
Shuhrat Aslanov: "Nasaf-Farm" yosh va umidli futbolchilarga imkoniyat berish uchun tuzilgan"
Bugun O‘zbekiston Professional futbol ligasi “Nasaf-farm” jamoasi keyingi yilda ProLiga musobaqalarida ishtirok etmasligini e’lon qildi. Bu holat yurtimizdagi OAVida yoritildi. Muxlislar esa bu xabarni turlicha qabul qilishdi. Klub prezidenti Shuhrat Aslanov ushbu holat bo‘yicha fikrlarini bildirib o‘tdi.
"Nasaf-Farm" jamoasi bu yil 1-liga musobaqalarida chempionlikni qo‘lga kiritdi. Chempionlik futbolchilar va murabbiylar qatori bizni ham xursand qildi, albatta. Musobaqa g‘olibligi esa keyingi mavsumda Pro Ligada ishtirok etish imkoniyatini beradi. Pro Liga musobaqasida esa asosan Superligaga chiqishni maqsad qilgan jamoalar ishtirok etishi barchaga ma’lum.
Farm jamoamizning Pro Liga bellashuvlarida ishtirok etmasligi haqidagi xabar futbolchilar va ularning ota-onalarining dilini biroz xira qilgani aniq. Lekin masalaning ikkinchi tarafi ham bor. “Nasaf” futbol klubida yaxshi tizim yo‘lga qo‘yilgan. Klub qoshida futbol maktabi faoliyat yuritadi. Maktabning U-19 va U-21 yoshdagi tarbiyalanuvchilari ham O‘zPFL musobaqalarida ishtirok etishadi. O‘z-o‘zidan U-19 va U-21 jamoalarida yosh chegarasi sabab o‘yin amaliyotisiz qolib ketayotgan umidli futbolchilar uchun biz aynan “Nasaf-farm” jamoasini tashkil qilgan edik. Biz o‘zimizning maktabdan chiqqan yigitlarga mana uchinchi yildirki, imkon berib kelmoqdamiz. Bu jamoamizning asosiy vazifasi bosh jamoaga yaxshi futbolchilarni etkazib berish edi. Bosh jamoaning qishki yig‘inlarida ham farm jamoasidan futbolchilarni ko‘rikdan o‘tkazish maqsad qilingan.
Farm jamoasining Pro Ligadagi ishtiroki klubning yillik xarajatlari uchun yuklamani oshiradi. Shu sababli jamoa Pro Liga musobaqasida ishtirok etmaydi va 2025 yilda ham 1-Liga musobaqasida qatnashishi ta’minlanadi. “Nasaf”ning rivojlanish strategiyasiga ko‘ra, bu mablag‘lar futbol maktabining barcha jamoalari, U-19, U-21 va “Nasaf-Farm” jamoalarining keyingi yildagi musobaqalarda sifatli ishtiroki uchun sarflanadi", - dedi Shuhrat Aslanov.
Eslatib o‘tamiz, Aslanov yaqinda saytimizga intervyu bergan edi. Quyida ushbu intervyuni tomosha qiling:
Fikrlar