblanadi. Har 101 daqiqada kiritilgan gollardan tashqari u pleymeykerlik vazifasini ham yaxshi uddalaydi. Bu gapimga uning assistlar (5) va xavfli vaziyatlar (5) yaratish bo‘yicha statistikasi ham isbot bo‘la oladi.
Savio (Vinger)
Statistika: 5 ta gol, 5 ta assist)
Braziliyalik 19 yoshli talant klubning La Ligadagi muvaffaqiyat qozonishida asosiy sababchilardan biri. Uning dribling qobiliyati hamda tezligi raqib himoyachilarini shoshirib qo‘yadi. Shuningdek, Savio gol va assistlar borasida ham ancha yaxshi statistika qayd etib kelyapti. U bir uchrashuvda o‘rtacha 2.6 ta dribling amalga oshirib kelyapti va shulardan 55 foizi muvaffaqiyat bilan tugamoqda. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha u La Ligada to‘rtinchi pog‘onada bormoqda. Bundan tashqari, Savio 8 ta golli vaziyat yaratgani bilan ham taqsinga sazovor.
Deyli Blind (Himoyachi)
Statistika: 1 ta gol, 2 ta assist
"Bavariya" va MYu kabi klublar sharafini himoya qilgan Deyli Blind joriy mavsum katalon klubi mudofaasi lideriga aylanib ulgurdi. "Jirona" ko‘p hollarda uning tajribasiga suyanmoqda. Taqsinga sazovor jihati shuki, Blind himoyachi bo‘lishiga qaramay, paslar aniqligi borasida beshinchi bo‘lib turibdi (90 foiz aniqlik).
Shuningdek, Gazzaniga, Tsigankov, Errera, Lopes, Stuani, Guterres, Martin hamda Garsiya kabi ijrochilar ham o‘zlarining eng yaxshi o‘yinlari bilan jamoa muvaffaqiyatlariga katta hissa qo‘shmoqda.
Eng asosiy qurol
Jamoaning eng asosiy quroli nima degan savolga men qisqa qilib javob beraman. Bu - Michel. Sabablariga to‘xtalib o‘tsam:
Avvalambor, bu murabbiyning muvaffaqiyati qo‘llayotgan taktikalar rang-barangligi va futbolchilarga total futbol g‘oyalarini singdirib borayotgani, deb baholagan bo‘lardim. To‘g‘risi, "Gvardiola maktabi" anchadan beri futbolda eskirmayapti. Xabi Alonso, Arteta, Xavi va mana endi Michel ham mana shu uslub orqali muvaffaqiyat qozonmoqda. Faqat Michel talab qilayotgan o‘yin manerasidan qarshi hujumlar ham o‘rin olgani ispaniyalik mutaxassisning qirralari ko‘p ekanligini anglatadi. Bundan tashqari, uning jamoasi o‘ta kamtargina tarkib bilan shunday muvaffaqiyat qozonyapti. Xatto Germaniyada furort ko‘tarayotgan "Bayer"ning ham tarkibi "Jirona"nikidan 2.5 baravarga qimmat. Bunday paytda muvaffaqiyat ikki hissa qadrli bo‘ladi, albatta.
Fikrlar