
Shuhrat Maqsudov: "Nasaf" yoqtirgan jamoam!"
“Bunyodkor” bosh murabbiyi Shuhrat Maqsudov “Nasaf”ga qarshi o‘yindan keyin taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
- “Nasaf” yoqtirgan jamoam, buni to‘g‘ri tushuninglar. O‘zim “Bunyodkor” murabbiyiman va jamoam uchun jonimni ham beraman. Faqat oldin ham aytganman, “Nasaf” bilan “Bunyodkor” bir-biriga o‘xshash jamoalar. Shuning uchun fursatdan foydalanib, “Nasaf” jamoasiga yaqinlashib kelayotgan OFK Kubogida omad tilayman. O‘yinga kelsak, juda qiziqarli uchrashuv bo‘ldi, buni oldindan bilgandim. Afsuski, dastlabki daqiqalarda ko‘p xatolarga yo‘l qo‘ydik. Golni ham o‘zimizga-o‘zimiz olib keldik. 20-daqiqadan keyin futbolchilar o‘ziga kelishdi. Keyin biz xohlagan o‘yinni ko‘rsatishdi. Ikkinchi bo‘limda vaziyatlarimiz ko‘proq bo‘ldi. Futbolchilarga rahmat aytmoqchiman.
- Mirahmadov jamoangizda etakchi hujumchilardan biri. Nega uni zaxirada saqlayapsiz?
- Yil boshida bizda futbolchilar borasida biroz muammolar bo‘ldi. Asosiy tarkibdan olti nafar o‘yinchi ketgan. Ularning o‘rnini to‘ldira olmaganmiz. Hozir himoyada ham, hujumda ham izlanyapmiz. Faqat o‘zimizning ichki akademiyamizdan izlayapmiz. Lekin hali bir to‘xtamga kela olmayapmiz. Bugun yaxshi o‘ynasa, keyingisida o‘zini ko‘rsata olmayapti. Shuning uchun barchaga imkoniyat beryapmiz. Bugun Mirahmadov zaxiradan maydonga tushib o‘yinni kuchaytira olishiga ishongandim. Uning imkoniyatlarini yaxshi bilaman. Operatsiyadan so‘ng, tiklanish jarayonida.
- “Bunyodkor” birinchi bo‘limda himoyaviy, ikkinchi bo‘limda hujumkor o‘ynadi. Bu sizning taktikangizmidi?
- “Nasaf” bilan ochiq o‘yin ko‘rsatib bo‘lmaydi. Boz ustiga biz Qarshida o‘ynadik. Raqibni hurmat qilgan holda himoyadan o‘ynadik. Biroq gol o‘tkazgach, bizda yo‘qotish uchun hech nima qolmadi, shu bois hujumga o‘tdik.
- “Bunyodkor” keyingi bosqichga chiqdi. Kubokda ko‘zlangan maqsad nima?
- Bilasizmi, maqsadimiz har bir jamoa singari o‘yinlarda g‘alaba qozonish va chiroyli harakat qilish. U yog‘ini vaqt ko‘rsatadi.
- Ba’zi holatlarda asabiylashganingizni ko‘rdik. Nimalardan ko‘nglingiz to‘lmadi?
- Hamma har xil tushunishi mumkin. Asabiylashishim o‘z o‘yinchilarimning xatolari va imkoniyatlardan foydalana olmagani bilan bog‘liq edi. Boshqa hech kimga e’tirozim yo‘q. Bu – futbol va unda hech kim befarq qarab turmaydi. Jim turgan insongina befarq bo‘ladi.
Fikrlar