“Siti” Husanov yordamida tarixiy rekord o‘rnatdi
“Manchester Siti” ikki nufuzli musobaqa – Angliya kubogi va Angliya ligasi kubogidagi barcha oʻyinlarda gʻalaba qozongan ilk klubga aylandi.
“Shaharliklar” tarixda bir mavsum ichida Angliya kubogi va Angliya ligasi kubogidagi barcha uchrashuvlarni yuz foizlik muvaffaqiyat bilan yakunladi.
Bu haqida Opta xabar berdi.
Angliya kubogida Xosep Gvardiola shogirdlari “Ekseter Sitini 10:1, “Solford Siti”ni 2:0, “Nyukasl Yunayted”ni 3:1, “Liverpul”ni 4:0, “Sautgempton”ni 2:1 hisobida magʻlub etdi va finalda “Chelsi”dan 1:0 hisobida ustun keldi.
Angliya ligasi kubogida esa, manchesterliklar “Xaddersfild Taun”ni 2:0, “Suonsi Siti”ni 3:1, “Brentford”ni 2:0, “Nyukasl Yunayted”ni 2:0 va 3:1 hisobida magʻlubiyatga uchratdi, hal qiluvchi bahsda esa “Arsenal”ni 2:0 hisobida taslim qildi.
Hozirga kelib, “Manchester Siti” hisobida sakkizta Angliya kubogi va toʻqqizta Angliya ligasi kubogi bor.
Abduqodir Husanov “shaharliklar”ning gʻalabasi bilan yakunlangan har ikki turnirda beshta dan uchrashuvda maydonga tushib, jamoasi muvaffaqiyatiga oʻz hissasini qoʻshdi.

Fikrlar