“Shuncha qilganimni…” Superliganing 3 turidagi  qovunlar “TOP 5”ligi

  • 20 mart, 2023, 14:35
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Endilikda, SPORTS.uz Superliga tur yakunlariga ko‘ra eng  “yaxshilar”ni aniqlab boradi. Xo‘sh, uchinchi turda kimlar o‘zini yomon tomondan qolganlardan ko‘ra "yaxshiroq" ko‘rsatdi? Bizda beshta variant bor. Matn kattalashib ketmasligi uchun qisqa va lo‘nda tushuntiramiz!

Tecno

5-o‘rin. Nikolay Tarasov / Rustam Lutfulin – aybsiz aybdor

“Kuchli beshlik”ni bir voqeaning ikki antiqahramoni ochib beradi. Shunaqasi ham bo‘ladimi? Bir epizodning ikki qahramoni ham yakunda “kalla qo‘ydi”. “Qizilqum” himoyachisi Nikolay Tarasov hakam penalti nuqtasini ko‘rsatgani uchun Rustam Lutfulinni keskin haqorat qilgach (onasidan so‘kkan deyishmoqda) boshi uzra qizil kartochkani ko‘rdi. Referi VARni ko‘rib, xato qaror qabul qilganini tan oldi va 11 metrlik nuqta beriladigan zarbani bekor qildi. Daxshat-a? Yakunda, Rustam shoshib noto‘g‘ri qaror qabul qilgani uchun o‘z imidjiga putur etkazdi. Bunga reaktsiya bildirmoqchi bo‘lgan Tarasov uchun o‘yin erta yakunlandi. Bu erda “Qizilqum” futbolchisini oqlashning imkoni yo‘q. Bu ko‘chadagi do‘stlar bilan yig‘ilib, 25 ming so‘mdan pul tashlashib, maydonni 2 soat ijaraga olib to‘p tepish emas. Professional liga! Og‘zidan chiqayotgan so‘zlariga bo‘lgan e’tiborsizlik “Qizilqum”ni juda muhim ochkolardan mahrum qildi. Hakam esa biroz pauza ushlamagani uchun o‘zi istamagan holda bahs natijasiga ta’sir ko‘rsatib qo‘ydi. Barchasini chetdan tomosha qilgan “Metallurg” bitta gol urib, mavsumdagi ilk  3 ochkosini ishlab oldi.

4-o‘rin. Oston O‘runov – jamoasiga ortiqcha yordam berib yuborgan “xaloskor”

Bugun bu bahs haqida ko‘p va ho‘p to‘xtalamiz. Sabablar bisyor. Samvel Babayan “sherlar”ga qarshi o‘ylab chiqqan o‘yin mexanizmi 1:30 soniya ham tekshirib olishga ulgurmay qoldi. O‘yin startidayoq Oston O‘runov qo‘pol xato qilib to‘pni o‘z jarima maydonchasi oldida oldirib qo‘ydi. Qarabsizki, Alijonovning uzatmasini Sayfiev darvozaga mixlab qo‘ydi. Tamom. Reja, strategiya, oldindan o‘ylagan barcha narsa bir zumda rasvo bo‘ldi. Oston o‘zi bilmagan holda “Navbahor” kuchli bosim ostida qolib ketishiga sababchi bo‘lib qoldi. Keyin aybini yuvish maqsadida agressiv harakatlarni boshladi. Sariq kartochka oldi va ikkinchi bo‘limda murabbiy o‘zini bosolmayotgan shogirdini zaxirada qoldirdi. “Lochinlar” a’zosi o‘sha kuni o‘zi istamagan holda jamoasiga pand berib qo‘ydi.

3-o‘rin. Abdulvohid G‘ulomov – “shamollar hukmdori”

Iya, “Andijon” himoyachisi bu erlarda nima qilib adashib yuribdi, deb hayron bo‘lmang! Vodiyda “burgutlar”ning “Bunyodkor” oldida ip esholmay qolishida Abdulvohid G‘ulomov “qo‘lidan kelgan barcha ishni” qildi!

Birinchi epizod: 3 sherigi turgan bir paytda, to‘pni boshi bilan 2 metr masofaga aniq etkazib bera olmadi. Natijada, birinchi gol o‘tkazib yuborildi. Birinchi golda G‘ulomov bemalol aybni to‘liq o‘z bo‘yniga olishi mumkin.

Ikkinchi epizod: O‘z zonasini himoya qilish maqsadida Doniyor Abdumannopovni ortidan quvgan futbolchini harakati yosh himoyachilar uchun chinakam antio‘rnak vazifasini bajarib berishi mumkin. Personal o‘ynayotgan raqibni zarba zonasiga ortiqcha qiyinchiliksiz chiqishini “ta’minlagan” yigit o‘zi istamay “Andijon” darvozasiga ikkita gol “olib keldi”. Qanot himoyachilari “katta o‘yinlar”ni jamoasi uchun yutib berayotgan bir paytda, G‘ulomov huddi shu ishni teskarisini qildi. "O‘ta go‘zal"!!!

2-o‘rin. Vadim Agishev – “kompasini yo‘qotgan yo‘lovchi”

Bosh hakam o‘yinni yaxshi boshladi, keyin voqealar rivoji undan ilgarilab ketdi. Birinchi penaltining bor yoki yo‘qligini aniqlagunimizga qadar Temurxo‘ja Abduholiqovning 50/50 vaziyatda urgan goli hisobga olinmadi. Ko‘p o‘tmay, bahsli yana bir penalti belgiladi. Umuman olganda, bahs analiz qilinsa, deyarli barcha muhim epizodlarda hakam birinchi planga chiqib ketganini ko‘rish mumkin. O‘yindan so‘ng O‘zFHM rasman hakamlar qabul qilgan qarorlar ekspertlar tomonidan ko‘rib chiqilishini e’lon qildi. Vaziyatni hamma har hil talqin qilmoqda. Shunga qaramay, 3-turning markaziy bahsida asosiy “qovunni tushirgan” Agishev emas…

1-o‘rin. Yovan Jokich – “Shuncha qilganimni…”

Bir kishi kam bo‘lib qolib, hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqada 11 metrlik nuqtadan noaniq zarba yo‘llagan Jokich “TOP-5”da qolganlardan ancha ilgarilab ketgancha birinchi pog‘onani band etdi.

Zarbani tomosha qiling!

Yovan eng muhim pallada, bosimni engib o‘tib, jamoasi uchun omadsiz o‘yinni 1 ochkoga aylantirishi mumkin edi. “Navbahor” ishqibozlari hali-hamon amalga oshirilmagan penalti aks etgan videoni tomosha qila olishmayapti.

Bolqonlik yigit nafaqat 3-turning, balki chempionatning burilish nuqtasini yasab berishi mumkin bo‘lgan penaltini ko‘kka sovurdi. Undan boshqasi bu turda birinchi o‘ringa loyiq emas!

Norboy Muallim

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Hh Hh
21/03/2023 08:23
Туп тепган аёгинга к •♪^•••гим.Йован жукич