Sindarov ishtirok etadigan shaxmat turnirida mukofot jamg‘armasi 10 ming dollarga yetkaziladi

  • 12.05.2026 18:45
  • Muhammadqodir Ruzmatov
  • 0
  • Shaxmat
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

“Chess.com” 2026 yil 2 iyundan boshlab “Titled Tuesday” turnirining haftalik mukofot jamg‘armasi 10 ming dollarga yetkazilishini rasmiy e’lon qildi. Shu tariqa, turnirning yillik umumiy sovrin puli 500 ming dollardan oshadi. Bu esa avvalgi ko‘rsatkichdan uch baravar ko‘p degani.

2014 yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan “Titled Tuesday” onlayn shaxmat olamidagi eng mashhur haftalik turnirlardan biri hisoblanadi. Unda Magnus Karlsen, Hikaru Nakamura, Javohir Sindarov, Nihal Sarin kabi grossmeysterlar muntazam qatnashib kelmoqda. Turnir nafaqat professional shaxmatchilar, balki muxlislar uchun ham katta qiziqish uyg‘otadi.

“Chess.com” vakili Denni Renshning aytishicha, platforma bundan buyon ham titul egalari uchun yuqori saviyadagi turnirlar va adolatli o‘yin tizimini rivojlantirishda davom etadi.

Yangi tizimga ko‘ra, 10 ming dollarning 7,5 ming dollari asosiy natijalar uchun ajratiladi. Turnir g‘olibi esa 2500 dollar ishlab oladi.

Shuningdek, qolgan 2500 dollar bonus mukofotlari sifatida taqsimlanadi. Jumladan, eng yaxshi ayol shaxmatchi, eng yaxshi yosh o‘yinchi, eng yaxshi strimer, eng chiroyli yurish muallifi va boshqa nominatsiyalar uchun ham alohida sovrinlar beriladi.

Yana bir qiziqarli yangilik — “Perfect Score Bounty”. Agar biror shaxmatchi turnirni 11 ta partiyaning barchasida g‘alaba bilan yakunlasa, maxsus bonusga ega bo‘ladi. Agar hech kim bunga erisha olmasa, bonus summasi keyingi haftaga o‘tib boraveradi.

Ma’lumot uchun, “Titled Tuesday” 2025 yildan boshlab “Esports World Cup” tizimiga ham qo‘shilgan edi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!